Andijon davlat universiteti talabalari 140 ming AQSh dollariga teng grant yutib oldi
Prezidentimizning 2017-yil 22-martdagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida "Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Akademik innovatsiyalar fondi tashkil etilib, mazkur fond tomonidan innovatsion loyihalar tanlovi e’lon qilingan edi.
Tanlovda Andijon davlat universiteti olimlari va talabalari “Qayta tiklanadigan energiya manbalari fizikasi va atrof-muhit barqarorligi bo‘yicha magistrlik dasturini takomillashtirish orqali talabalarning ijodiy va innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish” loyihasi bilan ishtirok etdi.
Loyiha tashkiliy qo‘mita tomonidan ma’qullanib, amalga oshirish uchun Jahon banki mablag‘lari hisobidan 140 ming AQSh dollari ajratildi. Bu haqda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya yaratish bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi. Jumladan, loyiha doirasida universitetning mazkur yo‘nalishdagi ilmiy laboratoriyasi qayta jihozlandi, professor-o‘qituvchilari Yevropa universitetlarida malaka oshiradi, sohaning xorijlik yetakchi olimlari Andijonga kelib ma’ruzalar o‘qiydi, talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini kuzatadi, eng asosiysi, kadrlar tayyorlashda “Ta’lim – fan – ishlab chiqarish” integratsiyasi kuchayadi.
Loyihaning asosiy yo‘nalishlari – “Oliy ta’lim muassasalari va sanoat aloqasini kuchaytirish” hamda “O‘qitish amaliyotini takomillashtirish” bo‘yicha universitet tomonidan ishlab chiqilgan konsorsiumga yurtimizdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari, ishlab chiqarish korxonalari, Berlin texnika (Germaniya), Sofiya (Bolgariya) kimyo-texnologiya va metallurgiya universitetlari kiritilgan.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan innovatsion yangilanishlar jarayonida Andijon davlat universiteti tomonidan amalga oshiriladigan ushbu investitsion loyiha ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.