OTM fan olimpiadasi talabaga imtiyoz bersin
Iste’dodli yoshlarni kashf etish, ularni rag‘batlantirishda fan olimpiadalarining o‘rni muhim. Ma’lumki, uzluksiz ta’lim tizimining deyarli barcha bosqichlari — umumiy, o‘rta maxsus, oliy ta’lim, (bakalavriat va magistratura bosqichlarida) fan olimpiadalari o‘tkazib kelinadi.
Quyi bosqichlarda g‘olib bo‘lganlar uchun oliy ta’limda o‘qishni davom ettirish imtiyozi bor va bu rag‘bat o‘quvchida ham, uning rahbarida ham bellashuvga qiziqish uyg‘otadi, olimpiada nufuzini oshiradi. Oliy ta’lim muassasasi talabalarining respublika fan olimpiadas-chi, u ham talabaga biror imtiyoz beradimi? Umuman, bu tizimda olimpiadalarni tashkil etish va o‘tkazishga e’tibor qay darajada?
Yaqinda Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutida “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” mutaxassisligi bo‘yicha respublika fan olimpiadasining II bosqichida mas’ul vakil sifatida ishtirok etdim. Ushbu jarayonda bir necha marotaba yechimi nizomda ko‘rsatilmagan munozarali holatlarga duch keldim. Bugun oliy ta’lim tizimida katta o‘zgarishlar ro‘y beryapti, ko‘plab nomuhim qonun va qarorlar o‘z kuchini yo‘qotdi. Yillar davomida to‘planib qolgan muammolarga barham berildi. Oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni shaffoflashdi. Ehtiyojlardan kelib chiqib, sirtqi, maxsus sirtqi ta’lim yo‘nalishlari tashkil etildi. Uzluksiz ta’limning maktabgacha ta’limdan eng yuqori bo‘g‘inlarigacha ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Professor-o‘qituvchi va talabalar uchun shart-sharoitlar yaratildi. Ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Nazarimda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim muassasalari talabalari respublika fan olimpiadasi to‘g‘risida”gi nizomini ham takomillashtirish vaqti keldi.
Respublika talabalar fan olimpiadasi xususida keskin, inkor qilib bo‘lmaydigan achchiq haqiqat mavjud: olimpiadaning respublika bosqichi, odatda, o‘zaro kelishmovchilik, noroziliklar, yozuvchizuvlar bilan tugaydi va ko‘p hollarda 1-o‘rin tashkilotchi OTMga, 2-o‘rin tayanch OTMga, 3-o‘ringina haqiqiy talabgorga (shunda ham talaba va ustozi tortishuvlarda yengib chiqa olsa) nasib qiladi. Bu esa yillar davomida olimpiada nufuzining tushishi, unga past nazar bilan qaralishi, salohiyatli professor-o‘qituvchilarning olimpiadaga nisbatan ishonchi yo‘qolishi, oqibatda ushbu muhim vazifaning yangi ishga olingan, tajribasiz mutaxassislarga yuklatilishi va boshqa qator muammolarning yuzaga chiqishiga sabab bo‘ldi.
Olimpiada uzluksiz ta’lim bo‘g‘inlarida iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni xalqaro miqyosdagi tanlovlar, olimpiadalarda ishtirok etishga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Fan olimpiadalarining oliy ta’lim turini saqlab qolish amalda bo‘lgan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari respublika fan olimpiadasi to‘g‘risida”gi nizomni qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda. Shu o‘rinda bir necha takliflarim bor. Bizningcha:
Birinchidan, olimpiadaga ilmiy salohiyati yuqori, ma’naviy yetuk, zimmasida javobgarligi bo‘lgan mutaxassislar jalb qilinishi lozim.
Ikkinchidan, har qanday tanlov natijasi uchun rag‘bat muhim rol o‘ynaydi, yana bu fan olimpiadasi bo‘lsa. Masalan, maktab fan olimpiadasi natijalariga ko‘ra, g‘olibni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish uchun imtiyoz bor. Nega OTM talabalari olimpiadasi uchun imtiyoz belgilanmagan? To‘g‘ri, pul mukofoti ko‘rsatilgan. Moddiy rag‘bat ham kerak, biroq o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olishni davom ettirish, masalan, davlat granti asosida magistraturada o‘qish yoki mutaxassislik fanidan maksimal balni qo‘lga kiritish kabilar talaba uchun muhim imtiyoz hisoblanadi.
Uchinchidan, nizomda olimpiada tili ko‘rsatilishi lozim. Ishtirokchining muloqot tili qaysi til bo‘lishidan qat’i nazar, ta’lim o‘zbek tilida olib borilgan barcha yo‘nalishlarda olimpiada davlat tilida o‘tishi kerak. Masalan, kimdir rus tilida, kimdir qoraqalpoq tilida yozma ishlarni bajardi. Bu raqamlab tekshirish jarayonida aniqlandi va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan yo‘nalishlar uchun alohida tanlov o‘tkazilishi maqsadga muvofiq.
To‘rtinchidan, hakamlar hay’ati a’zolari qur’a tashlash yo‘li bilan emas, jamoaning taklifi bilan shu fan bo‘yicha respublikada o‘ziga xos o‘ringa va ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan, xolis mutaxassislardan saralab olinishi kerak. Qur’a yo‘li bilan aniqlash tajribasiz, saviyasiz, o‘z manfaatini ustun qo‘yadigan, talabaning iqtidorini qadrlamaydigan a’zolarning hay’at tarkibiga kirib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Beshinchidan, oldingi yillari imtiyozli o‘rinni olgan talabaning qayta-qayta olimpiadada qatnashishi cheklanishi kerak. Bu gegemonlikni keltirib chiqaradi. Imtiyozdan boshqalarning ham foydalanishiga imkoniyat yaratilishi kerak.
Oltinchidan, olimpiadaning ikkinchi bosqichi uchun har to‘rtta tur bo‘yicha savol va topshiriqlar, testlar, ijodiy ish namunalari yo‘nalishlar xususiyatidan kelib chiqib OTV tashkiliy qo‘mitasi tomonidan to‘planishi, saralanishi va muhrlangan holatda tashkilotchi OTMga olimpiadaga bir kun qolganda yetkazilishi maqsadga muvofiq. Tashkilotchi OTM talabasi doimo testlardan eng yuqori ball to‘playdi, chunki savollar bilan tanish bo‘ladi-da. Bu esa o‘rinli e’tirozlarni keltirib chiqaradi. Vazirlik tomonidan savol va topshiriqlar bazasini shakllantirishda hamma OTMlar jalb qilinishi aytilsa-da, turli sabablarga ko‘ra bu ish, asosan, tashkilotchi OTM ixtiyoriga qoldiriladi.
Yettinchidan, yo‘nalish, mutaxassislik qat’iy chegara-lanishi kerak. Nizomda umumkasbiy va mutaxassislik fanlari bo‘yicha olimpiada turlariga ajratiladi, ammo har doim OTMlar tomonidan e’tiborsizlik bilan nomutaxassis bo‘lgan yo‘nalishlarga talabalar yuborilishi bilan bog‘liq muammo uchrab turadi. Masalan, “Biologiya” ta’lim yo‘nalishi talabasi “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” mutaxassisligi bo‘yicha olimpiadada ishtirok etishi mumkin emasligi nizomda aniq ko‘rsatilishi lozim.
Sakkizinchidan, olimpiada turlari mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib aniq belgilanishi, baholash mezonlari, masalan, yozma ishning daftar yoki maxsus blankalarga yozilishi, hajmi, ajratilgan vaqt va boshqalar ham nizomda ko‘rsatilishi kerak.
To‘qqizinchidan, talabaning shaxsi va haqiqatan ham shu yo‘nalish talabasi ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar — o‘zi tahsil olayotgan muassasa rahbarining yo‘llanmasi, pasporti(asl nusxasi), baholash daftarchasi(asl nusxasi) bilangina olimpiadada ishtirok etishi mumkinligi nizomda shart qilib qo‘yilishi lozim.
O‘ninchidan, oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlashda talabalar fan olimpiadasi ikkinchi bosqichi natijalari muhim mezonlardan biri sifatida ko‘rsatilishi kerak.
Nizomdagi bo‘shliqlar olimpiada jarayonida munozaralar tufayli vaqtni o‘rinsiz yo‘qotishga, olimpiada nufuzini tushirishga sabab bo‘lmoqda. O‘ylaymizki, ta’limga e’tibor davlatning eng ustuvor vazifasiga aylangan bugungi kunda bu masala ham o‘zining munosib yechimini topadi.
Bashorat BAHRIDDINOVA, Qarshi davlat universiteti “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi