Uyda turib Garvardda o‘qishni xohlaysizmi?
Bugun ta’limda ba’zi fanlardan o‘qituvchilarning yetishmasligi, o‘quvchilarda bilim olishga kuchli va ta’sirchan rag‘batning yo‘qligi, o‘quvchilar bilimini baholash tizimining xolis emasligi, o‘qituvchining har bir o‘quvchiga yetarlicha vaqt ajrata olmasligi kabi muammo va kamchiliklar mavjud. Bu muammolarni mustaqil ta’limni rivojlantirish orqali hal etish mumkin.
Hindiston, Bangladesh, Rossiya, Belarus, Efiopiya, Armaniston, Uganda, Kolumbiya kabi davlatlarda mustaqil ta’limni tashkil etish borasida katta tajriba to‘plangan. Masalan, Rossiyada “ЯKласс” deb nomlangan onlayn ta’lim resurslaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. 2013-yili faoliyat boshlagan bu resurs har bir o‘quvchi uchun elektron test topshirish va bilimini oshirish imkoniyatini yaratadi.
Shunday onlayn ta’lim dasturlaridan dunyo bo‘yicha eng keng tarqalgani Xan akademiyasi hisoblanadi. Xan akademiyasining o‘quvchisi bo‘lish uchun imtihon topshirish shart emas. Asosiysi, o‘quvchida kompyuter, internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati va istak bo‘lsa, bas. O‘quvchi uyda turib Garvard universiteti professorining ma’ruzasini eshitishi yoki Stenford universitetining virtual talabasi bo‘lishi mumkin. Buning uchun Xan akademiyasida barcha imkoniyatlar yetarli.
Xan akademiyasi ( Khan Academy — 2006-yili asos solingan) notijorat onlayn ta’lim tashkiloti bo‘lib, u o‘z oldiga dunyo miqyosida barchaga bepul ta’lim berish maqsadini qo‘ygan. Xan akademiyasining asoschisi Salmon Xan 5 yildan ortiq vaqt davomida bepul onlayn ta’lim tarmog‘ini tashkil qilib, 20 ming sinfda o‘quv reja asosida darslarni o‘tkazishga erishdi. Bugun Xan akademiyasi dunyoning turli joylaridagi 10 milliondan ortiq o‘quvchiga 3500 dan ortiq videodarslarni taqdim etadi.
Ushbu roliklarning o‘ziga xosligi shundaki, videodarsni o‘qituvchi emas, balki o‘quvchining eng yaqin kishisi (akasi, opasi) tushuntirayotgandek taassurot uyg‘onadi. Ekranda o‘qituvchi ko‘rinmaydi. Xanning ovozi orqali doska(ekran)da yozuvlar, rasmlar paydo bo‘ladi. Bunday qulaylik dasturni ommalashtirdi. Dastlab uyda — oddiy kompyuter va proyektor yordamida yaratilgan onlayn materiallar butun dunyoga mashhur 35 kishilik guruhning shakllanishiga olib keldi.
Respublikamizda onlayn ta’lim dasturlarini yaratish uchun barcha imkoniyat va sharoitlar mavjud. Buning uchun ustozlarimizdan ozgina qunt talab etiladi.
Onlayn darslar juda ham keng qamrovli — oddiy arifmetika va algebra asoslaridan boshlab, trigonometrik funksiyalar, oliy matematikagacha bo‘lgan fanlar mavzularini qamrab olishi mumkin.
Videomateriallar “oddiydan murakkabga tomon” prinsipi asosida ketma-ketlikda yaratiladi. Har bir videodars aniq muammoni yechishga bag‘ishlangan bo‘lishi kerak. Ushbu masalani yechgan o‘quvchi keyingi — murakkabroq masalani yechishga o‘tadi.
Kompyuter o‘yinlari orqali o‘qitish darajalangan bo‘lib, har bir daraja uchun ball belgilanadi. Buning uchun maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqilgan. Yo‘riqnomada o‘qish davomida o‘quvchilarning yutug‘i yoki yo‘l qo‘ygan kamchiliklariga mos “belgi”larni qo‘lga kiritishi to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi. Masalan, bunday belgilar o‘quvchilarning o‘quv jihozlari ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Saytda har bir o‘quvchining shaxsiy kabineti va uning rivojlanish jadvali shakllantiriladi. Jadvalda o‘quvchi qancha videodarsda ishtirok etgani, u yoki bu fandan qanday bilimga egaligi hamda bilim darajasi qaysi tomonga o‘zgarganini, videodarsni ko‘rishga qancha vaqt sarflagani va topshiriqning bajarilishini aniqlash mumkin.
Ushbu jadvallarda aniq vaqtda bajarilgan topshiriqni yechishdagi muammolar va yo‘l qo‘yilgan xatolar aks etadi.
Respublika ta’lim markazi, Xalq ta’limi sohasida AKTni rivojlantirish markazi va boshqa mutasaddilar Xan akademiyasi videodarslarini tarjima qilib, o‘quvchilarni xursand qilishiga umid qilib qolamiz.
Shamsiddin USANOV, tc " Shamsiddin USANOV," Ta’lim sifatini nazorat qilish tc " Ta’lim sifatini nazorat qilish " davlat inspeksiyasi bosh mutaxassisi tc " davlat inspeksiyasi bosh mutaxassisi"