OTM reytingi qanday aniqlanadi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 24-oktabr kuni oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda milliy reyting tizimini yanada takomillashtirish uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ko‘proq ilmiy faoliyatga qaratilgan reyting indikatorlaridan foydalanish va ish beruvchilar bilan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida integratsion aloqalarni baholovchi indikatorlarni joriy qilish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bu borada muayyan ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Malayziya, Angliya, Rossiya tajribasi va QS (Quacquarelli Symonds), ARWU (Academic Ranking of World Universitiyes), THE (Times Higher Education) kabi nufuzli reyting agentliklarining uslubi o‘rganildi. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari reyting indikatorlari bilan solishtirilib, tahlil qilindi. Shu asosda O‘zbekistondagi milliy oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini baholovchi yangilangan reyting tuzilmasi yaratildi. Bu, o‘z navbatida, mahalliy reyting tizimida yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga, xalqaro doirada O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining nomlari qayd etilishiga va dunyo universitetlarining nufuzli reyting ro‘yxatiga kirishiga zamin yaratadi.
Tajriba-sinov natijasi hamda nufuzli reyting agentliklarining xalqaro mezonlari asosida oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu qaror bilan oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida nizom va takomillashtirilgan reyting tuzilmasi tasdiqlanadi. Mazkur hujjat tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekistondagi mahalliy oliy ta’lim muassasalari ta’lim sifatini monitoring qiluvchi hamda ularning kelgusida xalqaro reyting agentliklari ro‘yxatidan munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashuvchi yagona, xolis tashkilot bo‘lib, bu borada nufuzli xalqaro reyting agentliklari bilan hamkorlik qilmoqda.
O‘tgan yili 31-oktabr kuni inspeksiya mutaxassislari bilan QS xalqaro reyting agentligi vakillarining dastlabki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Hamkorlik davomi sifatida 19-noyabr kuni QS xalqaro reyting agentligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Zoya Zaytseva inspeksiyada «QS reyting tizimi standartlari va talablari» mavzusida ma’ruza qildi. Uchrashuvda ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Toshkent shahridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi. Uchrashuv QS reyting tizimi standarti va talablarini o‘rganishga bag‘ishlangan savol-javob tarzida tashkil qilindi. Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalariga chet eldan talaba va o‘qituvchilarni ko‘proq jalb qilish, ta’lim muassasasida talabalarga stipendiya bera olish imkoniyatining mavjudligi ham reytingda muhim ko‘rsatkich ekani qayd etildi. Bundan tashqari, QS metodikasi bo‘yicha dunyo universitetlarining umumiy reytingidan tashqari mintaqaviy yoki fan sohalari bo‘yicha ham reyting ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
QS kompaniyasi metodologiyasi bo‘yicha to‘rt xil indikatordan foydalaniladi: ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati, bitiruvchilarga ehtiyoj darajasi, o‘qitish sifati, ta’limni baynalmilallashtirish (internatsionalizatsiya).
Ushbu indikatorlarga reytingda quyidagicha baho beriladi:
universitetning akademik obro‘si — 40 foiz (bunda universitetning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligiga baho berish uchun soha olimlari, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilardan rektorlargacha so‘rovnomaga jalb qilinadi);
universitetning ish beruvchilar orasidagi obro‘si — 10 foiz (bu yerda universitetdan qanday kadrlar yetishib chiqayotganligi, ularga bo‘lgan talab ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida baholanadi);
professor-o‘qituvchilar va talabalar nisbati — 20 foiz (bir nafar o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni);
professor-o‘qituvchining e’lon qilingan ilmiy maqolalaridan iqtibos keltirilganlik darajasi — 20 foiz (bir nafar o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan iqtiboslar soni);
xorijlik o‘qituvchilar ulushi — 5 foiz;
xorijlik talabalar ulushi — 5 foiz.
QS kompaniyasi universitetlar obro‘sini so‘rovnoma orqali aniqlash uchun ularni besh yo‘nalishga ajratadi: san’at va gumanitar fanlar, hayot va biotibbiyot haqidagi fanlar, ijtimoiy fanlar, tabiiy fanlar va texnologiya fanlari.
So‘rovnomalarni o‘tkazish tartibi juda oddiy: respondentlarga anketalar yuborilib, ulardan o‘z sohasi bo‘yicha eng yaxshi deb hisoblanadigan 30 ta universitetning nomini ko‘rsatish so‘raladi. Ish beruvchilar bilan o‘tkaziladigan so‘rov ham shu tarzda amalga oshiriladi.
2018-yili 19-dekabr kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida THE (Times Higher Education) agentligining Rossiya va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Egor Yablokov ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
THE xalqaro reyting agentligi 2004-yildan boshlab dunyo universitetlari reytingi bilan shug‘ullanadi. Uning bu boradagi asosiy hamkorlari Thomson Reuters yetakchi xalqaro axborot agentligi hamda Elseviyer yirik ilmiy nashriyot kompaniyasi hisoblanadi.
THE agentligi asosan Thomson Reuters ma’lumotlariga tayangan holda dunyodagi 400 ta eng ilg‘or universitet reytingini tuzadi va har yili sentabr-oktabr oylarida reyting natijasini e’lon qiladi.
THE metodologiyasining o‘ziga xosligi shundaki, tanlangan indikatorlar tekshirish uchun juda qulay va oson bo‘lib, mavhum holatlar uchramaydi.
THE metodologiyasi bo‘yicha quyidagi 13 indikatordan foydalaniladi: xorijiy talabalar ulushi — 2,5 foiz; xorijiy professor-o‘qituvchilar ulushi — 2,5 foiz; Web of Science bazasida xorijlik hammualliflar bilan chop etilgan maqolalar — 2,5 foiz; ilmiy tadqiqotlar saviyasi bo‘yicha o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijasi — 18 foiz; ilmiy faoliyatdan olingan daromad — 6 foiz; bir professor-o‘qituvchiga Web of Science bazasida to‘g‘ri keladigan maqolalar soni — 6 foiz; ilmiy maqolalaridan iqtibos keltirilganlik darajasi — 30 foiz; iqtisodiyotning real sektoridan olingan daromadlar — 2,5 foiz; ta’lim sifati bo‘yicha o‘tkaziladigan so‘rov natijasi — 15 foiz; professor-o‘qituvchilar va talabalar nisbati — 4,5 foiz; ilmiy darajali professor-o‘qituvchilarning ilmiy darajasi yo‘q o‘qituvchilarga nisbati — 2,25 foiz; hisobot yilida ilmiy daraja olganlar soni — 6 foiz; yil yakunida universitetning jami daromadlari — 2,25 foiz.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan THE agentligi o‘rtasida kelgusida amalga oshiriladigan quyidagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib olindi:
O‘zbekiston milliy reyting tizimi metodologiyasini THE bilan hamkorlikda takomillashtirish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalar berish;
THE agentligi tomonidan har yili o‘tkaziladigan sammit a’zoligiga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini qo‘shish;
Milliy OTMlarni THE metodologiyasi asosida reytingga tayyorlash bo‘yicha konsalting xizmatini yo‘lga qo‘yish va hokazo.
2018-yili 28-dekabr kuni inspeksiyada oliy ta’lim muassasalari vakillari uchun «Scopus va Science Direct xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasidan foydalanish va ilmiy maqolalarni yuqori impakt-faktorga ega jurnallarda chop etishga tayyorlash» mavzusida Elseviyer Markaziy Osiyo mintaqaviy direktori Aliya Ospanova bilan uchrashuv tashkil etildi. A.Ospanova professor-o‘qituvchilarning ilmiy maqolalarini yuqori impakt-faktorli jurnallarda chop ettirish talablari bo‘yicha metodik ko‘rsatmalar berdi.
Uchrashuvda Science Direct bazasidan kerakli ma’lumotlarni izlash, ushbu jarayonni optimallashtirish hamda Science Direct, Scopus bazasiga kiruvchi jurnallarda maqolalarni nashr qilish talablari xususida so‘z yuritildi.
Scopus bazasidan foydalanishda, xususan, professor-o‘qituvchilar ilmiy maqolalari tahlili, iqtiboslar sonini hisoblashda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Yuqoridagi uchrashuv va muloqotlarning dastlabki ijobiy natijasi sifatida shuni ta’kidlash mumkinki, 2019-yilning 15-fevral kuni Davlat inspeksiyasida THE agentligining Rossiya va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Egor Yablokov o‘zining navbatdagi rasmiy uchrashuvida O‘zbekiston milliy OTMlari reyting tizimida qo‘llanilgan metodologiya va reyting indikatorlari bo‘yicha xalqaro ekspert xulosasini taqdim qildi.
“O‘zbekiston milliy reyting tizimi uchun ishlab chiqilgan metodologiya OTMlar faoliyatini baholovchi muhim mezon bo‘lib, uning tarkibiga kiritilgan ko‘plab indikatorlar xalqaro reyting metodologiyasiga mos keladi. Bu o‘z navbatida respublika oliy ta’lim muassasalarining dunyo ilmiy ta’lim maydoniga moslashuvida muhim ahamiyatga egadir”, dedi xalqaro ekspert.
Joriy yilda xalqaro mezonlarga muvofiq takomillashtirilgan reyting tuzilmasi asosida Respublika oliy ta’lim muassasalarining 2018-yildagi faoliyati bo‘yicha reytingi aniqlanadi va jamoatchilik e’tiboriga yetkaziladi.
Akbar ALIMOV, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i,
Otabek SATTOROV, bosh mutaxassis