Qaysi tuman abituriyentlari bilimli?
Birinchi maqolamizda Buxoro va Navoiy viloyatlari yoshlari oliy o‘quv yurtiga kirish bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rinda ekanini yozgandik. Qarangki, ularning o‘qituvchilari ham o‘tgan yili o‘z tajribalarini o‘rtoqlashish maqsadida gazetamizga eng ko‘p metodik material yuborgan ekan. Albatta, bunday solishtirish ham nisbiydir. Ammo raqamlarga qarab aytish mumkinki, mahoratli o‘qituvchilar safining kengayishi sifatli ta’limga, bilimli, iqtidorli o‘quvchilar ko‘payishiga xizmat qiladi.
Abituriyentlarning o‘qishga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha tumanlar kesimidagi holatni ko‘zdan kechirsangiz, kelgusida hududlarni kadrlar bilan ta’minlash istiqboli qay ahvoldaligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki bugungi talaba ertaga o‘z tumani rivojiga hissa qo‘shadigan mutaxassisga aylanadi. So‘nggi yillarda kadrlar yetishmasligi haqida tez-tez aytilyapti.
Aslida, yuzaga kelgan mazkur muammoning ildizi tumanlarda o‘quvchilarning oliy ma’lumot olishga bo‘lgan qiziqishining susayishi yoxud oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirolmasligi bilan ham bog‘liq. Mahalliy yoshlar o‘qishga qiziqmasa, qiziqsa ham yetarlicha bilim ololmasa, olis qishloqda ishlash zavqi so‘ngan bo‘lsa, boshqa kadr bo‘lmagani uchun dars berib yurgan pensiyadagi muallim yoki ko‘proq daromad ilinjida shahardagi xususiy klinikada ishlayotgan shifokor o‘rnini to‘ldiradigan yosh mutaxassislar qayerdan ham kelardi?
O‘tgan yili respublikamizning eng ko‘p abituriyent talabalikka tavsiya etilgan o‘n tuman(shahar)idan yettitasi Buxoro viloyatidan(Shofirkon, Vobkent, Peshku, Qorako‘l, G‘ijduvon, Qorovulbozor tumanlari, Buxoro shahri) bo‘lsa, qolgani Navoiy viloyatida (Zarafshon, Navoiy shaharlari, Qiziltepa tumani) joylashgan. Ularda o‘qishga kirganlarning hujjat topshirganlarga nisbati 19,7–22,1 foizdan iborat. Masalan, Shofirkon tumanidan 3172 nafar abituriyentning 722 nafari OTMda o‘qishga tavsiya etilgan. Qiziltepalik 2377 nafar yigit-qizning 501 nafari talabalar safiga qo‘shilgan.
Bu borada ko‘rsatkichi past bo‘lgan tumanlarga Angor, Oltinko‘l, Sariosiyo, Arnasoy, Izboskan, Asaka, Andijon, Sherobod tumanlari va Qorasuv shahri kirgan. Talabalikka da’vogarlik qilgan 349 nafar angorlik yoshning 269 nafari o‘qishga kirgan bo‘lsa, 4977 nafar sherobodlik abituriyentdan bor-yo‘g‘i 5,7 foizi test sinovida yetarlicha ball to‘play olgan.
Tuman hokimligi saytida keltirilishicha, Sherobod tumanida 7 ta shifoxona, 19 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, 70 ta maktab, 24 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 15 ta axborot-resurs markazi,608 ta fermer xo‘jaliklari, 23 ta sanoat korxonasi mavjud. Albatta, bu korxona va tashkilotlarni zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantiradigan raqobatbardosh, oliy ma’lumotli yosh kadrlar doim kerak bo‘ladi. Tumandan o‘qishga kirgan 286 nafar talaba kelgusida kadrlarga bo‘lgan mavjud ehtiyojni qoplay oladimi?
Umuman olganda, 2018-yili Surxondaryo yoshlari gumanitar sohaga hujjat topshirish bo‘yicha respublikada yetakchi bo‘ldi (35936 nafar). Viloyat bo‘yicha jami abituriyent(63951 nafar)ning 5374 nafari talabalikka munosib ko‘rildi. Termiz shahri, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on tumanlaridan hujjat topshirganlarning 9,7—10,7 foizi o‘qishga kirgan bo‘lsa, Sho‘rchi, Oltinsoy, Termiz, Denov tumanlarining ko‘rsatkichi 8 foiz atrofida. Qolgan tumanlarniki esa 8 foizdan past.
Andijon viloyatida qishloq xo‘jaligi va elektroenergetika, mashinasozlik, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati jadal rivojlanmoqda. Mamlakatimizning dunyo savdo maydonlariga intilish sur’ati kuchayib borayotgan ekan, korxonalarni modernizatsiya qilish va mahsulotlar bilan jahon bozoridan joy olish uchun o‘ziga xos innovatsiyalar zarur. Albatta, bunday innovatsiyalarni ko‘proq o‘sha hududda yashab, sanoat muhitida unib-o‘sayotgan, texnika va texnologiyalarni ko‘rib ko‘zi qotgan bolalardan kutish o‘rinli. Buning uchun esa o‘quvchilarning iqtidorini kashf etib, ularni oliy ta’lim olishga yo‘naltirish kerak. Vaholanki, o‘tgan yili andijonlik oliy ma’lumot olishga qiziqqan 50115 nafar yigit-qizdan 4300 nafarininggina omadi chopdi. Viloyatdagi bunday baxti kulganlar orasida buloqboshiliklar ko‘pchilik. Tumandan oliy ta’lim olaman deb yo‘lga chiqqanlarning 11 foizi talabalar safidan joy oldi. Izboskan, Andijon va Asaka tumanlarida esa o‘qishga kiruvchilar 7 foiz va undan kam.
Solishtirish uchun bir fakt: Buxoro viloyatida hudud bo‘yicha eng past natijani Kogon shahri ko‘rsatgan bo‘lib, talabalikka tavsiya etilganlar 15,7 foizni tashkil etgan.
Jizzax shahridan o‘qishga topshirganlarning 13,1 foizi talaba bo‘lgan. Bu — viloyat bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich. Jizzaxlik abituriyentlardan talabalikka qabul qilinganlar ko‘rsatkichi Zarbdor, Baxmal, Forish, G‘allaorol tumanlarida pasayib boradi va Arnasoy tumaniga kelib to‘xtaydi (7,1 foiz).
Qashqadaryoda ham 2018-yili gumanitar sohaga qiziquvchilar ko‘p bo‘ldi. 71456 nafar abituriyentning 32890 nafari shu sohani tanlagan. E’tiborli tomoni, qashqadaryolik yoshlar boshqa viloyatliklarga qaraganda ishlab chiqarish va texnika sohasi bo‘yicha eng ko‘p hujjat topshirgan. Buni yoshlarning kelgusi hayotini yirik sanoat korxonalari, zavodlar, konlar bilan chambarchas bog‘lashga intilishi bilan izohlash mumkin. Umumiy hisobda 7751 nafar qashqadaryolik abituriyent talabalikka qabul qilindi. Ular orasida kitobliklar o‘qishga kirish bo‘yicha birinchi o‘rinda. Hujjat topshirgan 4603 nafar yoshning 620 nafari, ya’ni 13,5 foizi talaba bo‘lgan. Ro‘yxatda eng quyi o‘rinni Chiroqchi tumani egallagan (9 foiz). Muborak (9,1), Mirishkor(9,4)dan tashqari, boshqa tumanlarning bu boradagi foiz ko‘rsatkichlari 10 foizdan yuqori.
Abror UMARQULOV
(DTM ma’lumotlari asosida tayyorlandi)