Davomat talabani bilimli qilmaydi
Oliy ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan kadrlarning qanday salohiyatga ega bo‘lishi kerakligi oldindan belgilanishi, shunga ko‘ra o‘quv dasturini tuzish va uni yangilab borish zarur. Talaba universitetni tamomlab ishga borganda ish beruvchining oldida mulzam bo‘lmasin.
Bu borada barcha oliy o‘quv yurtlaridagi holatni bilmayman va shuning uchun o‘zim bilgan O‘zDJTU haqida so‘z yuritsam. Bizning til o‘rgatish o‘quv markazimiz asosan mazkur universitet talabalariga ish beruvchi hisoblanadi. Bir achchiq haqiqat borki, bugun universitet bitiruvchilarini ishga olish uchun ba’zan ularni bir yil qayta tayyorlashga to‘g‘ri kelyapti. Ish beruvchining talabiga javob bera oladigan mutaxassis bo‘lish uchun esa o‘qish davrida qo‘shimcha turli til kurslariga qatnash kerak. Lekin bunday talabaga universitet ba’zida faqat xalal berish bilan ovora: mutlaqo keraksiz darsda “yo‘qlama” uchungina o‘tirishga, turli tadbirlarga borishga majburlash...
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: hozir universitetga kiruvchi abituriyentdan B1 (o‘zgarib qolsa, B2 yoki IELTS 5,5) sertifikati talab qilinayotgan ekan, universitetning o‘zi keyinchalik talabani bundan yuqori bosqichga tayyorlay oladimi? Hozir barcha chet tili o‘qituvchilaridan B2, ustama testi, IELTSdan kamida 6,5 daraja talab qilinayotgan ekan, nega unda shu testlarga tayyorlov fan sifatida kiritilmaydi? Axir, talaba million-million so‘m kontrakt puli to‘lasa, kamiga IELTS olish uchun ham pul sarflab kursga borishi kerakmi?
Universitet B1 yoki IELTSni kirish imtihoniga talab sifatida qo‘yayotgan ekan, maktab, kollej yoki litsey o‘quvchini shu darajaga chiqarib bera olarmikan? Bular ham hisobga olinyaptimi? Menimcha yo‘q!
Shu o‘rinda bir taklif bor. Aniqki, O‘zDJTU talabasi diplom olayotganida qo‘lida IELTSdan 6,5+ sertifikati bor bo‘lishi yaxshi, biroq universitet hozir hamma talabani ham shunday salohiyatli qilib tayyorlashga qodir emas. Shunday ekan, talabaning o‘z ustida ishlashiga qo‘yib berish, davomat o‘rniga izlanuvchan talabani qo‘llash kerak. Ikkinchi kursda kimning IELTSdan 6+ sertifikati bo‘lsa, kontrakt pulini to‘lashda yengillik yaratish tajribasini qo‘llash mumkin. Uchinchi kursda 6,5+, to‘rtinchi kursda esa 7+ darajasiga ega talabaga shunday qulaylik yaratish kerak.
Davlat grantida o‘qish imkoniyatini ham talabaga birinchi o‘quv yilidan 4 yilga sovg‘a qilmasdan 2-, 3-kurslarda o‘zlashtirishiga, salohiyatiga va sertifikatlariga qarash lozim. Ana undan keyin ham, talabalar o‘z ustida ishlamasa...
Ravshan MATMUSAYEV