O‘zbekistondagi ilk smart universitet
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida smart universitet loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu an’anaviy tizimdan yangi modelga, ya’ni raqamli texnologiyalarga asoslangan yagona ta’lim muhitiga o‘tilishini anglatadi. Ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha Turkiyaning “Informascope” kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Xalqaro tajriba bugungi raqobat muhitida smart universitet g‘oyasini ro‘yobga chiqara oladigan oliy ta’lim muassasalari yetakchilik qilishini ko‘rsatmoqda. Aynan universitetlar yurtimiz taraqqiyotini belgilovchi smart ta’lim, smart iqtisodiyot va smart jamiyat uchun namuna vazifasini o‘tashi lozim. Smart universitet g‘oyasini amalga oshirishda bir qancha vazifalar o‘zaro uzviylikda amalga oshirilishi lozim.
Avvalo, ta’lim muassasasi uchun optik tolali hamda Wi-Fi texnologiyali korporativ tarmoq yaratilishi shart. Shunda muassasaning barcha xodimlari, pedagoglar va talabalar uchun tarmoqdagi kompyuter parkidan erkin va qulay foydalanishni nazarda tutuvchi real va virtual ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Tarmoq turli bino, bo‘lim va shaxslarga bog‘liq bo‘lgan to‘siqlardan xoli, yagona axborot almashinuv va muloqot muhitini yuzaga keltiradi. Tarmoqni yaratishda uning doimiy ravishda kengayib, mukammallashib, yangilanib borishini e’tiborga olish lozim.
Videokuzatuv, elektron davomat, hujjat almashinuvi, kutubxona va o‘quv jarayonlarini avtomatlashtirish aqlli texnologiyalarga asoslangan smart universitetning muhim jihatidir.
Smart universitetni joriy qilish uchun boshqaruvni optimallashtirish talab etiladi. Bunda ma’lumotlarni muvofiqlashtiruvchi terminallar, ya’ni o‘quv jarayonlarini muvofiqlashtirish uchun ta’lim terminali, axborot-resurs va ta’lim resurslarini muvofiqlashtirish uchun kutubxona terminali, xo‘jalik faoliyatini muvofiqlashtirish uchun moliya-iqtisod terminalini joriy etish zarur.
Hozir universitetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan elektron kutubxona bo‘lg‘usi smart muhitning asosiy tayanch qismidir. Unda tashkil etilgan terminal auditoriyada turib qidirilayotgan manbalarni tezlik bilan topish va foydalanish uchun zamonaviy kompyuter va internet texnologiyalarini o‘zida mujas¬samlashtirgan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘magida universitet elektron kutubxonasida Scopus, ProQuest, ARMAT, library.uz kabi axborot bazalaridagi to‘liq matnli resurslardan cheklovsiz foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Hozir raqamli texnologiyalarga asoslangan, kutubxona, o‘quv korpuslari va talabalar turarjoyini birlashtiruvchi universitet raqamli kempusini yaratish ishlari boshlandi. Raqamli kempus texnologiyasi respublikamizda oliy ta’lim tizimida joriy etilgan elektron ta’lim platformasi negizida onlayn audio-videokonferensiyalar va xorijiy mutaxassislar bilan onlayn leksiyalar tashkil qilish imkoniyatini kengaytiradi.
Kelgusida universitetning rasmiy sayti — www.tdpu.uz ta’lim portali darajasida faoliyat yuritadi. Bu vazifani amalga oshirishda universitetda tadqiq qilingan intellektual ta’lim tizimlariga oid ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish nazarda tutilgan. Sayt faoliyatini modernizatsiyalash orqali talabalar o‘rtasida keng ommalashayotgan mobil ilovalardan foydalanish, to‘lovni amalga oshirish va geopozitsiyani aniqlash funksiyalari ishga tushiriladi.
Ushbu portal talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yagona o‘quv-metodik ta’minotni amalga oshirish bilan birga ota-onalar, ish beruvchilar hamda turli davlat tashkilotlarining universitet bilan tezkor virtual axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga imkon yaratadi.
Bugun aholi, ayniqsa, talaba-yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini inobatga olib, smart universitet tizimida o‘quv, o‘quv-metodik manbalarni talaba va professorlarga yetkazishda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan maksimal darajada foydalaniladi. Ayniqsa, turli mavzularda ijtimoiy so‘rov, tadqiqotlar o‘tkazish, universitet hayotiga oid muhim masalalar bo‘yicha tezkor muhokama tashkil etishda ijtimoiy tarmoqlarga integratsiyalangan tizim tez va samarali ishlaydi.
Universitetdagi barcha tizimlarni ta’lim oluvchilar manfaatiga qaratgan holda ishlab chiqish ma’lumotlarni saqlashning ulkan hajmdagi dasturiy-texnik imkoniyatlarini yaratishni, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlovchi server o‘rnatishni talab etadi. Bu smart universitetning antiplagiat tizimini ishga tushirish uchun zarur bazani shakllantirish imkonini beradi.
Shavkat SHARIPOV, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori, professor