Bitiruvchilarga leytenant unvoni berildi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida bitiruvchilarga diplom va leytenant unvonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Oliy o‘quv yurtida o‘qish davomida o‘z bilimlarini boyitish bilan birga, ustozlardan kasb sirlarini o‘rganib, katta hayotga mustaqil qadam qo‘yayotgan kursantlarning quvonchi cheksiz. Tadbirda ishtirok etgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, institut mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari va yaqinlari ham ularning xursandchiligiga sherik bo‘ldi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-leytenant Tursinxon Xudoyberganov bugun mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama chuqur bilim olishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani haqida gapirar ekan, bitiruvchilarning ta’lim dargohida olgan bilimlarini Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida safarbar etishlariga ishonch bildirib, ularning kelgusi ishlarida omad va zafarlar tiladi. Shundan so‘ng marosim bitiruvchilar va ularning ota-onalari bildirgan samimiy minnatdorlik izhorlari bilan davom etdi.
— O‘g‘limning hayotidagi yana bir quvonchli kunida ishtirok etish uchun Navoiy viloyatidan keldim, — deydi bitiruvchi Nizomiddin Shukurqulovning otasi Farhod Hakimov. — Turmush o‘rtog‘im Sayyoraxon bilan to‘rt farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik. Farzandlarim orasida Nizomiddin sharafli kasbni tanlab, harbiy bo‘lishga ahd qildi. Mana bugun ofitser bo‘ldi. Uni ko‘rib, men ham, onasi ham juda faxrlandik. Jonajon Vatanimizga mana shunday malakali kadrlarni tayyorlab berayotgan oliy dargoh professor-o‘qituvchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Tadbirning eng hayajonli nuqtasida bitiruvchilarga diplom topshirilib, tantanali tarzda leytenant unvoni berildi. Talabalar shu tariqa o‘zlarining sevimli ilm dargohi bilan xayrlashdi.
Farhodjon XOJAYEV, Yong‘in xavfsizligi instituti o‘qituvchisi, kapitan
Feruz BOZOROV, kursant