Toshkent davlat sharqshunoslik institutida turk tilini o‘qitish uchun turkiyalik professorlar jalb qilinadi
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida turk tilini o‘qitish uchun turkiyalik professorlar jalb qilinadi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy telegram kanali xabar tarqatdi.
Bu borada kelishuvga 2019-yilning 14-yanvar kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisining ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ali Eyyupkoja, Kavkaz universitetlari assotsiatsiyasi Prezidenti professor Ramazan Korkmaz va “Tümosan Azia” kompaniyasi vakili Mithat Kara bilan bo‘lgan uchrashuvda erishildi.
Muzokaralarda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Turkiyaning bir qator nufuzli universitetlari bilan qo‘shma kafedralar ochish masalalari ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Toshkent davlat sharqshunoslik institutda 240 nafar talaba chet tili sifatida turk tilini o‘rganmoqda va ularga Turkiy tillar kafedrasining 19 nafar fan nomzodi hamda 4 nafar fan doktori tahsil berib kelmoqda.