Davlat xizmatlari markazining xizmat ko‘rsatish tartibi qanday?
Oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilishda davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2018-2019-o‘quv yilida Toshkent davlat yuridik universitetida sinov tariqasida 7000 dan ortiq abituriyentga davlat xizmatlari ko‘rsatilgan edi.
O‘tgan yili davlat xizmatlari markazlari tomonidan bitta OTMga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2019-2020-o‘quv yili uchun ular soni beshtani tashkil qilmoqda. Ular Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpoq, Guliston, Farg‘ona hamda Samarqand davlat universitetlari.
Mazkur oliy ta’lim muassasalaridan tashqari respublikadagi boshqa OTMlarga hujjatlar qabul komissiyalari tomonidan qabul qilinadi. Davlat xizmatlari agentligi boshqarma boshlig‘i Mahmud Abdujaliyevning takidlashicha, bu yil abituriyentlar uchtagacha OTMga hujjat topshirish imkoniga egaligi bois davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi ham biroz o‘zgaradi. Deylik, abituriyent Samarqand davlat universitetiga hujjat topshirmoqchi bo‘lsayu, lekin ikkinchi tanlovidagi OTM bu ro‘yxatda yo‘q bo‘lsa, bunday holda DXMga murojaat qilgan abituriyent uchun qolgan tanlovidagi 2 ta OTM uchun ham davlat xizmati ko‘rsatiladi. Ammo abituriyent hujjat topshirmoqchi bo‘lgan OTMlarning hech biri yuqoridagi ro‘yxatda yo‘q bo‘lsa, u holda qabul jarayoni avvalgi yillardagi kabi amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining shu yil 7-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida abituriyentlar uchun bir qator yangiliklar va hujjat topshirish jarayonida kutilayotgan o‘zgarishlar mavjud. Jumladan:
— 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga hujjat topshirish uchun abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Buning uchun abituriyentlar o‘zining doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidan qat’i nazar, istalgan markazga murojaat qilishi mumkin.
— oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat har yili 15-iyundan 15-iyulgacha bir oy muddatda qabul qilinadi.
— DXM xodimiga quyidagi hujjatlarning asl nusxasi taqdim etiladi:
— fuqarolik pasporti (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma);
— umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganlik haqidagi hujjat (ilovasi bilan).
Imtiyozga ega abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan DXMga murojaat qiladi. Ma’lumotlar elektron tizimga kiritilgandan so‘ng hujjatlar o‘z egasiga qaytariladi. Shuningdek, imtiyozga ega abituriyentlar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va pasport yoshiga yetmaganlar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun onlayn hujjat topshirishi mumkin emas. Shu bois ular to‘g‘ridan to‘g‘ri DXMga murojaat qilishi kerak. Abituriyentlardan qarorda tasdiqlangan hujjatlardan boshqa hujjatlar talab etilmaydi.
To‘lovlar qanday undiriladi?
Bu yildan e’tiboran avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etganlik uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Nogiron yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslarga barcha xizmatlar bepul ko‘rsatiladi. Mazkur qaror loyihasi regulation.gov.uz portaliga muhokamaga qo‘yilganda test sinovlarida ishtirok etish uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida to‘lov undirilishi belgilangan edi. Keyinchalik to‘lov summasi 202730 ming so‘mdan 101365 so‘mgacha kamaytirildi.
Joriy yilgi bitiruvchilar uchun esa jarayon mutlaqo bepul tarzda amalga oshiriladi.
Xizmat ko‘rsatish tartibi qanday?
Abituriyent DXMga murojaat qilganda kerakli hujjatlar va to‘lanishi zarur bo‘lgan mablag‘ bilan borishi kerak (joriy yilgi bitiruvchilar va nogiron yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno). So‘ng DXM xodimi tomonidan Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq namunadagi so‘rovnoma to‘ldiriladi hamda abituriyentga imzo qo‘yish uchun beriladi. Abituriyent o‘zi haqidagi ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganligiga ishonch hosil qilgach, imzo qo‘yadi. Hujjatning bir nusxasini o‘zida qoldirib, ikkinchi nusxasini DXM xodimiga qaytaradi. So‘ng so‘rovnoma markaz xodimining ERIsi bilan tasdiqlangan holda Davlat test markazi tizimiga avtomatik tarzda kiritiladi. Agar muayyan sabablarga ko‘ra abituriyent ko‘rsatilgan xizmatlardan bosh tortsa, davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun to‘lov summasi qaytarib berilmaydi.
Fayoza AVLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri