Diplomim tan olinadimi?
Savol: 2018-yili Chimkent universitetining boshlang‘ich ta’lim fakulteti(maxsus sirtqi bo‘limi)ga o‘qishga kirdim. Oliy o‘quv yurtini tamomlagach, shu universitet diplomi bilan O‘zbekistonda ishlay olamanmi?
Aziz XUDOYQULOV, Qarshi shahri
Javob: Respublikamizda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi 283-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida nizom” asosida amalga oshiriladi. Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi 1992-yil 1-yanvardan so‘ng berilgan hujjatlarni tan olish hamda ularni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibini belgilaydi.
Nizomning 13-bandida: “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risida”gi hujjatni tan olish talablari:
— ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni bergan ta’lim muassasasi o‘zi joylashgan davlatning vakolatli organlari tomonidan tan olingan bo‘lishi;
— ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda tan olingan bo‘lishi;
— ta’lim to‘g‘risidagi hujjat O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud bo‘lgan ta’lim shaklida o‘qib olingan bo‘lishi;
— ta’lim to‘g‘risidagi hujjatning tan olinishi O‘zbekiston Respublikasi bilan davlatlararo bitimlarda ko‘zda tutilgan (mazkur nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno) bo‘lishi zarur. Mazkur bandda belgilangan talablarga mos kelmaslik xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olmaslikka asos bo‘ladi” deb qayd etilgan.
Nizomning 18-bandiga asosan, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning ekvivalentligi to‘g‘risidagi salbiy xulosa quyidagi hollarda qabul qilinadi:
— xorijiy davlatlarda professional ma’lumot to‘g‘risida hujjat beradigan ta’limning umumiy me’yoriy davri (to‘liq o‘rta ma’lumot olingandan keyin) O‘zbekiston Respublikasi ta’lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan bir yildan kam bo‘lsa;
— ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan mamlakatda uning egasiga O‘zbekistondagiga qaraganda kam akademik va (yoki) professional huquqlar berilgan bo‘lsa (masalan, hujjat egasi oliy o‘quv yurtlariga, magistratura yoki doktoranturaga kirish, professional faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega emasligi);
— ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilmagan ta’lim shaklida olingan bo‘lsa.
— muayyan (ijtimoiy soha, pedagogika, tarix va huquq) ta’lim yo‘nalishlarining xususiyatidan kelib chiqib, o‘zlashtirilgan o‘quv fanlari hajmi va dars soatlari miqdori O‘zbekiston Respublikasining davlat ta’lim standartlariga muvofiq belgilangan tartibda tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejaning 55 foizidan kam qismini tashkil qilsa.
Qozog‘iston Respublikasining oliy ta’lim muassasasida sirtqi ta’lim shaklida (3 yoki 4 yil) ta’lim olinganda yuqoridagi nizomning 18-bandi talablarida qayd etilgan, O‘zbekiston Respublikasida belgilangan me’yoriy muddatdan (sirtqi ta’lim shakli 5 yil qilib belgilangan) kam o‘qilsa, ta’lim hujjatini nostrifikatsiyalash rad etilishiga asos bo‘ladi.
Savolga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutaxassisi O.USMONOV javob berdi.
"Ma’rifat” gazetasi tahririyati RUXSATISIZ sayt materiallarini tarqatish taqiqlanadi.