Universitetda elektron kitob javoni
Ko‘pchilik mahsulot yorliqlari, kommunal to‘lov kvitansiyalari yoki saytlar sahifalarida joylashtirilgan oq-qora kvadratlar tasvirini ko‘rgan bo‘lsa kerak. Ana shu QR-koddir (inglizcha «quick response» (QR) — «tezkor javob»). QR-kod ikki o‘lchamli shtrix-kod bo‘lib, axborotni vizual kodlashtirish uchun qo‘llaniladi. Mazkur texnologiyadan turli sohalarda foydalanilmoqda. Jumladan, rivojlangan mamlakatlarda jamoat joylari, vokzal va aeroportlarning kutish zallarida, avtobus bekatlarida o‘rnatilgan kutubxona tablolaridan QR-kodlar orqali aqlli mobil qurilmalarga elektron kitoblarni yuklab olish va o‘qish mumkin.
Mamlakatimizda ham shu tizimda ishlaydigan elektron kitoblar javoni ommalashmoqda. Bunda Toshkent davlat agrar universiteti talabasi Abror Saidali hamda Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Diyor Hamidovning ham hissasi bor.
— Kollejda o‘qib yurgan paytim Yevropada avtobus va metro bekatlarida «QR-kod» tizimida ishlaydigan elektron kitoblar javonlari o‘rnatilgani haqidagi xabarlarni o‘qib, yurtimizda ham shunday javonlarni yaratish g‘oyasi tug‘ilgandi, — deydi Abror Saidali. — Prezidentimizning 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori hamda bu qaror ilovasida keltirilgan Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturidagi “Jamoat joylarida QR-kodlar yordamida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron kitoblari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni maxsus tablolarda joylashtirish va ularni mobil qurilmalarga yuklab olish va o‘qish imkoniyatini yaratish” borasidagi vazifalar meni ham ilhomlantirdi. 2018-yil boshida do‘stim Diyor Hamidov bilan maslahatlashib, g‘oya ustida ishladik. Avvalo, mutasaddi tashkilotlardan zaruriy ko‘mak so‘rab, murojaat qildik. Ayniqsa, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi amaliy yordam berdi.
Abror o‘zi o‘qiydigan Toshkent davlat agrar universiteti rahbariyatiga o‘z loyihasi bo‘yicha takliflarini bildirdi. O‘tgan yilning 4—7-dekabrida universitetda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada loyihaning kichik maketini taqdim etdi. Shundan so‘ng oliy o‘quv yurti rahbariyati tomonidan Abrorning taklifi qo‘llab-quvvatlanib, universitet hisobidan moliyalashtirildi. Natijada mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib bu yerda elektron kitob javoni tashkil qilindi.
— Kuni kecha universitetning meva-sabzavotchilik va uzumchilik fakulteti o‘quv binosiga 120 ta elektron kitobni o‘z ichiga olgan «QR-kod» tizimida ishlovchi elektron kitob javoni stendlari o‘rnatildi, — deydi universitetning o‘quv bo‘limi boshlig‘i Shohista Xolova. — Javondan talabalar o‘z smartfoni orqali professor-o‘qituvchilar tomonidan tavsiya etilgan o‘quv qo‘llanma va darsliklarning elektron nusxasini yuklab olishlari mumkin. Universitet hududida, ya’ni o‘rindiqlar, dam olish maskanlarida 6 ta «QR-book» tizimida ishlovchi kitob mutolaa qilish joylari tashkil etiladi.
«QR-book» loyihasi Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan o‘tkazilgan “Big Idea chellanges” ko‘rik-tanlovida eng yaxshi g‘oyalardan biri sifatida e’tirof etildi. Loyiha mualliflari kelgusida respublikadagi barcha oliy o‘quv yurtlari uchun shunday platforma yaratish niyatida.
Madina OChILOVA, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi