“Buyuk kelajak” guruhi eksperti Ulug‘bek madrasasini Samarqand davlat universiteti tasarrufiga o‘tkazilishini taklif qilmoqda
Ma’lumki, “Uyg‘onish davri” tushunchasi “erkin fanlar mustaqil fanlar sifatida hamda ularning inson xulqi, xarakterini shakllantirish yoki muqaddas kitoblarga tavsif berish, va’zlar hamda dinshunoslik haqida ma’lumot berishga layoqati uchun o‘rganilgan va mumtoz adabiyotga yaqindan e’tibor bergan holda ta’lim sohasida islohotlar amalga oshirish davriga” ta’rif berish uchun qo‘llaniladi.
Bu ta’rif Yevropa Uyg‘onish davrida nimalar sodir bo‘lganini aniq tasvirlaydi. Uyg‘onish davri evrilishlariga hissa qo‘shgan ulkan o‘zgarishlardan biri ibodatxonalar qoshida maktablar tashkil etilishi edi. Bunday maktablar sobor jamoa maktablarining paydo bo‘lishiga olib keldi. Keyinroq sobor jamoa maktablari gullab-yashnadi va ta’limga katta ta’sir o‘tkazib, birinchi universitetlar shakllanishiga zamin yaratdi.
Umuman, universitetlar paydo bo‘lishi o‘rta asrlar Islom madaniyatiga borib taqaladigan ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitetlar ta’sis qilinishidan yuzlab yillar oldin turli mamlakatlardan kelgan talabalarga Islom maktablari yoki madrasalarda islomiy ta’lim berilgan. Keyinroq universitet sifatida tashkil topgan muassasalar paydo bo‘lishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri asos bo‘lgan maktablar mavjudligi islomiy tamaddun yuksalgan 9-11-asrlar hisoblanadi.
12- va 14-asrlarda Buyuk ipak yo‘lidagi shaharlarning rivojlanishi va urbanizatsiya jarayoni tufayli jahon tajribasini bu shaharlarga olib kirish va ularning mahalliy o‘ziga xoslik xususiyatlarini shakllantirish kuchaydi. 14-asrdan oldin, musulmon Markaziy Osiyosining intellektual hayoti keng ma’noda diniy ta’lim shug‘ullangan Islom madrasalari bilan bog‘liq bo‘lgan; nisbatan kam sonli madrasalargina qoshida haqiqiy intellektual insonlar borligi bilan maqtana olar edi, xolos.
Ulug‘bekning islohotlarida diniy ta’lim bilan birga, dunyoviy ta’limga ham urg‘u berilgandan keyin u Markaziy Osiyoda ta’lim markazi yaratdi. Ulug‘bek davrida ta’limga, ayniqsa, ilmiy tadqiqotlarga katta e’tibor berilgani tufayli ziyolilarning ijtimoiy nufuzi ham oshib bordi. Buning ustiga Bolonya, Oksford, Rim va Parijda jamoa maktablari kabi o‘sib borayotgan bilim markazlari ham mavjud bo‘lgan.
Samarqandda Islom Uyg‘onish davri
O‘rta asrlarning uchta afsonaviy dorilfununi (madrasalari) Ulug‘bek madrasasi, Sherdor va Tillakori madrasalari joylashgan shaharning qadimiy markazidagi katta maydon. Madrasalar turli davrlarda qurilgan. Dastlab Ulug‘bek madrasasi – Amir Temurning nabirasi, podshoh va falakiyotchi olim Ulug‘bek tomonidan 4 yil ichida, 1417-1420-yillarda qurilgan. Ushbu Temuriylar hukmronligi davrida qurilgan Ulug‘bek madrasasining o‘tkir uchli peshtoqi bor keng ayvoni yoki portali (kirish qismi) maydonga qaratib qurilgan. Burchaklarda baland minoralar bor. Ayvonga kirishdagi arka geometrik shakllardagi naqshlar bilan bezatilgan. Kvadrat shaklidagi hovlida masjid va ma’ruza xonalari, ikkinchi qavatda esa toliblar yashagan hujralar joylashgan. Markaziy chiziqlar bo‘ylab uzun ayvonlar qurilgan. Dastavval Ulug‘bek madrasasi burchaklarida to‘rt gumbazli darsxonalardan iborat ikki qavatli bino bo‘lgan.
Ulug‘bek madrasasi 15-asrda qurilgan Islom Sharqining eng yaxshi dorilfununlaridan biri bo‘lgan. Ulug‘bek hukmdorligi davrida ushbu madrasa ilm-fan markazlaridan biriga aylangan. Zayniddin Vosifiy qoldirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu madrasaning me’mori mashhur matematik Qozizoda Rumiyning shogirdlaridan biri – Kamoliddin Muhandis bo‘lgan.
Ulug‘bek madrasasi 15-asrda musulmon Sharqining eng yaxshi universitetlaridan biri bo‘lgan. Rivoyatlarga ko‘ra, bu dargohda fors adibi, olim va faylasuf Abdurahmon Jomiy tahsil olgan. Matematika, geometriya, mantiq, ilm, kodlar, inson haqida, jahon ruhi, dinshunoslik bo‘yicha ma’ruza va darslar o‘tilgan va ularni Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi o‘z davrining taniqli olimlari olib borgan. Ulug‘bekning o‘zi ham madrasada dars bergan hamda hukmdor va olim sifatida sodda, biroq juda bilimli inson Muhammad Havofiyni rektorlik lavozimiga tayinlagan.
Mirzo Ulug‘bek – Markaziy Osiyoda birinchi madrasa-universitet asoschisi Ozarbayjon poytaxt shaharlari Marv va Tabrizda Elxoniylar ta’lim, ilm-fan va xayr-ehson muassasalariga asos solishgan va bu bilan ushbu sohalar rivojiga hissa qo‘shgan. Ozarbayjon va Elxoniylar hukmronlik qilgan Eron, Anado‘li va qo‘shni hududlarga turli darajada ta’sir o‘tkazilgan. Temuriylar va Usmoniy Turk hukmdorlari ham Elxoniylardan ilhomlanishgan. Ikkala sulola ham ulug‘vorlikda bir-biridan qolishmaydigan yodgorliklar va turli muassasalarga asos solgan.
Ulug‘bek (1394-1449) Samarqandda madaniy va ilmiy rivojlanishga yangi hayot bag‘ishlanganidan ruhlanib ish yuritgan. Samarqandning ko‘zga ko‘ringan olimlaridan G‘iyosiddin al-Koshiy Ulug‘bekka beqiyos xotira egasi va til o‘rganishga buyuk iste’dodi bor shaxs, matematika va astronomiya sohalarida to‘laqonli olim sifatida ta’rif bergan.
Samarqand bundan avval ham uzoq muddat ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lib kelgan. Ulug‘bekning ilm-fanga ishtiyoqi hamda dunyoviy bilimlar borasidagi fikrlari taraqqiyotning yangi bosqichida juda yaxshi samara berdi. Samarqand madrasalari an’anaviy islomiy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish maktabi edi. Ikki muassasa – madrasa va rasadxona bir-biridan mustaqil muassasalar bo‘lib, ularda nazariy va amaliy kuzatishlar olib borgan olimlar faoliyat yuritar edi Bugungi kunda zamonamizda global an’anaga aylangan universitet – ishlab chiqarish hamkorligini Ulug‘bek 15-asrda amalda qo‘llaganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Ulug‘bek madrasasi old qismida madrasa qurilishining yakunlanishi sanasini anglatuvchi ikki xil yozuv bor: 1417-1420. Hafizi Abro‘ (1430) qurilish 1420-yil yanvar oyida tugatilgan, deb tasdiqlaydi. Ulug‘bek madrasa yonida xonaqoh ham qurdirgan.
Bolaligida Ulug‘bek elxoniylar davrida qurilgan Marog‘adagi rasadxonani borib ko‘rgan va unga rasadxonadagi ba’zi uskunalar nima uchun qo‘llanilishini o‘rgatgan Al-Koshiyning ta’sirida madrasada barpo qildirgan o‘z rasadxonasida o‘sha uskunalarning ba’zi xossalarini qayta qo‘llab ko‘rishga qaror qilgan.
Ulug‘bekning endi oyoqqa turayotgan Usmoniy Turk imperiyasining poytaxti Bursada tug‘ilib tahsil olgan ustozi Qozizoda Rumiy Samarqandda zamonasining ilm-fandagi eng yetakchi uch shaxsdan biri edi. Qolgan ikki kishi esa G‘iyosiddin Jamshid va Ali Qushchi edi. Bursa madrasasida toliblik davrida, temuriylar madrasalarining ta’rifu tavsifini eshitgan Qozizoda Rumiy Bursadan Samarqandga kelgan va Usmoniylar imperiyasining boshlang‘ich davrida eng taniqli olimlardan biri hisoblangan.
Madrasada ham, rasadxonada ham diniy va dunyoviy ilmlarda yoki ikki sohada ham usta bo‘lmish o‘qituvchilar ishlashgan. Madrasalarga vaqf yerlari berilishi, rasadxona va madrasa bitta majmuaning qismlari bo‘lgani tufayli moliyaviy baquvvat madrasa boshqa bir yangi ilmiy muassasa, rasadxonaning barpo etilishi uchun katalizator bo‘lib xizmat qildi. Bundan avval Marv va G‘azanxon rasadxonalaridagina o‘qitiladigan falakiyot ilmi endi Samarqand madrasasiga ham o‘tkazildi.
Ulug‘bek madrasasi 21-asrda amal qilayotgan universitetlar o‘qituvchi va talabalarining bir joydan boshqa joyga ko‘chish imkoniyati, universitetlar o‘rtasida hamkorlik, kurslarning sifati, zamonaviy talablarga mos qilib o‘zgartirilgan o‘quv dasturlari, universitet – ishlab chiqarish hamkorligi, yaxshi joyda joylashganlik va jamiyatdagi e’tiborli mavqe kabi barcha xossalarga ega ekaniga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Istanbul universiteti ham o‘z tarixini 1453-yildan boshlaydi (Ulug‘bek madrasasidan 33 yil keyin), yani universitet tarixi usmoniylarning 6-chi sultoni Mehmet Fotihning Istanbulni fath etishi bilan boshlanadi. Darvoqe, ushbu universitetning birinchi rektori Ulug‘bekning shogirdi Mavlono Ali Qushchi bo‘lgan. Demak, Ulug‘bek ikki yirik imperiyaning ilk universitetlariga asos solinishiga bosh qo‘shgan.
Biz Samarqand davlat universiteti 1420-yildan Ulug‘bek madrasasi deb nomlangan oliy ta’lim dargohi 1927-yilda zamonaviy universitet darajasiga ko‘tarildi, degan xulosa qilishimiz mumkin. Madrasada bir qator ilm va sohalarda (masalan, tibbiyot, matematika, falakiyot, xaritashunoslik, jug‘rofiya, tarix, falsafa, din, adabiyot, filologiya va hok.) ta’lim berilgan. Biroq madrasalar zamonaviy dunyo ehtiyojiga javob bera olmay qolganida, vaqtincha faoliyatini to‘xtatib turgan holda qayta qurish jarayoni boshlandi va natijada Samarqand davlat universitetining asosiy qismi bo‘lmish va universitet deb ataladigan yangi oliy o‘quv yurtiga asos solindi. Tarixiy faktlarga asoslangan holda, Registondagi Ulug‘bek madrasasini SamDU qaramog‘iga o‘tkazib, Yevropaning qadimiy universitetlarida bo‘lgani kabi ushbu maskanning bir qismini ta’lim jarayoniga ajratib, bir qismini muzeyga aylantirib, 2020-yilda Markaziy Osiyoda dastlabki oliy ta’lim maskani – Samarqand davlat universitetining 600 yillik yubileyini keng nishonlasak, adolat qaror topgan bo‘ladi.
Azamat AKBAROV, Pusan chet tillar universiteti (Janubiy Koreya) professori, “Buyuk kelajak” guruhi eksperti. O‘zA