O‘zini o‘zi moliyalashtirgan oliy ta’lim muassasasiga imtiyozlar beriladi
Shu kunlarda oliy ta’lim tizimida yuz berishi kutilayotgan yangilik va o‘zgarishlar jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Sohadagi yangiliklar mohiyatiga oydinlik kiritish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Odil Abdurahmanov quyidagilarni so‘zlab berdi.
— Davlatimiz rahbari o‘tgan yili oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, zamon talablari darajasida qayta tashkil etish yuzasidan qator topshiriqlar bergandi. Xususan, talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonini kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to‘lov-kontrakt tizimiga o‘tkazish, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan iqtisodiy mustaqil tizimga o‘tish vazifasi qo‘yilgan edi.
Bugungi kunda respublikada jami 99 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yurityapti. Shundan 14 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va filiallari. 2018-yili yurtimizda 16 yangi OTM tashkil etildi. 52 OTMda sirtqi, 9 OTMda kechki ta’lim shakli joriy etildi. 16 OTMda yetakchi xorijiy OTM bilan hamkorlikda 33 ta’lim yo‘nalishi va 14 mutaxassislik bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
So‘nggi ikki yilda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar davlat budjetidan moliyalashtirish hajmining o‘sishiga olib keldi. Xususan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalari va tashkilotlar uchun davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hajmi 83,7 foizga (2016-yilga nisbatan) oshgan. 2018-yili jami 784,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, shundan 351,3 milliard so‘m ish haqiga, 269,0 milliard so‘m stipendiyaga, 86,3 milliard so‘m ish haqidan ajratmaga va 78,1 milliard so‘m boshqa saqlash xarajatlariga sarflangan.
Rivojlangan davlatlarda asosan oliy ta’lim olish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, talabalarga stipendiya to‘lanmaydi. Faqat eng iqtidorli talabalar stipendiya bilan ta’minlanadi. Yurtimizda esa talabalar o‘rtacha 8,7 million so‘m to‘lov-kontrakt to‘lasa, talabalarga o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga qarab mazkur mablag‘ning qariyb 90 foizi stipendiya sifatida qaytarib beriladi.
Oliy ta’lim tizimida keng ko‘lamli iqtisodiy islohotni amalga oshirish uchun vaqt, puxta reja va istiqbolli loyihalar kerak. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida iqtisodiy islohot o‘tkazish maqsadida amalga oshirilgan ishlar (talabalarning shartnoma pulining oshirilishi) ortidan ko‘plab bahs-munozaralar kelib chiqqani hammaga ma’lum. Shu ma’noda aytish lozimki, OTMga iqtisodiy mustaqillik berish tez fursatda hal etiladigan ish emas. Bunday islohotlarni puxta o‘ylab, aniq rejalar asosida, bosqichma-bosqich amalga oshirish zarur.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab tajriba tariqasida bir qator oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich moliyaviy barqarorlikka erishishning yangi tizimiga o‘tkazishni rejalashtirgan. Birinchi bosqichda mustahkam huquqiy baza ishlab chiqiladi va OTM o‘z jamoasini tayyorlaydi. Pedagoglarni o‘quv-metodik va moliyaviy tomondan ta’minlaydi. Bu jarayon vazirlik tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi.
O‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalariga davlat tomonidan qator imtiyozlar beriladi. Jumladan, 2022-yilning 1-yanvariga qadar tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilgan manbalardan qo‘shimcha daromad oluvchi, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan davlat oliy ta’lim muassasalari undirib olinadigan barcha turdagi soliqlardan ozod etiladi. Shuningdek, OTM bilan o‘zaro kelishuv va qo‘shma dasturlar (fakultetlar) bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan xorijiy OTM yurtimizda amalga oshirayotgan ta’lim faoliyati doirasida barcha turdagi soliqlardan ozod etiladi. Iqtisodiy mustaqillikka erishgan OTMga yana qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan.