Yuridik kollej bitiruvchilari universitetga test sinovlarisiz kira oladimi?
Farzandi o‘qishga tayyorlanayotgan ota-onalarning aksari abituriyentlardan ko‘ra ko‘proq hayajonlanadi. Shuning uchun ham biror yangilik eshitgudek bo‘lsa, ma’lumotni so‘rab-surishtirib, oxiriga yetadi. Yaqinda ana shunday ota-onalardan biri tahririyatimizga murojaat qilib, farzandi yuridik kollejlardan birini tamomlayotgani, xabarlarga ko‘ra, yuridik kollejlar bitiruvchilari Toshkent davlat yuridik universitetiga imtihonsiz o‘qishga kirishi mumkinligi nechog‘lik rost ekanini aniqlashtirib berishni so‘radi.
Umidvor onaning hayajoni menga ham o‘tdi, chog‘i, bir zamonlar yuridik kollejini tugatgan tanishlarim, jiyanlarimni esga ola boshladim. Ha-da, haliyam o‘rnini topolmay yurganlar balki sal-pal tayyorlansa, oliy o‘quv yurtiga kirib, oliy ma’lumotli bo‘lib qolarmidi? Xullas, bu haqda aniq va batafsil ma’lumot olish uchun shu soha mutaxassislariga murojaat qildik.
Aslida masala mana bundoq ekan
Farzandi yoki biror qarindoshi yaqin o‘tgan yillar ichida yuridik kollejni tamomlaganlarning umidvor bo‘lishiga o‘rin yo‘q. Sababi, yuridik kollej bitiruvchilarini taqsimotga muvofiq TDYUga suhbat asosida qabul qilish 2020/2021-o‘quv yilidan amalga oshiriladi. Kollejni oldingi yili bitirganlar ham, bu yil tamomlamoqchi bo‘lganlar ham bunday imtiyozga ega emas. Joriy yilda yuridik kollejlarga qabul qilingan o‘quvchilar o‘qishni tamomlagandan so‘ng maxsus yo‘llanma bilangina Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirish va suhbat asosida o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, yuridik kollejlarning o‘quv-metodik faoliyatni muvofiqlashtirish bizning zimmamizga yuklatildi, — deydi Toshkent davlat yuridik universitetining litsey va kollejlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Otabek Soliyev. — Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik kollejlari bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi hamda 2018-yil 23-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida o‘qishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi. Shundan so‘ng asosiy ish respublikadagi mavjud yuridik kollejlarni Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazish va faoliyati to‘xtatilgan kollejlar binosida bir nechta yuridik kollejlar tashkil etishdan boshlandi. Bugun vazirlik tasarrufidagi kollejlar soni respublika bo‘yicha 14 taga yetdi. Mazkur qarorlar asosida har bir yuridik kollejning ustavi hamda tuzilmasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Qisqacha aytganda, yuridik kollejlarning faoliyati tubdan o‘zgaradi. Bu yildan boshlab bu kollejlarga 9-sinf bitiruvchilari emas, 11-sinf va akademik litsey yoki kasb-hunar kollej bitiruvchilari saralab olinadi...
Farzandingiz yuridik kollejga o‘qishga kirsa...
Bu hali dilbandingiz yuridik universitetga kirish yo‘lining boshida turibdi degani. U ikki yil davomida faqat a’lo baholarga o‘qishi (barcha fanlardan yakuniy bali 71 foizdan yuqori bo‘lishi shart), o‘zining a’lo xulqi, jamoat ishlaridagi faolligi bilan tengdoshlariga namuna bo‘lishi kerak. Ana shu sifatlarga asoslanib, kollej huzurida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan loyiq ko‘rilgan o‘quvchiga yuridik universitetga hujjat topshirish uchun yo‘llanma beriladi. Aytib o‘tish kerakki, maxsus komissiya Adliya vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamg‘armasi, Yoshlar ittifoqi vakillaridan tuziladi hamda ular yo‘llanma berishda yana bir mezon-ga tayanishadi. Ya’ni, necha nafar o‘quvchi a’lochi bo‘lishidan qat’i nazar, taqdim etiladigan yo‘llanmalar soni yuridik kollej bitiruvchilari sonining 30 foizidan oshmasligi shart. Ana shunday: farzandingiz kollejga kirgach, yo‘llanma olish uchun qattiq mehnat qilishi, o‘qishi, izlanishi lozim.
Yo‘llanma bilan universitetga yo‘l oladimi?
Yo‘llanmani naqd qilgan abituriyent 1-iyuldan 10-iyulgacha suhbat komissiyasi tomonidan yakka tartibdagi suhbatdan o‘tkaziladi.
— Suhbat komissiyasi tarkibiga Adliya vazirligi va TDYU bilan bir qatorda, boshqa tashkilotlar vakillari ham kiritilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa og‘zaki imtihonning shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi, — deydi Otabek Soliyev. — Universitet bakalavriatiga hududiy adliya organlarining yo‘llanmalariga ko‘ra o‘qishga qabul qilingan yoshlar maxsus 3 yillik dastur bo‘yicha shartnoma asosida o‘qiydi. Oliy ta’lim muassasasini tugatgach, bitiruvchi uch yillik uzluksiz ishlab berish sharti bilan oliy ma’lumotini tasdiqlovchi diplom oladi. Taqsimot bo‘yicha uzluksiz ishlab berish uchun yuborilgan bitiruvchi ishga joylashganidan so‘ng ish beruvchi unga tegishli mehnat sharoitlarini yaratadi. Zarur hollarda turarjoy bilan ta’minlaydi...
Bitiruvchi ishlab berishdan bosh tortsa...
Mazkur qarorlar bilan tanishib chiqib, bitiruvchilarga bunday qilishni maslahat bermagan bo‘lardik. Aks holda uch yil shartnoma asosida o‘qish bir yon, ishdan bosh tortganlik uchun tortiladigan jarima bir yon bo‘lib qoladi-da. Ya’ni, farzandingizga maxsus jo‘natilgan tashkilotda ishlash yoqmay, uzluksiz ishlab berishdan bosh tortsa, TDYUda o‘qishni bitirgan vaqtda shartnoma miqdori qancha bo‘lsa, shuning yigirma besh barobari miqdoridagi summani kompensatsiya sifatida to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.
Qabul kvotalari qanday?
Ko‘pchilikning xayolidan o‘tayotgan savol: yo‘llanma bilan keluvchi abituriyentlar qabul kvotalarini butkul egallab olmaydimi? Yo‘q, tashvishlanishga asos yo‘q. Bizga ma’lumot bergan mutaxassisning aytishicha, yo‘llanma bilan kelgan abituriyentlarning qabul kvotalari alohida bo‘ladi.
Yuridik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtiga kirish yildan yilga murakkablashib borayotgan bir paytda bu yangilik diliga shu sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lish istagini tukkan yoshlar uchun ajoyib imkoniyat. Endi o‘quvchi kollejda shunchaki o‘qimaydi, balki bilimini tinimsiz oshiradi. Odob-axloq qoidalariga rioya qiladi. Muhimi, uning oldida katta maqsad turadi. Bu maqsad uni a’lo baholarga, namunali xulq bilan o‘qishga undab turadi. Biz esa har doimgidek kuzatamiz. Ko‘raylik-chi, bu yangilik qay darajada o‘zini oqlaydi. Umid qilamizki, yangi tartib o‘zining ijobiy samarasini beradi va shu kabi yangiliklar boshqa oliy ta’lim dargohlarida ham sinab ko‘riladi.
Sohiba MULLAYЕVA,
“Ma’rifat” muxbiri