Test tizimidagi yangiliklar
2019-2020-o‘quv yilidan:
— Turk tilini chet tili sifatida o‘qigan abituriyentlar ham mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshirishlari mumkin.
— Tashkiliy jihatlarning ko‘p vaqt va kuch talab qilishi, abituriyentlar sonining keskin ortishi munosabati bilan kirish test sinovlari iyul — avgust oylarida o‘tkaziladi.
— Abituriyent bir vaqtning o‘zida oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda fanlar majmuasiga muvofiq keluvchi jami uchta bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etadi — uchtagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasining mosligi e’tiborga olinadi, shuningdek, abituriyent tomonidan ta’lim yo‘nalishlariga ustuvorlik belgilanadi.
— Abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari haqidagi ma’lumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi — test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin — bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
— Oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim barobari miqdorida yig‘im undiriladi (ta’lim muassasalarini test sinovi o‘tkazilayotgan yilda tugatgan bitiruvchilar, shuningdek, nogiron yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar to‘lovdan ozod qilinadi).
— O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan davlat oliy ta’lim muassasalariga bakalavriatga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.
— chet tillar asosiy fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori daraja etib belgilandi.
— chet tillar asosiy fan sifatida kiritilmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B1 va undan yuqori daraja etib belgilandi.
— Toshkent davlat yuridik universiteti uchun alohida sertifikat darajasi bo‘yicha tartib belgilandi.
— 2019-yilga qadar Davlat test markazi tomonidan berilgan milliy sertifikatning imtiyozi ushbu sertifikatlarning amal qilish muddati davrida saqlab qolindi.
— chet tilini bilish darajasi bo‘yicha milliy sertifikat sinovlari yakunlari bo‘yicha eng yuqori balning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 2 yil muddatga beriladi.
Davlat test markazi axborot xizmati boshlig‘I Orziqul BOBOYEV tayyorladi.