Xalqaro maqomdagi islom akademiyasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, qariyb yigirma yil faoliyat ko‘rsatgan O‘zbekiston islom universiteti hamda islom akademiyasi negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Islom akademiyasining mutasaddi rahbarlari, professor-o‘qituvchilari ishtirokidagi yig‘ilish akademiyaning o‘tgan vaqt ichida amalga oshirgan ishlari hamda kelgusidagi rejalari sarhisobiga bag‘ishlandi.
Aytish joizki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallagan mutaxassis kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot dargohi hisoblanadi. Bu yerda diniy va dunyoviy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavr, magistr va doktorantlar tayyorlanadi. Akademiyada islomshunoslik, mumtoz sharq filologiyasi, islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, akademiya tarkibida akademik litsey va “Ziyo-Zukko ta’lim maskani” nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etildi.
— O‘zbekiston dunyo sivilizatsiyasi, xususan, islom madaniyatining qadimiy markazlaridan hisoblanadi, — dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, siyosiy fanlar doktori, professor Shuhrat Yovqochev. — Bu mo‘tabar zaminda nomi olamga tanilgan olim-u allomalar tomonidan benazir asarlar yaratilgan. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilishi insoniyat tafakkuri xazinasining durdona asarlariga aylangan ana shunday nodir manbalarni xalqaro miqyosda o‘rganish va ularni yosh avlodga yetkazish bo‘yicha tashlangan muhim qadamlardan biri.
Akademiyaning “Manbalar xazinasi” bo‘limida 500 ga yaqin qo‘lyozma, 1500 nusxa toshbosma, 10 000 dan ortiq zamonaviy bosma nashrlar saqlanmoqda. Manbalar orasida Qur’on va hadis, tasavvuf, mantiq, matematika, astronomiya, geometriya va tibbiyotga oid asarlar bor. Bo‘limning qo‘lyozma va toshbosma asarlar jamg‘armasi asosan aholi qo‘lida saqlanayotgan kitoblarni sotib olish hisobiga boyitib boriladi.
Ayni paytda akademiya dunyodagi yetakchi moliyaviy tashkilotlar — Islom taraqqiyot banki, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti — ISESKO, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti — UNESCO, shuningdek, JAICA, KOIKA tashkilotlari, Misr, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malayziya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini davom ettirmoqda. Darslarni o‘tishga chet ellik mutaxassislar jalb qilingan. Akademiyaga xorijlik talabalar istisno tariqasida suhbat asosida qabul qilinadi.
Shuningdek, yig‘ilishda Akademiya tarkibida “Malaka oshirish markazi” tashkil etilgani va ayni paytda ushbu markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi mintaqaviy filiallarini ochish bo‘yicha faol ish olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Iroda TOSHMATOVA