“Korrupsiya oliy ta’lim tizimini yemirmoqda” maqolasini o‘qib...
Aytishlaricha, Janubiy Afrika Respublikasidagi universitetga kiraverishda shunday so‘zlar yozib qo‘yilgan ekan: “Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga ta’sir qiladigan raketalarga hojat yo‘q. Faqat ta’lim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa, bas!”. Aslida ham ta’limning barbod bo‘lishi — millatning, davlatning tanazzulga uchrashi.
“Korrupsiya” terminiga rasmiy hujjatlar, ilmiy, o‘quv adabiyotlarda turlicha ta’riflar beriladi. Ammo ularning barchasini bitta narsa umumlashtiradi: “Korrupsiya — har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadigan, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladigan xavfli illat”. Bugungi kunda korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biriga aylandi.
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 9-fevral sonida e’lon qilingan “Korrupsiya oliy ta’lim tizimini yemirmoqda” sarlavhali maqolani o‘qir ekanman, beixtiyor ko‘z o‘ngimda badiiy asarlar, filmlarga kirib qolgan domlalarning satirik qiyofasi gavdalandi. Jamiyatimizda oliy ta’lim tizimidagi “professor” so‘zi go‘yo “tamagir” so‘zini yodga tushiradigan tushunchaga o‘xshab qoldi.
Uzluksiz ta’limning aynan oliy ta’lim bo‘g‘inida faoliyat olib borayotgan pedagog sifatida maqolaga befarq bo‘la olmaymiz, albatta. Muammoga chetdan qarayotgan emas, uning markazida bo‘lgan shaxs sifatida aytishim mumkinki, respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari, shu tizimdagi barcha professor-o‘qituvchilar, maqolada aytilganidek, korrupsiya botqog‘iga botib ketgani yo‘q. Ayniqsa, poytaxtda joylashgan ko‘pgina OTMlar (o‘zim bevosita faoliyat olib borgan, farzandlarim tahsil olayotgan ta’lim muassasalari), hatto viloyatlardagi korrupsiya avj olgan deb qaralgan OTMlar va unda faoliyat olib borayotgan barcha professor-o‘qituvchilar (maqolaning “5”ning narxi qancha?”, “O‘qigan ham, o‘qimagan ham barobar?” sarlavhali qismlari) haqida bunday xulosaga kelib bo‘lmaydi. Bu ilm ahli, universitet domlasiga nisbatan adolatsizlik deyishni xohlayman, ammo... Ming afsuski, “Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi”, deganlaridek, oliy ta’lim muassasalarida, har qancha targ‘ibot olib bormang, har qancha ogohlantirmang, bu yo‘lda o‘zini tiya olmaydigan “ustoz”larning borligi tilni tiyishga majbur qiladi.
Tamagirlik jamiyatning har bir bo‘g‘ini uchun xavfli, biroq ta’lim tizimi uchun uning xavfi yuz chandon ortiq. Eng yomoni, u tufayli bir paytda yuz-ikki yuzlab talaba jabr ko‘radi, adolatsizlikka duch keladi, o‘qishga ishtiyoqi so‘nadi, hafsalasi pir bo‘ladi va bunday alamzada talaba — bo‘lajak no‘noq mutaxassisdan minglab o‘quvchilar, umuman, millat jabr ko‘radi. Bu — haqiqat.
Ta’limning maktabdan oliy maktabgacha bo‘lgan bo‘g‘inini bosib o‘tdim, hech kim mendan baho uchun pul so‘ramadi, farzandlarim pul berib baho olayotgani yo‘q, nega men baho uchun pul olishim kerak? Har bir tamagir professor-o‘qituvchi o‘ziga shu savolni berishi kerak. Kimdan olyapman? Qayerga ishlatyapman, olayotgan odamimning rang-ro‘yi, kiyinishiga qaradimmi? Talaba — jamiyatda eng himoyaga muhtoj qatlam vakili emasmi? Hadislarda ehson qilish joiz bo‘lgan toifaga ilmi tolib, musofir, muhtoj kishilar kirishi aytilgan. Talaba shu toifaga kirmaydimi? Besh qo‘l barobar emas. Men yotoqxonada yashaydigan talabalarga o‘z hisobidan osh pishirib bergan, pinhon tarzda ularga go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tarqatgan ustozlar borligini bilaman.
Ko‘pincha talabalar turarjoyi, ijarada yashaydigan talabalarning holidan xabar olganimda, ularning dasturxoniga, qozoniga sezdirmay nazar tashlashga harakat qilaman. Aksariyati sifatsiz mahsulot iste’mol qiladi, qozoni go‘shtsiz qaynaydi. Sanoqli talabani hisobga olmasak, ularning ko‘pi tushlik vaqti universitet atrofidagi arzon “perashka” sotiladigan oshxonalarda navbatda turadi. Qo‘lidagi qimmat telefon, ustidagi bejirim kiyim har doim ham talabaning moddiy jihatdan yuqori darajada ta’minlanganidan dalolat bermaydi. Bu yoshda faqat bizning mamlakatda emas, jahonning aksariyat davlatlarida farzand ota-onasi bergan mablag‘ni boshqa ehtiyojlari uchun tejaydi, ammo tashqi ko‘rinishi uchun ayamaydi. Bu davrni hammamiz bosib o‘tganmiz. Talabaga o‘z farzandimiz sifatida qarasakgina, buni his etamiz. Bu — masalaning bir tomoni.
