Haqiqatga mos odilona taklif
Professor Rustam Xolmurodovning O‘zA saytida e’lon qilingan “Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?” nomli maqolasi nafaqat ilmiy doiralar, balki turli kasb egalari, umuman, keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Chunki unda jahon tamadduni, ma’naviyati va ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan davlatlar qatorida O‘zbekiston mamlakati va o‘zbek xalqining muborak nomi tilga olinishi haqiqatan ham to‘g‘ri va faxr bilan qayd etilgan.
Takror bo‘lsa-da, o‘zimizga savol berib ko‘raylik: Yevropaning mashhur Bolonya, Oksford, Kembrij, Sorbonna, Salerna, Uppsala, Xaydelberg kabi qator ilm dargohlari qachon va qay tarzda shakllangan? Bu nomdor ilm dargohlari dastlab IX-XIII asrlarda diniy ta’lim muassasalari tarzida shakllangan va keyinchalik shu asosda ular tarixi hozirgi universitetlar tarixiga bog‘lanmaganmidi?
Maqolada ta’kidlanganidek, “Xuddi shunday maqomda ish boshlagan G‘arbning o‘nlab universitetlari o‘z tarixini qadimga bog‘laydi va g‘urur bilan... bong uradi. Biz esa hanuzgacha 1918-yildan oliy ma’lumotli bo‘la boshlaganmiz, deb kamtarlik qilamiz. Vaholanki, bizdagi universitetlarning shakllanish tarixi ham aynan G‘arb universitetlaridek tarixga ega”.
Akademik B.Valixo‘jayev IX-X asrlarda Samarqand shahrida 17 ta madrasa faoliyat ko‘rsatganini qayd etib, jumladan, Ahmad Nasafiyning “Matla’ an-nujum va majma’ al-ulum” asaridagi ma’lumotga tayangan holda madrasalarda diniy ilm bilan birga dunyoviy ilmlar ham o‘rganilgani haqida ma’lumotlar keltiradi. Birgina shu dalilning o‘zi ham bizning universitetlar tarixi xorij universitetlari tarixidan aslo qolishmasligini ko‘rsatadi.
Temuriy sulton Mirzo Ulug‘bekning madrasasi hatto hozirgi zamon talabiga mos kela oladigan ilk universitet edi. Faktlarga murojaat etilsa, bunga to‘liq ishonch hosil qilish mumkin. Mirzo Ulug‘bekning Samarqand madrasasi o‘lka xalqlariga ilm-fan markazi vazifasini o‘tagan. Shu bois, bu yerga uzoq-yaqin o‘lkalardan 200 dan ortiq olim jalb etilib, bevosita Ulug‘bek homiyligida faoliyat ko‘rsatgan. Samarqand madrasasi 1420- yilda qurib bitkazilgan bo‘lib, ikki qavatli, burchaklaridagi to‘rtta darsxonaning ustida to‘rtta gumbazi va to‘rtta minorasi bo‘lgan. Madrasaning har qavatida 25 tadan hujra bo‘lib, har bir hujrada 2 nafar talaba yashagan. Madrasaga o‘sha davrning turli mamlakatlaridan kelgan iste’dodli talabalar joylashtirilgan. Madrasa peshtoqiga “Talab ul-ilma farizat un-alo kulli muslimin va muslimatun”, ya’ni "Ilm olish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir" degan muqaddas oyat o‘yib bitilgan.
Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Mirzo Ulug‘bek (1419-y. 28-noyabrda) har bir madrasaga kelib, iste’dodli talabalarga qo‘shimcha in’omlar ulashgan. Bu bilan iste’dodli yosh olimlar ko‘proq yetishib chiqishi uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan, ularga homiylik qilgan. Ulug‘bekning bu kabi homiyligi bizning zamonda talabalar uchun joriy etilgan stipendiyani eslatadi.
Shunisi xarakterliki, Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasalarga dars beruvchi va bosh mudarris tayinlashda ham ibratli yo‘l tutilgan. Masalan, madrasa ochilgan kuni sakkiz nafar olim yig‘ilib, Mavlono Xavofiy bosh mudarrislikka o‘tishi uchun undan ma’ruza o‘qishni so‘rashadi. Xavofiyning darsiga Mirzo Ulug‘bek va Qozizoda Rumiy ham tashrif buyurgan. Tarixiy manbalarda eslatilishicha, dars muhokamasidan so‘ng o‘sha kuni Mavlono Muhammad Xavofiy bosh mudarris qilib tayinlangan. Mirzo Ulug‘bek tomonidan mudarrislikka qabul qilinuvchilar uchun joriy etilgan “ochiq dars”lar bugungi oliy ta’lim tizimida pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilishdan avval ochiq dars o‘tkazish tartibiga o‘xshaydi.
O‘ziga xos akademiya vazifasini o‘tagan madrasa peshtoqida yulduzlar to‘la koinot tasvirlangan. Bu hol madrasada o‘qitiladigan fanlar orasida astronomiyaga, ya’ni koinot ilmiga alohida ahamiyat berilganidan dalolat beradi. Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, koinot ilmi, ya’ni astronomik kuzatish ishlarini Mirzo Ulug‘bek Samarqand madrasasi ta’limi davridanoq boshlagan. Chunki madrasa xonalaridan biri koinotni kuzatishga moslashtirilgan edi. Keyinchalik Mirzo Ulug‘bekning rag‘bati va zo‘r sa’y-harakati bilan 1424-1428-yillarda Samarqandning shimoliy tarafida Obirahmat arig‘i bo‘yida Ko‘hak tepaligi ustiga maxsus astronomik rasadxona qurildi. Shundan so‘ng madrasada olib borilgan astronomik kuzatish ishlarini rasadxonada keng ko‘lamda davom ettirgan.
Samarqand universitetining haqiqiy tarixini Mirzo Ulug‘bek “madrasai oliya”sining ochilish davri bilan bog‘lash haqidagi taklifni haqiqatga to‘liq mos, deb bilamiz va uni qo‘llab-quvvatlash lozim, deb hisoblaymiz. Millat tarixini g‘urur bilan jahonga ma’lum etish esa hozirgi kunning dolzarb masalasidir.
Usmon SANAQULOV,
Samarqand davlat universiteti professori