Bitiruvchilar 100 foiz ish bilan ta’minlanadi
Mamlakat taraqqiyotini fan va ishlab chiqarish uyg‘unligisiz tasavvur etish qiyin. Bu borada yurtimizda so‘nggi yillarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ilm-fan ahliga e’tibor kuchaydi, pedagoglarning nufuzi va obro‘si tobora oshib bormoqda. Maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga jalb etish, ularning ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoit yaratish hamda qobiliyatini munosib rag‘batlantirish borasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagidagi yoshlar safi so‘nggi ikki yilda ancha kengaydi.
Navoiy davlat konchilik instituti respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari ichida o‘z nufuzi va mavqeyiga ega. Muassasaning bugungi holati va imkoniyati avvalgi yillardagidan butunlay farq qiladi. Institutning zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. O‘quv-laboratoriya xonalari, auditoriyalarning moddiy-texnik bazasi butkul yangilandi. O‘tgan qisqa davr ichida institutga umumiy qiymati 6 million AQSh dollariga teng bo‘lgan zamonaviy laboratoriya qurilmalari keltirib, o‘rnatildi. Barcha fakultetlarning o‘quv auditoriyalari zamonaviy multimedia vositalari bilan jihozlandi. Ayni paytda qariyb 600 ta kompyuter foydalanuvchilarga xizmat qilyapti.
Oliy ta’lim muassasamizga keltirilgan zamonaviy o‘quv qurilmalari asosida “Fizik-kimyoviy tadqiqotlar” va “Mexatronika” ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etildi. Geotexnologiya, metallurgiya, biotexnologiya, elektr manbayini tejash, elektron asbob-uskunalar, robototexnika, mashinasozlik, kimyoviy texnologiyalar, muqobil energiya manbalari, elektron o‘lchov asboblari, material-shunoslik, metallarni qayta ishlash texnologiyasi kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda sinov o‘tkazish uchun imkoniyat yaratildi. “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi hududida kon-metallurgiya sanoatiga ixtisoslashgan zamonaviy texnopark tashkil etildi. Mazkur texnoparkda professor-o‘qituvchilar va talabalar zamonaviy laboratoriya uskunalari yordamida amaliy mashg‘ulot o‘tamoqda. Talabalar auditoriyada olgan nazariy bilimini ishlab chiqarish korxonalarida mustahkamlamoqda. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ning “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi, markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, 1-gidrometallurgiya zavodi, Markaziy kon boshqarmasi, 5-kon boshqarmasi hamda “Navoiyazot”, “Elektrokimyozavod”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” va “Viloyat elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarida tashkil etilgan kafedra filiallarida talabalarni dual tizimda o‘qitish imkoniyati mavjud.
Ishlab chiqarish korxonalari, xususan, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi bilan amalga oshirilayotgan samarali hamkorlik institutning foydalanilmayotgan ichki imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash bilan bir qatorda, ilmiy potensialni yanada mustahkamlashda qo‘l kelmoqda.
Navoiy davlat konchilik institutining ilmiy-tadqiqot faoliyati kon-metallurgiya sohasining ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan. Institutda faoliyat ko‘rsatayotgan yetakchi kafedralar ishlab chiqarish korxonalari, jumladan, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK boshqaruvidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, “Elektrokimyozavod”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” kabi yirik korxonalar, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari, O‘zR FA huzuridagi va boshqa idoralarga tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik olib bormoqda.
Olimlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar o‘z samarasini bermoqda. Bugungi kunda institutda davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida qiymati 1 milliard 115 million so‘mlik 14 ta davlat granti hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinati korxonalari va “Navoiyazot” AJning ishlab chiqarish muammolari yechimiga qaratilgan umumiy qiymati 1 milliard 54 million so‘m bo‘lgan 12 ta xo‘jalik shartnomasi asosida ilmiy ishlar bajarilmoqda.
Institutning mutaxassislik kafedralari tomonidan fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish maqsadida kafedralarda 7 ta innovatsion guruh tashkil etilgan. Bu guruhlarga institut professor-o‘qituvchilari, yetakchi olimlar, doktorantlar, magistr va iqtidorli talabalar jalb etilgan.
Hamkorlik o‘rnatilgan korxona va tashkilotlarning ilmiy-texnik muammolari asosida ilmiy-tadqiqot mavzulari bazasi shakllantirilgan bo‘lib, bugungi kunda innovatsion guruhlar tomonidan ularning yechimiga qaratilgan kurs, bitiruv-malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari bajarilyapti.
Navoiy davlat konchilik institutida ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash bo‘yicha 2022-yilgacha mo‘ljallangan istiqbolli reja ishlab chiqilgan. 2018-yili institutning 4 nafar xodimi fan doktori (DSc) va 9 nafar xodimi falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini yoqladi.
Talabalar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DKga qarashli Navoiy mashinasozlik zavodi, 1-, 2-, 3- va 4-gidrometallurgiya zavodlari, kon boshqarmalari va boshqa ishlab chiqarish obyektlarida bilim va tajribasini oshirmoqda. “Navoiyazot” AJ, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi”, “Qizilqumsement” AJ, “Navoiy elektr tarmoqlari” kabi ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik natijasida bitiruvchi talabalar yuz foiz ish bilan ta’minlanyapti.
Amalga oshirilgan ushbu keng qamrovli ishlarda, avvalo, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ulkan hissasi bor. Bugungi kunda institut kombinat tarkibidagi bo‘linma sifatida faoliyat yuritadi. Shu sababli kombinat tayyorlanayotgan mutaxassis kadrlarga asosiy buyurtmachi hisoblanadi. Eng muhimi, bitiruvchilarimiz ishga kirguniga qadar ishlab chiqarish korxonasidagi mavjud texnologiyalardan amalda foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi.
Jamoliddin NAZAROV, Navoiy davlat konchilik instituti prorektori