Virtual ta’lim olib, korxonada ishlash mumkin(mi?)
Chet eldagi nufuzli universitetlarda millionlab yoshlar tahsil oladi. Qizig‘i, ularning ko‘pchiligi virtual tarzda o‘qib-o‘rganadi. O‘qish davomida onlayn-test va imtihonlar topshiradi, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar maxsus sertifikatlarni qo‘lga kiritadi. Mazkur sertifikatlar yo‘nalishi bo‘yicha tegishli korxona va tashkilotlarda ishlash huquqini beradi.
Urganch davlat universiteti jamoasi xorij tajribasi asosida virtual o‘qitish loyihasiga qo‘l urdi. Universitet Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tashkil etilgan akademik innovatsiya fondi grantlar tanlovida ishtirok etib, “2019—2020-yillarda zamonaviy onlayn o‘quv markazi yaratish” loyihasi bilan Jahon bankining 50 ming AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘ini qo‘lga kiritdi.
— 2018-yili yozda Shveytsariyaning Lozanna politexnika universitetida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada virtual ta’limning afzalliklari muhokama qilindi. Shundan keyin bizda ham zamonaviy onlayn o‘quv markazi yaratish g‘oyasi tug‘ildi, — deydi loyiha ijrosi mas’ul kotibi Xosiyat Shixova. — Xorijning nufuzli universitetlari tajribasi asosida mazkur loyihani ishlashga kirishdik. Shveytsariya, Ispaniya, Malayziya, Xitoy, Hindiston, Polsha, Belgiya, Ukraina, Rossiya kabi davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida o‘zlashtirgan tajribalarimiz asosida mazkur loyihani yaratdik. Tanlovga topshirilgan 90 ta loyiha ichida ishimiz g‘olib bo‘lganini eshitib quvondik. 2019—2020-yillarda ushbu loyiha doirasida belgilangan ishlarni amalga oshiramiz. Dastlab 10–15 ta fan bo‘yicha kurslar yaratilib, o‘qituvchilar masofaviy ta’lim berish bo‘yicha o‘qitiladi. 20 oy davom etadigan loyihada pedagoglar chet el oliy ta’lim muassasalariga borib, malaka oshirib qaytadi. Xususan, Shveytsariyaning Lozanna politexnika va Ispaniyaning Kantabriya universitetlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun elektron o‘quv dasturlar, foto-video qo‘llanma disklari yaratish kerak. Bunday dasturlarni yaratish uchun, avvalo, mini-studiyalar tashkil etish zarur. Shundan so‘ng maxsus dasturlar asosida masofaviy o‘qish tizimi yaratiladi. Bunday tizim yaratilgandan so‘ng, xuddi xorijda bo‘lgani kabi har qanday kishi o‘zi qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha virtual tarzda ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi. Eng muhimi, mazkur onlayn tizimda o‘qigan kishi maxsus sertifikatga ega bo‘lib, korxona va tashkilotlarda ishlashi mumkin.
Hasan MO‘MINOV