OTMlardagi korrupsiyaga sabab nima?
Yaqinda «Ma’rifat» gazetasida «Korrupsiya oliy ta’lim tizimini yemirmoqda» nomli maqola e’lon qilindi. Maqolada juda dolzarb masala ko‘tarilgan. Darhaqiqat, semestr imtihonlaridan pul yoki «xizmat» evaziga o‘tib, diplom olgan «mutaxassis»ning yurt ravnaqi uchun xizmat qilishini kutish qiyin. O‘qish paytidayoq «oldi-berdi»larga o‘rgangan yigit-qiz ish faoliyatida ham shunday holatlarni davom ettirmasligiga kafolat yo‘q. «Transparency International» tashkilotining korrupsiya indeksida 180 davlat orasida 157-o‘rinni egallashimiz ham bejiz emas. Shu o‘rinda oliy ta’limda o‘qish va baholash jarayonini tashkil qilishdagi qanday omillar korrupsiyaga yo‘l ochmoqda, degan savolga ham javob izlash kerak. Xorijiy universitetlardagi o‘qitish va baholash tizimini milliy oliy ta’lim muassasalarimizdagi jarayonlarga solishtirish asnosida yuqoridagi savolga javob izlab ko‘ramiz.
Birinchi navbatda universitetlarimizda sessiya qanday tashkil etilishini tahlil qilaylik. Talaba semestr davomida o‘nlab fanlarni o‘qiydi. Ularning kamida yarmi bo‘lajak kasbiy faoliyatida kerak bo‘lmasligini talaba ham, o‘qituvchi ham yaxshi biladi. Keraklisining o‘qitilish sifati esa ayrim hollarda haminqadar. Chunki dars o‘tadigan o‘qituvchi vazirlik belgilagan yuklamani bajarish uchun semestr davomida bir necha fandan darsga kirishi va har kuni so‘raladigan hisobot-u jadvallarni to‘ldirishi shart. Bunday holda o‘qituvchining darsga tayyorlanishiga vaqt qolishi gumon. Oqibatda auditoriyaga kirib, bir paytlar o‘qigan, eshitganlari bilan talabani avrashga majbur. Har kuni taxminan olti soat darsda o‘tirishga majbur talabada esa, tabiiyki, mustaqil kitob yoki ilmiy adabiyot titkilashga na vaqt, na hafsala bor. «Qozonda bori cho‘michga chiqadigan» sessiya payti yo‘q bilimni yuzaga chiqarish kerak. Bilim yo‘q bo‘lgandan keyin uning o‘rnini bosuvchi boshqa «qiymatlar» topiladi.
Korrupsiyaga yetaklovchi yana bir muhim omil — aksar hollarda fan o‘qituvchisida ham, talabada ham fanni o‘zlashtirish natijasida talaba qanday ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozimligi, oraliq va yakuniy nazoratlarda bu ko‘nikmalar qanday tekshirilishi, qaysi mezonlar asosida baholanishi haqida aniq tasavvur yo‘qligidir. To‘g‘ri, o‘quv yili boshida har bir fan bo‘yicha ishchi reja tuziladi. Unda o‘zlashtirish natijasida talabalar fanni egallashi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalar, o‘tiladigan mavzular ketma-ketligi, adabiyotlar ro‘yxati yoziladi. Ishchi rejani odatda har bir o‘qituvchi o‘z fanidan tuzadi. Demak, o‘quv yili davomida o‘nlab har xil fanni o‘qitishga majbur o‘qituvchi yil boshida shuncha ishchi reja tuzishi kerak. Bu degani — ishchi reja apil-tapil tuziladi va uning asosiy vazifasi kafedrada turishi va kerakli paytda komissiyaga ko‘rsatilishidan iborat. Bu dastur fanni o‘zlashtirish yakunida talaba qanday mezonlar asosida baholanishi haqida aniq, tushunarli ma’lumot beradimi-yo‘qmi, muhim emas. Muhimi — dastur bormi-bor. Bu dastur amalda bajarilyaptimi-yo‘qmi, unisi ham hech kimga qiziq emas.
