8000 dan ziyod talabaga 1 psixolog
Yangi o‘quv yili boshlanganiga ikki haftadan oshgan edi. Talabalarning ruhiyati va oilasidagi psixologik muhitni aniqlash uchun so‘rovnoma tarqatildi. Unda talabaning shaxsiy hayotiga oid savollar aks etgan, o‘zlashtirishi, kirishimliligi, oilaviy ahvoli g‘aliz jumlalar yordamida so‘ralgandi. So‘rovnoma talabaning muammosi haqida so‘ralgan savol bilan tugaydi. Qizig‘i, savollar talabaga 2-shaxsda (o‘zlashtirishingiz, kirishimlimisiz?) emas, balki 3-shaxsga murojaat qilingan (o‘zlashtirishi, kirishimlimi?) tarzida tuzilgan ekan.
Har bir ta’lim muassasasida psixolog faoliyat olib boradi. Masalan, maktablarda 400, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida 500 o‘quvchiga bir nafar psixolog biriktirilgan. Biz ko‘rgan OTMda esa talaba sonidan qat’i nazar, bir psixolog faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifasi talabalarning ruhiyati muammosidan xabardor bo‘lish, oila a’zolari bilan munosabatini o‘rganish, muassasada psixologik muhit barqarorligini ta’minlashdir. Ayni jarayonda esa bir nafar psixologning oliy o‘quv yurtidagi barcha talabalarni to‘liq qamrab olishi qiyin.
— OTMda psixologning vazifasi universitetdagi barcha talabalar bilan birdek ish olib borish, xususan, har birining muammosi bilan yaqindan tanishish va ular bilan alohida ishlash, oilaviy muhitida muammolar, o‘zlashtirishiga to‘sqinlik qiluvchi omillar bo‘lsa, ularni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatishdan iboratdir, — deydi psixolog Zulayho Xayrullayeva (muayyan sabablarga ko‘ra respondentning ism-familiyasi o‘zgartirildi). — Buning uchun psixologga, qulay sharoit yaratish, ya’ni mijozlar bilan ishlash uchun alohida xona ajratilishi kerak. Oliy ta’lim muassasamizda qamrov yuqori bo‘lgani uchun talabalar bilan individual shug‘ullanish ancha mushkul. Shuning uchun hozir hafta kunlarini fakultetlarga taqsimlab chiqdim. Biroq baribir vaqt yetmayapti.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 8 mingdan ortiq talaba o‘qiydi. Endi bir psixologning shuncha yigit-qiz bilan ishlashini tasavvur qilib ko‘ring. Demak, oliy o‘quv yurtida ham talabalar soniga qarab psixolog shtati ajratilishi kerak.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari bilan ham shu masala yuzasidan suhbatlashdik.
— Bitiruvchi kurs bo‘lishimga qaramay, hali biror marta universitetimiz psixologi bilan uchrashganim yo‘q. U haqida hech qanday ma’lumotga ega emasman, — deydi 4-kurs talabasi Odilbek Safarov. — Balki o‘zim qiziqmaganim va ishim tushmagani uchun bilmasman. Lekin guruhimizda na trening o‘tilgan, na psixolog haqida ma’lumot berilgan.
Yana bir talaba psixolog yil boshida bir marta ko‘ringani, u ham bo‘lsa, dars vaqtida o‘z vazifasi qolib, forma masalasida talabalarga tanbeh berganini esladi.
Talabalarning so‘zi haqiqatga qanchalik yaqinligini aniqlash maq¬sadida universitetga psixologni izlab bordik. Qabulxona navbatchisiga maqsadimizni anglatganimizdan so‘ng u psixolog xonasi yopiqligini, qachon ochilishini bilmasligini, psixolog anchadan beri ishga kelmayotganini aytdi. Shu masala xususida Toshkent davlat kimyo-texnologiya instituti talabalari fikri bilan ham qiziqdik. Ularning javobidan hafsalamiz pir bo‘lib, psixologni izlash befoydaligini angladik.
Kuzatuvlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, oliy ta’lim muassasalarining aksariyatida psixolog umuman ishlamaydi yoki ishlasa ham faoliyati samarasiz. Sababi, talaba ko‘p, psixolog esa bitta. Ammo bu psixolog ishlamasin yoki rasmiyatchilik uchun qog‘oz to‘ldirish bilan shug‘ullansin, degani emas. Nega o‘qituvchining ish faoliyati doim nazoratda-yu, psixologlar bilan hech kimning ishi yo‘q? Psixiloglardan natija kutilmagani uchun ham ular ishlarga jiddiy qarash¬maydimi? Soha vakillariga OTMda qanday maqsadda o‘rin ajratilgan? Qanday nizomga asosan ular faoliyat olib boradi? Shu kabi qator savollarga javob olish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildik, ammo ulardan ham javob ololmadik. Hali unga qo‘ng‘iroq qiling, hali bunga deb turli raqamlarni berishdi. Bir necha bor qo‘ng‘iroq qilganimizdan so‘ng raqam egalari “Mening vakolatimga kirmaydi”, “Telefonlar bitta tarmoqqa ulangan, menga adashib tushdingiz, boshqa odam javob beradi” qabilida javob berdi. Xullas, savolimiz javobsiz qoldi. Ammo masala biz uchun hamon muhimligicha qolmoqda.
E’tibor YUSUPOVA, talaba