Abituriyentlar bilimi nega past?
Oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test imtihoni o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, ayniqsa, akademik litseylar uchun g‘alvirni suvdan ko‘taradigan payt bo‘lishi kerak edi. Afsuski, o‘tgan yillar mobaynida farzandlarimizning bilimi natijasi ta’lim tizimining hech qaysi bosqichini qiziqtirmadi. Abituriyentning bilimi nega past, degan savolga akademik litseylar “Bizda o‘quvchilarni saralab olish huquqi yo‘q, qamrab olish majburiyati bor, aksariyat qabul qilganlarimizning bilimi haminqadar”, degan vaj ko‘rsatdi.
Ish beruvchilar oliy ta’limdan kuchli mutaxassis yetishib chiqmayotgani, hatto bitiruvchilar ishga kirish uchun arizani savodli yozolmasligini ta’kidlardi. O‘quvchining bilimi, salohiyati uchun faqat xalq ta’limi mutasaddilari javobgar bo‘ldi.
Davlat test markazi o‘tkazgan abituriyentlarning test natijalari tahlili va statistikasi respublikamizdagi umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida berilayotgan ta’lim sifati va saviyasini o‘rganish, joylardagi fanlarni o‘qitish, kasb-hunarga yo‘naltirish ishlari bilan bog‘liq muammolarni aniqlash imkonini beradi.
Yoshlar ko‘proq qaysi sohalarga qiziqdi?
Oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan gumanitar; ijtimoiy soha, iqtisod va huquq; ishlab chiqarish va texnik; qishloq va suv xo‘jaligi; sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot; xizmatlar sohalari bo‘yicha hujjatlar qabul qilingan. Hujjat topshirgan abituriyent¬larning sohalar bo‘yicha taqsimoti 2017-yil bilan taqqoslanganda gumanitar, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot hamda xizmatlar sohalariga 2018-yilda kelib tushgan arizalar soni ortgan (+1,73; +1,53; +0,73 foiz). Ishlab chiqarish va texnik; qishloq va suv xo‘jaligi sohalariga bir yil oldingiga qaraganda talab kamaygan (-2,47; -1,79 foiz). Buni, mintaqalarning mavjud an’analari, iqtisodiyot, ishlab chiqarishning turli tarmoqlari rivoji, mavjud ahvol, jamoatchilik fikri va boshqalar bilan bog‘lash mumkin. Bundan tashqari, yoshlarda guma¬nitar, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot hamda xizmatlar sohasi bo‘yicha o‘qisam, kelgusida hayotda o‘z o‘rnimni bemalol topaman, degan ishonch kuchaymoqda. Masalan, yurtimizda so‘nggi paytlar o‘qituvchi va shifokorlar mavqeyi oshayotgani, turizmning rivojlanishi kabilar abituriyentlarga turtki beryapti. Biroq o‘quvchilarda ishlab chiqarish texnologiyasi, muhandislik ishi ta’lim yo‘nalishlari va ulardagi kasblar bo‘yicha tushunchalar yetarlimi? Bunday yo‘nalishdagi kasblarni tanladi ham deylik, ertaga o‘qishni bitirgach, qayerda ishlashini tasavvur qila oladimi? Negaki, yurtimizning turli hududlarida investitsiyalarni jalb etish orqali sanoat, ishlab chiqarishni rivojlantirish, turli tarmoqlarni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar kundan-kunga kuchaymoqda. Bu, o‘z navbatida, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarini yangicha tashkil qilishni talab etadi.
2018-yili gumanitar sohaga hujjat topshirish bo‘yicha surxondaryolik, farg‘onalik, qashqadaryolik, samarqandlik abituriyentlar peshqadam bo‘ldi.
Qaysi hudud abituriyentlari bilimli?
Buxoro azaldan ilm o‘chog‘i sifatida e’tirof etilgan. 2018-yilgi test natijalari ham buni yaqqol isbotladi. Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning viloyatlar kesimidagi taqsimotida ham bu viloyat yoshlari birinchi o‘rinda. O‘tgan yili 30 590 nafar buxorolik abituriyentning 6078 nafari talaba bo‘lgan. Navoiyilik yoshlardan esa 22 ming hujjat kelib tushgan bo‘lib, 3788 hujjat egasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga tavsiya qilingan.
Natijalar bo‘yicha eng past ko‘rsatkichni andijonlik va sur¬xondaryolik yoshlar ko‘rsatgan. Masalan, Surxondaryo yoshlarining 63 951 nafari hujjat topshirib, atigi 5374 nafari o‘qishga qabul qilingan.
Yana bir qiziq fakt, oliy ta’lim muassasalari kesimida o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini 2017-yil va undan oldin bitirganlarning o‘qishga kirish foizi 2018-yili tamomlaganlarga nisbatan yuqori ekan.
Ballar bo‘yicha OTMlar reytingi
Test natijalariga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universitetiga davlat granti asosida qabul qilingan¬larning eng yuqori to‘plagan bali — 218,1 ni tashkil etgan (ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan OTMlar bo‘yicha). To‘lov-shartnoma bo‘yicha esa birinchilik 164,1 ball bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida. Afsuski, eng quyi o‘ntalikda Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali (95,3), Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali (94,2), Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali (94,1), O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali (93,6), Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti (93,5), Jizzax politexnika instituti (92,9), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali (92,7), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (91,8), Namangan muhandislik-qurilish instituti (90,8), Namangan muhandislik-texnologiya instituti (90,5) turibdi. Natijalardan xulosa qilish mumkinki, davlat granti asosida o‘qishga tavsiya qilingan bu abituriyentlar 1- va 2-darajali fandan ham yetarlicha bilimga ega emas. Xo‘sh, ularni davlat granti asosida o‘qitish o‘zini qanchalik oqlaydi? Bu borada filiallarning holatini tushunish mumkin. Sababi, ularning ba’zilari kirish test imtihonlari bo‘lib o‘tgandan so‘ng tashkil etildi. Biroq necha yillardan beri faoliyat olib borayotgan OTMlarga abituriyentlarning past ko‘rsatkich bilan o‘qishga qabul qilinishini qanday izohlash mumkin? Masalan, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga davlat granti asosida qabul qilinganlarning eng yuqori bali 93,5. Hatto bir necha filiallariga ega Toshkent davlat agrar universitetiga ham o‘tish bali 97,3 bo‘lgan. Umumta’lim fanlarini chuqur o‘zlashtirmagan o‘quvchi talaba bo‘lgach, fundamental, umumkasbiy va kasbiy fanlarni qanday o‘zlashtirishini tasavvur qiling.
Shuningdek, abituriyentlar eng past ball bilan to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga tavsiya qilingan OTMlar o‘ntaligiga Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Farg‘ona filiali, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali, Jizzax politexnika instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali kirgan (75,8–69,7 ball oralig‘ida).
Yana o‘sha savol: bunday ball bilan o‘qishga kirgan talaba fanlarni qanday o‘zlashtiradi? O‘qishni tamomlab, diplomli mutaxassisga aylangach, ish beruvchining ishonchini oqlay oladimi?
“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan. Bu tizimning tasdiqlanishi abituriyentlarning puxtaroq tayyorgarlik ko‘rishiga xizmat qilsa, ajabmas.
Abituriyentlarning testdagi bunday past ko‘rsatkichi sabablarini quyidagi omillarga bog‘lash mumkin: birinchidan, oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy marketing tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Ikkinchidan, ayrim hududlarda aniq va tabiiy fanlar sust o‘qitiladi. Shuning bilan birga joylarda kasbga yo‘naltirish ishlari qoniqarli emas. Uchinchidan, viloyatlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalari asosida kadrlar tayyorlash masalasiga hokimliklarning munosabati sezilmaydi. Navbatdagi maqolamizda bu omillarni tahlil qilishga harakat qilamiz.
Abror UMARQULOV,
“Ma’rifat” muxbiri