MDHda yagona xalqaro ta’lim dasturi O‘zbekistonda ishga tushdi
Poytaxtimizdagi “British Foundation Tashkent” nodavlat ta’lim muassasasida 26-fevral kuni Buyuk Britaniyaning “NCUK Foundation” konsorsiumi filialining ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqda www.uza.uz sayti xabar tarqatdi.
Qator rivojlangan mamlakatlarda, xususan, Buyuk Britaniyada umumiy o‘rta ta’lim 12 yilni tashkil etadi, O‘zbekistonda esa 11 yil. Ushbu farqni bartaraf etish maqsadida Birlashgan Qirollikning 16 ta yetakchi universiteti konsorsiumi bilan O‘zbekiston uchun bir yillik “NCUK Foundation” ta’lim dasturi ishlab chiqildi. Mazkur dastur MDHda yagona bo‘lib, uning ko‘magida yoshlar ta’lim bo‘yicha farqni qoplash bilan birga, ingliz tili, matematika, iqtisodiyot kabi fanlarni mukammal o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“NCUK Foundation” konsorsiumi filialiga kollej, litsey, maktablar bitiruvchilari imtihon asosida qabul qilinadi. Ta’lim davomiyligi bir yil bo‘lib, to‘lov-shartnoma (to‘lov 7 ming AQSh dollari miqdorida) asosida amalga oshiriladi. Filialni tamomlagan yoshlar nafaqat mamlakatimiz, balki Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Avstraliyaning yetakchi universitetlariga imtihonsiz o‘qishga kiradi.
Filial “British Education” xalqaro ta’lim tashkiloti tomonidan ochildi.
– Davlatimiz rahbari Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 26 yillik marosimida mamlakatimizda ta’lim standartlari va o‘qitish uslublarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida, o‘quvchining individual qobiliyatini ro‘yobga chiqarish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlagan edi, – deydi “British Foundation Tashkent” nodavlat ta’lim muassasasi direktori Feruza Omonova. – Toshkentda “NCUK Foundation” konsorsiumi filialining ochilishi shunga xizmat qiladi. Ayni vaqtda 50 o‘quvchi konsorsiumda o‘qishni boshladi. Barcha o‘quv jarayoni Buyuk Britaniyadan kelgan malakali mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda.
Tadbirda “British Education” xalqaro ta’lim tashkiloti va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. “NCUK Foundation” konsorsiumi filialiga grant asosida tahsil olish uchun har yili 10 nafar iqtidorli yigit-qiz tomonlar tavsiyasiga asosan belgilangan tartibda o‘qishga qabul qilinadi.