Elektroavtobus — turizm rivojiga munosib hissa
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti tashkil etilganiga o‘n yil bo‘ldi. Bu ta’lim muassasasida yoshlar mashinasozlik texnologiyalari, avtomobilsozlik, sanoat va xo‘jalik qurilishi, arxitektura va sanoat dizayni, sanoatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi, energetika mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil oladi. O‘quv yurtining yoshlari ilmiy-tadqiqot maydonida o‘zlari yaratgan hayratomuz ishlar bilan ko‘pchilikni qoyil qoldirmoqda.
Talabalarining bioqo‘l, o‘rgimchak-robot, robotjon, robot-ofitsiant kabi qator texnik ishlanmalari mazkur oliy o‘quv yurtiga kelgan mehmonlarda yaxshi taassurot qoldiryapti.
— Universitetimizda uchta muhim jihatga: fan, ta’lim va ishlab chiqarishga e’tibor juda katta. Professor-o‘qituvchilarimizning ijodiy faoliyati va sa’y-harakatlari bilan birgina ilmiy-tadqiqot ishlarining o‘zidan o‘tgan yili 3,7 milliard so‘m daromad qilindi. Agar xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘ ham bunga qo‘shib hisoblansa, bu raqam qariyb 5 milliard so‘mni tashkil etadi, — deydi universitet rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov. — Talabalarimiz professor-o‘qituvchilar yordamida spirtda yuradigan avtomobil yaratdi. Xalqaro ko‘rgazmalarda ushbu antiqa mashina mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Shuningdek, yana bir ekologik toza va atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan, maxsus uskuna orqali harakatlanadigan mashina ham ixtiro qilindi. Bu uskuna motorning yoniga o‘rnatilib, u oddiy suvdan vodorodni ajratish evaziga harakatlanadi. Qolaversa, haydovchisiz, quyosh nurida harakatlanadigan mashina “INNOWEEK” haftaligining yorqin namoyishiga aylandi.
Energiya sarfini kamaytirish va atrof-muhitga zaharli gazlarni chiqarishdan mutlaq xoli bo‘lgan haydovchisiz harakatlanadigan elektoravtobus (ProBus)ning harakati va boshqaruvida inson ko‘magidan foydalanilmaydi. Aksincha, kamera va datchiklar orqali harakatlar yo‘naltiriladi. Haydovchisiz yuradigan ProBus sayyohlar va O‘zbekiston aholisi uchun ekologik toza, eng muhimi, xavfsizligi to‘liq kafolatlangan noyob ishlanmadir. Ushbu elektroavtobus 6 nafar yo‘lovchi bilan soatiga o‘rtacha 5—10 kilometr tezlikda shaharni aylanib chiqishi mumkin. Avtomatik boshqaruv tizimi bilan jihozlangan haydovchisiz elektroavtobus loyiha bo‘yicha 6 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Mikroavtobus namunasi bugun universitetda yaratildi. Kelgusida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirib, elektroavtobusning shahardagi harakat tezligini soatiga 40 kilometrga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Shu bilan birga, uning yurishi shahar transporti harakatlariga mos kelishi va boshqa avtomobillarga noqulaylik tug‘dirmasligi, kichik halqa yo‘llarida yuradigan avtobuslar tezligi darajasida bo‘lishi kerak.
Afzal jihati, barcha jarayon boshdanoyoq elektronika zimmasiga yuklangan. Tevarak-atrof haqidagi xabarlarni olishida radar va kameralar uzatgan ma’lumotlarga tayanadi. Mazkur mikroavtobusda haydovchi uchun joy yo‘qligi sababli hamma o‘rindiqlar yo‘lovchilarga mo‘ljallangan. ProBus sekin harakatlanishi bois, hozirgi vaqtda zavod va sanoat korxonalarning keng hududlarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu turdagi mikroavtobusning afzalligi, avvalo, neft yonilg‘isi, antifriz, dvigatel yog‘lari, shuningdek, bu suyuqliklar uchun filtrlarga ehtiyoj yo‘qligidir, atmosferaga zararli chiqindilar chiqarmaydi, atrof-muhitning musaffoligiga xizmat qiladi. Yana, tuzilishi juda oddiy bo‘lib, elektr mexanizmi va uzatkichdan iborat.
ProBus hozircha eksperimental maqsadlar uchun chiqarilgani bois uni erkin sotib olish va foydalanish imkoni yo‘q. Boz ustiga, haydovchisiz mikroavtobusni jamoat yo‘llariga chiqarishga hali vaqt erta. Bundan tashqari, mamlakatimizda hali haydovchisiz avtomobillarni ishlatish uchun qonuniy, me’yoriy-huquqiy asoslar ham mavjud emas. Shuning uchun ommaviy ravishda ishlab chiqaruvchilar bir qancha muhim tashkiliy masalalarni hal qilishlari kerak. Transport sohasini rivojlantirishga qaratilgan elektroavtobuslar loyihalaridan tashqari boshqa innovatsion yechimlar ustida ham ish olib borilmoqda. Misol uchun, yana bir muhim kashfiyot — birinchi “quyoshli mobil” ustida olib borilayotgan muvaffaqiyatli ishlar shular sirasidandir.
Ochil TOHIR, jurnalist