“Robot avlod”
Mashhur Malkolm Forbesning ta’limning butun maqsad va mohiyatini ochib bergan bir gapi bor: “Education’s purpose is to replace an empty mind with an open one”. Ya’ni: “Bo‘m-bo‘sh kallani ilm olish uchun eshiklari lang ochilgan kallaga aylantirish ta’limning eng asosiy maqsadidir”.
Rivojlangan mamlakatlardagi mavjud barcha ta’lim tizimlari aynan shu maqsad sari intiladi. Buni hatto universitetlarga kirish imtihonlarida ham ko‘rish mumkin. Asosan abituriyentning bilimi, salohiyati va fikrlash qobiliyatini sinovdan o‘tkazadi. Universitetlargacha, universitet va hatto undan yuqori bosqichlarda ham butun ta’lim, asosan, ta’lim oluvchini o‘z qarashlariga ega bo‘lishga, mustaqil fikrlash va izlanishga o‘rgatadi.
Bizning o‘quvchi va talabalarimiz bilim olish yo‘lida yarim mustaqil harakatlanayotgan robotlarga o‘xshab qolayotgandek tuyuladi. Maktabda bolalardan qimirlamay o‘tirishni, darslarda qoidalarni so‘zma-so‘z yoddan aytishni talab qilamiz. Shuning o‘zi ham insonni robotlashtirishning bir ko‘rinishi emasmi?!
Oliy ta’limda aksar talabalar faqat baho uchungina o‘qib, hech narsa o‘rganmasa ham jurnalga “NB” tushirmagani uchun “mutaxassis” diplomini olyapti. OTMda 4 yil, asosan, nazariy qoidalarni yodlattirish bilan o‘tmoqda. Ma’ruzalarda ayrim domlalar bir necha yillar oldin yodlab olgan qoidalarini talabalarga konspekt qildirish bilan cheklanadi. Eng yomoni, endigina ilm dunyosiga kirib kelayotgan bir yosh har qanday bilimni eng tez oladigan vaqtini faqat talaba bo‘lish uchun test yodlab o‘tkazib yuboradi. Afsuski, bizning universitetlarga kirish qiyin, lekin kirib oldingmi, diplom qo‘lingda hisob. Aslida, teskarisi bo‘lishi kerakmasmi?
Menimcha, talabalikka qabul testlarini faqat bitta tashkilot-(DTM)ga yuklamasdan, OTMlarning o‘ziga qo‘yib berish kerak. Har bir universitet o‘zining qabul jamoasini tuzsin va o‘zi uchun kerakli talabani tanlab olsin.
Xullas yoshlarni robotlashtirishga xizmat qilayotgan qoliplarni parchalash, erkin va ijodiy ta‘limga yo‘l ochish vaqti keldi.
Ravshan MATMUSAYEV