Yuridik universitetning filialiga qabul davom etmoqda
Milliy matbuot markazida Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali oldiga qo‘yilgan vazifalar va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarlik profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi.
Filialning asosiy maqsadi Toshkent shahri va viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash hisoblanadi. Filial Toshkent davlat yuridik universitetining tarkibiy bo‘linmasi — yuridik shaxs maqomiga ega oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Filialda kvotalar kunduzgi ta’lim shaklida bakalavriatning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha 255 nafar hamda oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni qayta tayyorlash dasturi bo‘yicha esa har olti oyda 50 nafar etib belgilandi.
— Filialga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan talabgorlar 18 yoshdan kichik va 25 yoshdan katta bo‘lmasligi, shuningdek, bo‘yining balandlik parametrlari erkaklar uchun 165, ayollar uchun esa 160 santimetrdan past bo‘lmasligi lozim, — deydi Toshkent davlat yuridik universitetining o‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i Ixtiyor Jo‘rayev. — Shuningdek, hujjatlar Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan qabul qilinib, ulardan sudlangan yoki sudlanmaganlik holati bo‘yicha ham ma’lumotnoma talab etiladi. O‘qish davri to‘liq grant asosida qoplanib, bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilarga “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha diplom hamda “leytenant” maxsus unvoni beriladi.
Filialga qabul 15-iyundan 15-iyulga qadar davom etadi.
Fayoza AVLAYEVA