Imtiyozli abituriyentlar kimlar?
Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida «Temurbeklar maktabi»da bo‘lib, ushbu maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinishi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Sal oldinroq hukumatimizning shu yil 27-aprelda qabul qilingan “Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorida ba’zi o‘quvchi-yoshlarning oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarisiz o‘qishga qabul qilinish tartibi belgilandi.
Xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning butun o‘qish davrida a’lo baholarga o‘qigan bitiruvchilari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tavsiyasi, Davlat komissiyasi qarori asosida bakalavriatning xorijiy til va adabiyoti, filologiya, tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz qo‘shimcha davlat grantlari asosida o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, bunday imtiyoz endilikda har bir harbiy qismdan bir nafar harbiy xizmatni o‘tagan, qism qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasini qo‘lga kiritgan abituriyentlarga ham tatbiq etiladi.
Vazirlar Mahkamasining shu yil 6-maydagi 375-sonli qaroriga asosan, Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy ta’lim muassasalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning tasdiqlanishi esa ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o‘rtasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Mazkur hujjatga ko‘ra, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari hamda terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning farzandlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladigan tavsiyanoma orqali oliy ta’lim muassasasiga imtiyozli o‘qishga qabul qilinadi. Qiziqarli jihati, tavsiyanoma beriladigan talabgorlarning bilimi, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi qanchalik e’tiborga olinishi noma’lum.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida bu kabi imtiyozlarning ko‘payayotgani abituriyentlar o‘rtasida ijtimoiy tengsizlik, yoshlarning ertangi kunga ishonchining susayishi, imtiyozni qo‘lga kiritish uchun korrupsiyaga qo‘l urish singari holatlarga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida fikr bildirib, bahs-munozaraga kirishganlar talaygina. Biroq hozirgidek o‘tish davri kechayotgan bir pallada ayrim toifadagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash zarur deguvchilar ham yo‘q emas. Fikrimizcha, imtiyozli yigit-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalarida alohida kvota ajratilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xalqona aytganda six ham, kabob ham kuymaydi.
Xo‘sh, o‘zi imtiyozli abituriyentlar kimlar?
Sportchi va olimpiada sovrindorlari
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risida nizom”ga ko‘ra, sportning individual turlari bo‘yicha respublika chempionatida birinchi o‘rinni yoki Olimpiya o‘yinlari, Osiyo o‘yinlari, jahon chempionati va Osiyo chempionati kabi xalqaro tanlovlar va musobaqalarda 1—3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan akademik litsey, kasb-hunar kolleji va umumta’lim maktablarining bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasiga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadi.
Sportning jamoaviy turlari g‘oliblariga ham bu imtiyoz qo‘llaniladi. Jamoa respublika chempionatida 1-o‘rinni egallasa yoki xalqaro tanlov va musobaqalarda g‘olib bo‘lsa, guruh tarkibidagi akademik litsey, kasb-hunar kolleji va maktablar bitiruvchilaridan faqat uch nafariga bu imkoniyat beriladi.
Shaxmat va shashka bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ham imtiyozdan chetda emas. Aql gimnastikachilari respublika chempionatida 1- yoki xalqaro turnirlarda 1—5-o‘rinlarni egallasa, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasiga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadi.
Ushbu nizomga Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-martdagi 190-sonli qarori asosida kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, bu yildan boshlab avtomobil va mototsikl sporti, sportning aviamodel va raketamodel turlari hamda olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha respublika musobaqalarida 1-, xalqaro musobaqalarda 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va umumta’lim muassasalari bitiruvchilari ham tegishli oliy ta’lim muassasalariga ta’limning ushbu sohadagi yo‘nalishlariga umumiy qabul kvotalari doirasida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatga muvofiq, umumta’lim fanlari bo‘yicha respublika olimpiadalarida 1—3-o‘rinlarni va xalqaro olimpiadalarda 1—5-o‘rinlarni egallagan akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va maktablarning 11-sinf bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarisiz qabul qilinishi belgilangan edi. Prezidentimizning shu yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan imtiyozli g‘oliblar tasnifi o‘zgardi. 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab, g‘oliblari davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadigan xalqaro olimpiadalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Xalqaro fan olimpiadalari
1. Xalqaro matematika olimpiadasi — International Mathematical Olympiad (IMO)
2. Xalqaro fizika olimpiadasi — International Physics Olympiad (IPhO)
3. Xalqaro kimyo olimpiadasi — International Chemistry Olympiad (IChO)
4. Xalqaro biologiya olimpiadasi — International Biology Olympiad (IBO)
5. Xalqaro informatika olimpiadasi — International Olympiad in Informatics (IOI)
Mazkur ro‘yxatda keltirilmagan xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalari maqomi asosiy olimpiadalarning respublika bosqichiga tenglashtiriladi. Ya’ni umumta’lim fanlari bo‘yicha respublika fan olimpiadasi ishtirokchilari qaysi fandan g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, g‘oliblarga faqat o‘sha fandan maksimal ball beriladi. Masalan, kimyo fani bo‘yicha Xalqaro Mendeleev olimpiadasidaning kelgusidagi g‘oliblari OTMga hujjat topshirsa, unga test sinovlarida faqatgina kimyo fanidan maksimall ball beriladi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ham faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar beradi. Tavsiyanomaga ega yoshlar doimiy yashash joyidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga davlat granti asosida qabul qilinadi.
OTMga imtihonsiz o‘qishga kirish uchun imtiyoz beradigan davlat mukofotlari va ko‘rik-tanlovlar
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti
“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovi
“Hamshira” respublika ko‘rik-tanlovi
“Nihol” mukofoti tanlovi
Bundan tashqari, 2018—2019-o‘quv yilidan boshlab, harbiy xizmatni o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, harbiy xizmatni o‘tash jarayonida yarador bo‘lgan, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga davlat granti asosida tanlovsiz qabul qilinadi.
Davlat stipendiatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi sohiblari davlat oliy ta’lim muassasasini bitirgach, ikki yil davomida magistraturaga, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, grant asosida qabul qilinadi.
Abror UMARQULOV tayyorladi.