Ikkinchi tomoni, biz ustozlarimizni bergan bilimi tufayli xotirlaymiz, qanday baho qo‘ygani umuman muhim bo‘lmagan. Bizni keyingi avlod qanday eslaydi: bergan bilimimiz, tarbiyamiznimi yoki ko‘rsatgan jabrimiz tufaylimi? Oldimizga har tomonlama yetuk, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash vazifasi qo‘yilayotgan, ta’lim sifatiga e’tibor oshayotgan ayni paytda talabaga bilim berish, baholashda uning savodxonlik darajasini mutlaqo inobatga olmay, bu ishga daromad manbayi deb qarayotgan, na davlat tomonidan qo‘yilgan vazifani his etayotgan, na Olloh tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarayotgan kimsani ziyoli, olim, pedagog, avvalo, inson deyish mumkinmi?! So‘nggi vaqtlarda xalqimizda “sadqayi o‘qituvchi ket” degan jumla paydo bo‘ldi. Bu hamma kasb egasiga nisbatan ham aytilmaydi. Boshqalarni bilmayman, ammo o‘qituvchiga illat yarashmaydi. Ustoz, murabbiylik o‘zi bir sharaf. U azaldan hammaga namuna bo‘lib kelgan.
Ko‘pchilik bu holatni yetishmovchilik, ta’lim xodimlarining maoshi kamligi bilan bog‘lar edi. Bir yil ichida OTM professor-o‘qituvchisining maoshi qariyb ikki yarim barobar oshdi. Ayni paytda bir shtat birligida ishlaydigan OTM professor-o‘qituvchisining bir yillik auditoriya soati 400—500 atrofida bo‘lib, darajasiga qarab bir oyda 3,5 milliondan 6 million so‘mgacha maosh olyapti. 2019-yil 1-iyuldan bosqichma-bosqich yana oshishi kutilyapti.
Davlatimiz rahbari nima uchun o‘qituvchilarning moddiy ta’minotini davlat ahamiyatidagi masala darajasiga ko‘tardi? Bu, birinchidan, ta’lim sifatini oshirish yo‘llarini izlash bo‘lsa, ikkinchidan, korrupsiyaga barham berishning bitta omili edi. Shundan keyin ham ta’limda korrupsiya bo‘lishi adolatdanmi?!
2017-yil 3-yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Barcha davlat tashkilotlari bu mexanizmni o‘z chegarasi doirasida ishlab chiqdi. Xo‘sh, oliy ta’limda korrupsiyaga olib boradigan omillar qayerda?
Birinchidan, kadr tanlash masalasiga chuqurroq yondashish kerak. Bitta noto‘g‘ri tanlangan kadr jamoaga yillab har tomonlama zarar keltiradi. U o‘z huquqlarini yuqori darajada biladi, hech qanday chora ko‘rishga imkon qoldirmaydi, tutqich bermaydi. Ko‘pincha xodimni ishga olishda uning savodxonligi, til bilishi va boshqa intellektual salohiyati bosh mezon qilib olinadi. Bu yerda insonparvarlik, iymon-e’tiqod, bag‘rikenglik kabi xususiyatlarni ham, biroz vaqt talab etsa-da, e’tiborga olish kerak. Qolaversa, ko‘pchilik OTMlarda ishga qabul qilishda urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik kabi illatlarga ham barham berish kerak.
Ikkinchidan, oliy ta’limda korrupsiyaga olib boradigan holatlarga barham berish lozim. Tamagir pora olishning o‘ziga xos mexanizmini yaratadi, mavjud baholash mezonlarini o‘z foydasiga xizmat qildirishga urinadi: baholash talablarini og‘irlashtiradi, fan dasturidan tashqari bilimlarni so‘raydi, qayta o‘zlashtirish, talaba mustaqil ishi doirasida ortiqcha sarf-xarajat bilan bog‘liq bir necha sahifalik referat, hech qanday amaliy ahamiyati yo‘q topshiriqlar, bugungi kunda samaradorligini yo‘qotgan, ko‘r-ko‘rona ko‘chirib kelinadigan konspektlar, son-sanoqsiz va sifatsiz tuzilgan testlarni yodlatish, kerakli-keraksiz kitoblarni tavsiya etish, sotish va hokazolar bilan talabaning tinkasini quritadi, oxir-oqibat, talaba ustozning oldiga o‘zi “taklif” bilan keladi.
Umuman, elektron axborot manbalari taraqqiy etgan bugungi kunda talabalarni referat, mustaqil ish kabi yozma topshiriqlarni bajarishga majburlash shartmikan? Hozir universitetlar atrofida eshigiga “Referat, mustaqil ishlarni tayyorlab beramiz” degan pulli xizmat nuqtalari paydo bo‘lgan. Bu talabaga nima beradi? O‘qituvchi shuncha yozma ishni ko‘rib chiqishga ulguradimi?
Stipendiya koeffitsiyentidagi baho bilan bog‘liq tafovutlar ham korrupsiyaga yo‘l ochadi. Talaba tamagir o‘qituvchidan osongina yuqori baho oladi. Pul olmaydigan o‘qituvchiga yuqoridan bosim o‘tkazish, OTM leksikonida faol so‘z — “iltimos” orqali maqsadiga erishishga harakat qiladi. Stipendiya tayinlash mezonlari ham zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Uchinchidan, yaqingacha ta’lim sifati pastligini oliy ta’limga qabul jarayonining shaffof emasligi bilan bog‘lardik. So‘nggi bir-ikki yil ichida qabul qilingan talabalarning saviyasidan ko‘rinib turibdiki, davlat bizga bilimli abituriyentlarni saralab olishni deyarli ta’minlab beryapti. Endi oliy ta’lim oldida bu talabalarning ishtiyoqini so‘ndirmaydigan, fikr erkinligiga daxl qilmaydigan, ularni har tomonlama qoniqtira oladigan salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash muammosi paydo bo‘ladi. Bu allaqachon sezila boshladi. Ilmiy salohiyat masalasi tamagir professor-o‘qituvchining osongina bahridan o‘tishga to‘sqinlik qiladi. Bitta mutaxassis yetishib chiqishi uchun bir necha yil kerak bo‘ladi. Professor-o‘qituvchini attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish zarur. Bu vakolatni universitetning o‘ziga berish kerak.
To‘rtinchidan, maqolada qayd etilganidek, ba’zan talabalar ham korrupsiyaga yo‘l ochadi. Yengil-yelpi yo‘lni tanlagan talaba maqsadiga erisha olmasa, o‘qituvchini badnom qiladi. Ota-ona ham uni qo‘llab-quvvatlaydi. Baholash jarayoniga tashqi ta’sirlarni kamaytirish, faqat talaba emas, professor-o‘qituvchini ham himoyalash chora-tadbirlarini kuchaytirish kerak.
Beshinchidan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018-yil 9-avgustdagi 19-2018-sonli buyrug‘i bilan “OTMlarda talabalar bilimini nazorat qilish va baholash to‘g‘risidagi nizom”ga asosan shu o‘quv yilidan 1-kurs talabalari bilimini “ 5” baholik tizimda baholash joriy etildi. Bu nizom yangi bo‘lgani sababli amaliyot jarayonida uni ham takomillashtirish ehtiyoji paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, tamagirlikni maqsad qilgan odam oraliq nazorat orqali ham muddaosiga erishishga harakat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida I, II blok fanlari sonining kamaytirilishida ham talabani ortiqcha yuklamalardan xalos qilish ko‘zda tutilgan. Balki nomutaxassislik fanlaridan talabaning bilimi baho emas, “o‘tdi”, “o‘tmadi” tarzida sinalishi ham mumkindir. Aytmoqchimanki, nizomlar “qotib qolmasligi”, zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirib borilishi kerak.
Umuman, nafaqat mamlakatimizda, balki jahonning qator davlatlarida ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etadigan omillarga qarshi muntazam kurash olib boriladi. Xususan, Finlyandiyadagi OTMlarda professor-o‘qituvchilar bir o‘quv yiliga ishga qabul qilinadi. Ya’ni, ta’lim muassasasida xodimni tanlash, saralash imkoni bo‘ladi. Balki bizda ham to‘la sinovdan o‘tmagan kadrlar bilan muayyan muddatgacha bir yillik mehnat shartnomasi tuzilishi tajriba qilib ko‘rilishi kerakdir. Ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirligining korrupsiyani kamaytirish maqsadida “stipendiyalar barchaga, hech qanday baholarga qaramay to‘lanishi lozimligi, davlat granti asosida o‘qiydigan talaba uch baho olsa, stipendiyadan mahrum etilishi” masalalarini muhokama qilayotgani haqida xabar berilyapti.
O‘ziga xos ta’rifi, qadim tarixi va boshqa murakkab qirralariga ega bo‘lgan korrupsiya, haqiqatan ham, ta’limni va bu orqali jamiyatni barbod qiladigan eng xavfli omildir. “Bir chimdim tuz bir xum asalni buzadi”, deganlaridek, shu tizimda yuz bergan bitta xatolik hammamizni noxush ahvolga soladi, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y oldida mulzam qiladi, nufuzimizga putur yetkazadi. Bu menga taalluqli emas, deb hammani ishontira olmaysiz, albatta.
Bashorat BAHRIDDINOVA, Qarshi davlat universiteti “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi