Ta’limda soliq imtiyozlari kimlarga qo‘llaniladi?
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 179-moddasiga muvofiq fuqarolarning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish uchun (o‘zining yoki yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining o‘qishi uchun) yo‘naltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlaridan daromad solig‘i olinmaydi.
Mazkur soliq chegirmasi jismoniy shaxsning soliq solinadigan daromadlaridan keyinchalik ushlab qolish sharti bilan berilgan ish beruvchining mablag‘lari va tijorat bankidan olingan ta’lim kreditini qoplash evaziga ish beruvchi tomonidan o‘tkazib beriladigan jismoniy shaxsning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari hisobidan amalga oshirilganda taqdim etiladi. Bunda to‘lov manbayida soliq chegirmasi qo‘llanilganda jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya taqdim etilishi talab qilinmaydi.
To‘lov-shartnoma summasi naqd pul, bankdagi omonat va boshqa hisobraqamlardan yoki plastik kartadagi mablag‘dan to‘lansa, soliq chegirmasi jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani davlat soliq xizmati organlariga topshirish yo‘li orqali beriladi. Bunda chegirma oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish uchun haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar summasiga, soliq davri uchun ko‘rsatilgan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi miqdoriga beriladi.
Namangan viloyatidagi uchta oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan 15 ming talabaning 70 foizi to‘lov-shartnoma asosida o‘qisa va shundan 50 foizi, ya’ni 7,5 ming talabaning ota-onasi oylik maoshidan o‘rtacha 12 million so‘mdan to‘lasa, 12 foizli daromad solig‘i chegirilganda ularga qariyb 11 milliard so‘m miqdorida soliq imtiyozi qo‘llaniladi.
— Ikki nafar farzandim to‘lov-shartnoma asosida ta’lim oladi, — deydi Namangan shahrida yashovchi Zeboxon Nuriddinova. — O‘tgan o‘quv yili uchun oylik maoshimdan kontraktga 18 million so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazdim. 2018-yildagi daromadlarga soliq solish stavkasi 22,5 foiz bo‘lganini inobatga olsak, 4 million so‘mdan ziyod soliq imtiyoziga ega bo‘ldim. Albatta, bu men uchun katta ko‘mak.
Bahodir HAMIDOV, Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘basi katta inspektori