Oliy ta’lim: qanday o‘zgarishlar bo‘ldi va istiqbolda nimalar kutilmoqda?
Oliy ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining muhim bosqichi. Innovatsion taraqqiyotni belgilaydigan, malakali, soha va tarmoqlar bo‘yicha chuqur ixtisoslashgan mutaxassislar aynan shu bosqichda tayyorlanadi. Shu bois, davlatimiz tomonidan ta’limning mazkur bosqichini modernizatsiyalashga katta e’tibor qaratilyapti. Jumladan, yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil etilayotir, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar soni oshirilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilanib, yangi ilmiy laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish mexanizmi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. 2019-yilda ham oliy ta’lim tizimini takomillashtirish jarayoni davom ettiriladi. Quyida bu haqda batafsil to‘xtalamiz.
OTMga qabul qamrovi oshirildi
Shu paytgacha O‘zbekistonda yoshlarni oliy ta’lim bosqichiga qamrab olish ko‘rsatkichi 9-10 foizdan oshmayotgan edi.
2018-yilda esa bu raqam 15 foizgacha ko‘tarildi. Yashirishga ne hojat: o‘qishga kirish yoshlar uchun mashaqqatli yumushga aylangan edi. O‘qishga puxta tayyorlangan, bilimdon yoshlarning ham talabalik baxtiga erisholmaganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Boisi, ayrim hollarda ba’zi ta’lim yo‘nalishlarida bir o‘ringa yigirma nafar talabgor to‘g‘ri kelar, talabalikka nomzodlarning ko‘pligi tufayli yetarlicha bilimli yoshlar ham oliy ma’lumot olish imkoniyatidan mahrum bo‘lar edi. Garchi har yili oz miqdorda kvota oshirilsa ham, qabul qamrovi abituriyentlarning soniga nisbat bo‘yicha to‘g‘ri kelmasdi. Yildan-yilga oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotganlar soni sezilarli darajada oshar, biroq kvota miqdori talabalikka talabgorlarning foiz ko‘rsatkichlariga mos darajada ko‘tarilmas edi.
2018-yilda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistr tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha qabul kvotalari ajratildi. Oshirilgan kontrakt-to‘lov bo‘yicha qo‘shimcha qabul tajribasi ham o‘z samarasini ko‘rsatdi.
Prezidentimizning 2019-yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risidagi Parlamentga murojaatnomasida oliy ta’lim qamrovi bo‘yicha ayni holat qoniqarli emas, deya baholandi. Chunki dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich ularda 60—70 foizni tashkil etadi. Shunga binoan, 2019-yilda mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy ta’limga qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazish belgilandi.
Ilm-fan va o‘quv jarayonidagi yangilanishlar
Ilm-fanda “muzlik davri” tugadi. 2018-yilda doktorlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘yicha so‘nggi yillardagi eng yuqori natija qayd etildi. 2019-yilda oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatni yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha izchil faoliyat olib boriladi. Ilmiy ishlanmalar bo‘yicha amaliy samaradorlikni oshirish masalasi ham kun tartibida turadi.
O‘quv jarayonida ham qator o‘zgarishlar kuzatildi. Vaqt me’yorlari o‘zgardi. 100 ballik tizimdan voz kechilib, 5 baholik tizimga o‘tildi. Imtihonlarda dars o‘tgan professor-o‘qituvchining ishtirokini istisno etadigan tartibga o‘tildi. Ilk marta mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari reytingi aniqlandi. Oliy ta’lim muassasalarini nufuzli xalqaro reytingga kiritish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlandi.
Bular zamirida barcha yoshlarga oliy ta’lim olishda teng imkoniyat yaratish, ularga chuqur bilim berish maqsadi mujassam. Zero, Prezidentimiz aytganidek, “...jamiyatimizda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanish shuncha tez va samarali bo‘ladi”.
Oylik maosh oshirildi
Shu kungacha yoshlarning ko‘pi o‘qituvchilikni nomi ulug‘, suprasi quruq kasblar qatoriga qo‘shib, pedagoglikni orzu qilmas, undan ko‘ra, biror xususiy korxonaga ishga kirish yoki chet elda ishlab, ko‘proq daromad topishni o‘ylar edi. Oliy ta’lim muassasasida ish boshlagan yosh o‘qituvchilarning ham juda ozchiligi fan doktori bo‘lishga, professor ilmiy unvonini olishga intilardi. Chunki ilmiy lavozim va darajalar hamda ularga to‘lanadigan maosh o‘rtasidagi tafovut unchalik katta emas edi. Shu tufayli oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari orasidan ilmiy-pedagogik faoliyatni yig‘ishtirib, bozorga otlanganlar ham bo‘ldi. 2018-yildan vaziyat butunlay ijobiy tarafga o‘zgardi. Prezidentimizning o‘tgan yil 5-apreldagi “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2018-yil 1-sentabrdan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari sezilarli miqdorda oshirildi.
Tabaqalashtirilgan bazaviy lavozim maoshi miqdori, pedagogning egallab turgan vazifasidan, ilmiy unvoni yoki darajasidan kelib chiqib belgilanadigan bo‘ldi. Bunda stajyor bilan professorning maoshi o‘rtasidagi tafovut sezilarli summani tashkil etdi. Bunday e’tibor va rag‘bat oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy xodimlarining o‘z bilim va kasbiy mahoratini muntazam oshirib borishiga, ilm-fan bilan izchil shug‘ullanishiga xizmat qilayotir.
E’tiborlisi, oylik maosh miqdori bosqichma-bosqich oshirilmoqda. Professor-o‘qituvchilar tarkibining ish haqi 2019-yil 1-yanvardan 20 foizga, 2019-yil 1-iyuldan 25 foizga oshiriladi. Professor-o‘qituvchilarga Toshkent davlat yuridik universitetida 100 foiz, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida esa 350 foizgacha ustama berilyapti.
OTM soni yuzga yaqinlashdi
Bundan ikki yil oldin mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari soni 77 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular soni 95 taga yetdi.
Birgina 2018-yilning o‘zida qator institut va universitetlarda ko‘plab qo‘shma dasturlar ish boshladi. AQShning Vebster universiteti, Italiyaning Turin universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ikki diplom dasturi asosida intiluvchan yigit-qizlar uchun jahon andozalariga mos ta’lim olish, xorijda stajirovka o‘tash, chet elda ham tan olinadigan va amal qiladigan diplomga ega bo‘lish imkoni yaratildi. O‘zbekistonda joylashgan xorijiy oliy o‘quv yurtlari uchun 2023-yilga qadar soliq imtiyozlarining taqdim etilayotgani yoshlarimizning oliy ma’lumot olish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Joriy o‘quv yilida 51 oliy ta’lim muassasasida sirtqi ta’lim, 22 tasida maxsus sirtqi ta’lim, 9 tasida esa kechki ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Natijada talabalar soni 344 790 nafarga yetdi. Ayni paytda ularga 26297 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda.
2019-yilda Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya tibbiyot institutlari bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet va filiallar ochish belgilangan. Oliy o‘quv yurtlari nufuzini oshirish, nodavlat oliy ta’lim muassasalarini ko‘paytirish, sohada raqobatni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
2018-yilda yangi tashkil etilgan oliy ta'lim muassasalari
• O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti
• Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali
• Toshkent davlat pedagogika universiteti Termiz filiali
• Termiz davlat universiteti Denov filiali
• Samarqand veterinariya meditsinasi instituti
• Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filiali
• Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali
• O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali
• Navoiy davlat konchilik instituti Nukus filiali
• O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
• «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti
• Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali
• Toshkent shahridagi Puchon universiteti
• “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filiali
• Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Farg‘ona shahridagi filiali
• Toshkent shahridagi Adju universiteti
2019-yilda Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya tibbiyot institutlari bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet va filiallar ochish belgilangan. Oliy o‘quv yurtlari nufuzini oshirish, nodavlat oliy ta’lim muassasalarini ko‘paytirish, sohada raqobatni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Qabul jarayoni xolis va haqqoniy o‘tdi
2018-yilda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida uchraydigan “bunker” balosi, qing‘irliklar, rektor guruhlari, “x-variant” va hokazolar bartaraf etildi. Har yilgidan farqli ravishda 2018-yil avgust oyida 15 kun davomida o‘tkazilgan test jarayonini jamoatchilik ochiq va shaffof tarzda UZDIGITAL TV telekanallar tarmog‘i, www.test2018.uz elektron manzili orqali, qolaversa, imtihon o‘tayotgan binolarda ota-onalar uchun tashkil etilgan maxsus joylarda kuzatib bordi. Bu esa ba’zi o‘rinlarda qabul jarayonining noxolis o‘tkazilishiga barham berdi.
O‘tgan yilda qishloq xo‘jaligi texnikasi, irrigatsiya va melioratsiya, ishlab chiqarishlar texnologiyasi ta’lim sohalari bo‘yicha kam abituriyent hujjat topshirgan. Jurnalistika va axborot texnologiyalari, veterinariya ta’lim sohalari bo‘yicha esa o‘sish kuzatilgan. Hujjat topshirgan 679 979 nafar abituriyentning 622 030 nafari zamonaviy axborot texnologiyalari asosida o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan. Jarayon natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali davlat granti asosida 123 balni, to‘lov-kontrakt asosida 101,9 balni tashkil etgan.
2019-yilda yoshlarimiz bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishi mumkin.
Shu paytgacha mamlakatimizda birgina Toshkent Xalqaro Vestminster universitetigina qabul kvotasini o‘zi belgilar edi. Endi barcha oliy ta’lim muassasalariga binolar sig‘imi, moddiy-texnik bazasi, professor-o‘qituvchilar tarkibidan kelib chiqqan holda kvota belgilash huquqi berilishi rejalashtirilgan. Rivojlangan davlatlar tajribasida ham shunday: qabul kvotasi tushunchasi yo‘q. Bir necha oliy ta’lim muassasasida o‘z bilimini sinab ko‘rish orqali abituriyentlarning imkoniyat doirasi kengayadi, sog‘lom raqobat yuzaga keladi.
Sanobar JUMANOVA