Oraliq va yakuniy nazoratlarda esa savollar ko‘pincha talabaning fanni o‘zlashtirish davomida egallashi ko‘zda tutilgan ko‘nikma yoki malakalarni emas, xotirani tekshirishga qaratiladi. Darsda eshitgan yoki darslikda berilgan tushunchalarni qaytarish so‘raladi. Bunda ham ish sifati emas, hajmi rol o‘ynaydi: o‘n ikki varaqlik daftarni bir-bir yarim soat ichida imkon qadar to‘ldirish kerak. Talaba esa bu vazifani uddalash uchun yoki ko‘chiradi, yoki «aravani quruq olib qochadi». Hamma uchun birdek tushunarli talablar va baholash mezonlari bo‘lmaganidan keyin, bunday «ijod» namunasini baholash esa o‘qituvchi vijdoniga, ba’zan esa talabaning himmatiga havola bo‘ladi.
Oliy ta’lim muassasalarimizda sessiya bilan bog‘liq yana bir qiziq va tushunarsiz holat: fan o‘qituvchisiga oraliq va yakuniy nazoratlarni sifatli tekshirib, baholash uchun yetarli vaqt ajratilmasligidir. Odatda o‘qituvchiga butun akademik potok (100 dan oshiq talaba) ishini baholash uchun bir-ikki kun vaqt beriladi. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, fan bo‘yicha nazorat sessiya haftasining oxirgi kuniga to‘g‘ri kelib qolgani uchun shu kunning o‘zida baholash talab qilinadi. Bunday vaziyatda o‘qituvchi istasa ham shuncha talabaning ishini qisqa muddat ichida obyektiv va sifatli baholay olmaydi. Bu holat ham talaba va fan o‘qituvchisi o‘rtasidagi ortiqcha bahs-munozaralarga, ayrim hollarda esa «oldi-berdi»larga sabab bo‘ladi.
Oliy ta’lim muassasalarimizda baholash jarayonidagi muammolardan yana biri fan o‘qituvchisi va talaba, fan o‘qituvchisi va guruh sardori, talaba va universitet rahbariyati (dekanat, rektorat) hamda universitet rahbariyati va fan o‘qituvchisi o‘rtasidagi ortiqcha muloqotlardir. Baho qo‘yish jarayoniga hamma aralashadi: talabaning o‘zi (“men beshlik (yoki to‘rtlik) talabaman”, “ishlab kontrakt pulimni o‘zim to‘layman”, “xizmat bo‘lsa tayyorman” singari har xil bahona-yu vajlar topiladi), talaba o‘qiydigan guruh sardori (ular ko‘pincha talaba va o‘qituvchi o‘rtasida vositachilik qiladi). Guruh sardori ishni bitira olmasa, universitetning yuqori bo‘g‘inlaridagi “tanka”lar ishga solinadi: shikoyatlar, arizalar, iltimoslar, tahdidlar... O‘qituvchi oxir-oqibat talabaga bahosini qo‘yib berishga majbur bo‘lishini bilib, tinchgina talaba bilan yoki guruh sardori vositasida muammoni hal qilishni afzal ko‘radi. Axir, baribir qo‘yib berar ekansan, hech bo‘lmaganda buning evaziga talabadan nimadir undirib olgan ma’qul emasmi?
Xorijiy universitetlarda talabalar bilimini baholash jarayoni qanday yo‘lga qo‘yilgan? Qaysi jihatlari bilan bizdagidan farq qiladi? Birinchidan, har bir fan bo‘yicha semestr davomida o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan tushunchalar, ko‘nikma va malakalar, fan bo‘yicha baholashga qo‘yiladigan talablar (nazorat ishlarining soni, turi, shakli, topshirilish muddatlari va hokazo), baholash mezonlari fan bo‘yicha dasturda (sillabusda) aniq yozilib, bu dastur mazkur fanni o‘rganayotgan har bir talabaga beriladi. Talaba fanni nima uchun o‘zlashtirayotganini, baho olishi uchun qanday talablarni bajarishi lozimligini aniq biladi.
Shu o‘rinda yana bir muhim farq. Har bir fan bo‘yicha nazorat ishlari soni, turi fandan kelib chiqqan holda belgilanadi. Masalan, agar fan uchun talabaning manbalar bilan ishlay olish, ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish, tanqidiy yondashuv singari ko‘nikmalari muhim bo‘lsa, o‘qituvchi bu ko‘nikmalarni biron-bir tadqiqot yoki loyiha misolida ko‘rmoqchi bo‘lsa, fan bo‘yicha baho faqat kurs ishidan iborat bo‘lishi mumkin. Bunday kurs ishi semestr davomida mustaqil bajarib boriladi va semestr oxirida topshiriladi. Agar fan bo‘yicha oraliq yoki yakuniy nazorat ishlari auditoriyada bajariladigan imtihon shaklida bo‘lsa, bu imtihonda topshiriqlar soni va ko‘lami, ularni bajarishga ajratiladigan vaqt topshiriqlar mohiyatidan kelib chiqib belgilanadi.
Ikkinchidan, talaba va fan o‘qituvchisi o‘rtasida baho bo‘yicha hech qanday muloqot yoki muzokara bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar fanda kurs ishi topshirish nazarda tutilgan bo‘lsa, bu elektron ta’lim tizimi orqali amalga oshiriladi va talabaning ism-familiyasi ko‘rsatilmaydi. Agar auditoriyada imtihon olinsa, talabalar ishni daftarga emas, maxsus varaqlarga yozishadi va titulda talabaning kodi ko‘rsatiladi. Demak, har ikki holatda ham o‘qituvchi kimning ishini tekshirayotganini bilmaydi. O‘qituvchiga talabalar ishini belgilangan mezonlar va talablar asosida tekshirish uchun yetarli vaqt beriladi: odatda bu vaqt ikki haftadan bir oygacha bo‘ladi. Bu vaqt ichida o‘qituvchi talabalar ishini baholab, har bir ish uchun izoh (taqriz) yozadi. Talaba o‘z bahosini va o‘qituvchi izohini elektron tizimdan bilib oladi: barcha talabalarning bahosi bir paytda e’lon qilinadi, lekin talaba elektron tizimda faqat o‘z bahosini ko‘rishi mumkin. Umumiy qaydnoma (vedomost) degan tushuncha ham mavjud emas, shuning uchun talaba boshqalarning bahosini ko‘ra olmaydi va “nega falonchiga unday baho qo‘yildi, menga bunday?”, “nega falonchining bahosi menikidan yuqori?” singari ortiqcha gaplar bo‘lmaydi. Shuningdek, xorijda talabaning bir fandan olgan bahosi boshqa fanga ta’sir qilmaydi, chunki har bir fan bo‘yicha alohida talablar va baholash mezonlari mavjud. Bu degani “falonchi beshchi talaba ekan, hamma fanidan besh olayotgan ekan, bu fandan ham besh qo‘yish kerak ekan” kabi yondashuv bo‘lishi mumkin emas. Umuman, o‘qituvchi baho qo‘ygandan keyin talabada bu bahoni muhokama qilish vakolati mavjud emas. Tabiiyki, universitetning yuqori strukturalarida ham o‘qituvchi qo‘ygan bahoga ta’sir qilish vakolati yo‘q. Hamma uchun bir xil, tushunarli, oldindan e’lon qilingan mezonlarga rioya qilinishi baholashning shaffofligi va obyektivligini ta’minlaydi. Xususan Buyuk Britaniyada o‘qituvchi qo‘ygan bahoning mezonlarga mosligini maxsus baholash komissiyasi tekshirib tasdiqlaydi (bu komissiya tarkibiga mazkur universitet, boshqa universitetlar, ta’lim sifatini nazorat qiluvchi organlar va ish beruvchilar vakillari kiradi) va bu jarayon ham qo‘yilgan baholarga ishonchni oshirishga xizmat qiladi.
Baholash jarayonining yana bir muhim jihati shundaki, bu jarayon davomida ham talaba nimanidir o‘rganishiga, qo‘yilgan maqsadlarga erishishiga yordam berishga harakat qilinadi. Ko‘p universitetlarda semestr oxirida fan bo‘yicha topshirilishi kerak bo‘lgan kurs ishining xomaki nusxasini semestr o‘rtasida topshirish va o‘qituvchining batafsil izohini olish imkoni mavjud. Ba’zi universitetlarda bu majburiy, boshqalarida ixtiyoriy. Britaniyada o‘zim o‘qigan universitetda bu ixtiyoriy edi: talaba istasa, bu imkoniyatdan foydalanib, fan bo‘yicha qaysi jihatlarni to‘g‘ri tushunayotganini, qaysi jihatlariga esa ko‘proq e’tibor berishi lozimligini bilib olishi mumkin. Bu imkoniyat mening o‘qigan fanlarim bo‘yicha talablarni to‘g‘ri tushunishim, kurs ishlarini sifatli bajarishda katta yordam bergan.
Komil JALILOV