Nega aynan Amiti universiteti tanlandi?
2019-2020-o‘quv yilida yurtimizda yana bir yangi oliy ta’lim muassasasi — Amiti universiteti(Hindiston) filiali talabalikka qabul qiladi. Mamlakatimizda aynan ushbu universitet filialining ochilishi bejiz emas.
Zero, Hindiston yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, dasturlash, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish sohalarida dunyoda yetakchi davlatlar qatorida turadi. Ayni shu sohalar rivojiga katta e’tibor qaratayotgan mamlakatimiz uchun esa mazkur davlatning tajribasi va texnologiyalari nihoyatda muhim ahamiyatga ega.
Amiti universiteti Hindistonning yirik va yetakchi xususiy oliy ta’lim muassasasi. Hozirgi kunda axborot texnologiyalari, moliya, adliya, iqtisod va boshqa sohalar uchun 300 dan ortiq ta’lim turlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. 150 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan bu universitetning asosiy kompusi Hindistonning Noida shahrida joylashgan. «Times Higher Education» va «QS Ranking» xalqaro reytingiga ko‘ra universitet dunyodagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari mingtaligiga, Osiyo mintaqasi reytingi bo‘yicha 300 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasi orasidan o‘rin olgan. Hindistonning 11 shahrida universitet kompuslari hamda dunyoning 12 ta xorijiy davlatida filiallari mavjud.
— Prezidentimiz tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ravnaqiga iqtisodiyot va jamiyatni rivojlantiruvchi asosiy omillardan biri sifatida katta e’tibor qaratilmoqda, — deydi Axborot texnoloqiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining AKT sohasida ilmiy tadqiqotlarni va kadrlar tayyorlashni muvofiqlash bo‘limi bosh mutaxassisi Sherzod Saidrasulov. — AKT sohasi rivojida kadrlar salohiyati muhim omillardan biri hisoblanadi. Oliy ta’lim yo‘nalishida izchil rivojlantirilayotgan xalqaro hamkorlik samarasida O‘zbekistonda xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarining 10 dan ortiq filiallari, jumladan, Buyuk Britaniyaning Xalqaro Vestminster universiteti, Janubiy Koreyaning Inha universiteti, Italiyaning Turin politexnika universiteti, Singapur menejmentni rivoj¬lantirish instituti, Rossiyaning M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot, I.Gubkin nomidagi Rossiya neft va gaz universitetlari va boshqa davlatlar oliy ta’lim muassasalarining filiallari faoliyat yuritmoqda.
Yurtimizda Prezidentimizning 2019-yil 7-yanvardagi “Toshkent shahrida Amiti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan universitet filialida o‘qitish tizimi Amiti universiteti o‘quv dasturlari, rejalari va baholash tizimiga muvofiq olib boriladi. Dastlab universitetda dasturiy ta’minotni ishlab chiqish axborot tizimlari, kompyuter tarmoqlarini boshqarish va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlar 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Dars mashg‘ulotlari ingliz tilida olib boriladi. Talabalar ta’limning kunduzgi, sirtqi va kechki shakllarini tanlash va o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Amiti universitetining mutaxassislik bo‘yicha belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
AKT sohasini rivojlantirish, investitsiya maydonini kengaytirish, hayotimizga yangi innovatsiyalarni joriy qilishda mazkur universitetning ahamiyati muhim. Bu 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida ham o‘z ifodasini topgan.
Fayoza AVLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri