Bu yil test sinovlari qanday o‘tadi?
Bu yil abituriyentlar soni avvalgi yillarga nisbatan ikki baravar ko‘p bo‘lishi kutilayotganini inobatga olsak, qabul jarayonida turnaqator navbatlar nihoyatda ortishi tayin. Shuning uchun o‘qishga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyent Davlat xizmatlari markazi, shuningdek, qabul komissiyasiga murojaat qilishdan oldin o‘zi hujjat topshirmoqchi bo‘lgan OTM yoki ta‘lim yo‘nalishi, ularning ketma-ketliklarini aniqlashtirib olishi kerak. Bu bilan har bir abituriyent hujjat topshirishi uchun ketadigan vaqtini ancha tejashi mumkin.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi mutasaddilari ishtirokida o‘tgan brifingda qabul jarayoni bilan bog‘liq masalalarga oydinlik kiritildi.
2019-2020-o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda abituriyentlarga ustuvor ketma-ketlik asosida o‘qitishning bir shakli doirasida 3 ta ta’lim yo‘nalishini tanlash huquqi berilganidan xabaringiz bor. Albatta, ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda ko‘pchilikda tushunmovchiliklar paydo bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun ham vaqt, ham sifatni ta’minlash va tezkorlikni oshirish maqsadida Davlat test markazining rasmiy saytida maxsus elektron qo‘llanma joylashtirilgan bo‘lib, u orqali abituriyentlar 3 ta ta’lim yo‘nalishini oson tanlashi mumkin.
Kutilgan kvota
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2019-2020-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi. Unga ko‘ra, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga 80 430, sirtqiga 19 985 va kechki ta’lim shakli uchun esa 1 985 ta kvota ajratilgan. Umumiy hisobda magistratura ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 7 695 ta kvota belgilangan. Shuningdek, qarorga asosan mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun esa bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga 4 008, sirtqiga 908 va kechki shakli uchun esa 99 ta kvota ajratilgan. Ta’lim shaklining har biri bo‘yicha alohida 5 foizlik qabul ko‘rsatkichlari ham tasdiqlangan bo‘lib, endi tavsiyanomaga ega abituriyentlar, eng avvalo, o‘sha kvota doirasida o‘zaro bellashadi. O‘zgalarga xalal bermaydi.
Testlar qachon, qayerda va qay tartibda o‘tkaziladi?
Davlat test markazi bosh boshqarmasi boshlig‘i Barno Rajabovning aytishicha, bu yil abituriyentlar respublikaning istalgan hududidan turib hujjat topshirishi, boshqa hududda bo‘layotgan test imtihonidan o‘tishi mumkin. Faqat abituriyent ro‘yxatga olinayotganda qayerda test topshirmoqchi ekanini aniq ko‘rsatishi lozim. Masalan, abituriyent birinchi SamDU, so‘ng FarDU va O‘zDJTUni tanladi, hujjat topshirayotganda imkoniyatidan kelib chiqib, imtihonni Qashqadaryoda topshirmoqchiligini aytadi va imtihon kuni belgilangan hududga boradi.
Bugungi kunda respublika miqyosida 69 ta bino test sinovlari o‘tkazish uchun ajratilgan bo‘lib, ularning eng kattasi 1710 o‘ringa mo‘ljallangan. Mazkur binolarda bir kunda 2 smenada 12 075 ta guruhda 38 310 nafar abituriyent test topshirishi mo‘ljallangan. Test sinovlari shaffofligini ta’minlash maqsadida 6 200 nafar nazoratchi jalb etilishi nazarda tutilgan.
Oldinroq hujjat topshirgan ertaroq test sinovlarida qatnashadi yoki kech hujjat topshirgan imtihonning so‘nggi kunlari imtihon topshiradi degani emas. Abituriyentlarning qachon imtihonda qatnashishi fanlardan test materiallari tayyorligi va sinov o‘tadigan joylarning shayligiga bog‘liq. Test sinovlari o‘tkaziladigan kun va vaqti davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi va bu to‘g‘ridagi axborotlar Davlat test markazining rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, imtihon topshiruvchilar soni ko‘payib ketsa-yu, belgilangan muddat ichida imtihonlar to‘liq yakunlanmasa, imkoniyatga qarab test sinovlari kuni uzaytirilishi mumkin. Shuningdek, o‘tgan yili 17 353 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida qatnashmagan. Ular orasida kech qolgan abituriyentlar ham ko‘pchilikni tashkil qilgan. Bu yil ham ma’lum vajlar bilan kech qolgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi. Agar abituriyent imtihon o‘tkaziladigan hududga kirgan bo‘lsa-yu, test o‘tkaziladigan binoga kech qolib kelsa, testlarga qo‘yilishi mumkin. Lekin hududga kechikib kelgan abituriyent sinovlarga qo‘yilmaydi.
Test topshiriqlaridagi yangiliklar
2017-yili 37 736 ta test topshirig‘i tuzilgan bo‘lsa, 2018-yili bu ko‘rsatkich 196 931 tani tashkil etgan. Shundan 179 mingdan ortig‘i test imtihonlarida qo‘llanilgan. Joriy yilgi qabul test sinovlari uchun esa 180 mingdan ortiq test topshiriqlari shakllantirilgan. Savollar bazasi Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya hamda Yaponiya tajribalarini o‘rganish asosida shakllantirilgan. DTM mutasaddilari joriy yilgi test topshiriqlarida grafika, yozuvsiz xarita hamda rasmlar ham bo‘lishini ta’kidlamoqda. Buning uchun Kartografiya va geodeziya ilmiy ishlab chiqarish korxonasi bilan shartnoma tuzilib, 40 dan ortiq shablon xaritalar olingan va ular asosida test topshiriqlari ishlab chiqilgan.
Imtihondan keyin qayta hujjat topshiriladi
Imtihonlar o‘tgandan so‘ng abituriyentlar yelkasidan tog‘ qulagandek bo‘ladi. Endi ularni natijani bilish hayajoni bosa boshlaydi. Bu yil imtihon natijalari sinovning ertasi kuni ma’lum qilinsa, talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bir hafta ichida e’lon qilinadi. Bu yildan o‘qishga kirolmagan abituriyentga test sinovida to‘plagan bali haqida sertifikat beriladi va u 3 yilga qadar amal qiladi. Kelgusi yillari abituriyent to‘plagan ball o‘qishga kirish uchun yetarli bo‘lgan taqdirda u talabalar safiga qabul qilinadi. Bunda 3 yil ichida EKIHning yarmi miqdordagi badalni qayta to‘lashi ham shart bo‘lmaydi.
Abituriyent talabalikka tavsiya etilgandan so‘ng hujjatlarini olib, o‘zi o‘qishga kirgan OTMga boradi va hujjatlarini topshiradi. Talabalikka tavsiya etilmagan va oshirilgan kontrakt talabgorlari bundan mustasno. Agar hujjatlarni topshirish chog‘ida ma’lumotlar xato berilgan yoki ma’lumotlar xatoligi yuzasidan biror noqonuniy harakat aniqlansa, talaba o‘qishdan chetlatiladi.
Fayoza AVLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri