Abituriyent test sinovlarida o‘zi o‘qigan chet tilidan boshqa tilni tanlashi mumkinmi?
— Ha, mumkin. Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 4-bandiga asosan, abituriyent chet tillar sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri bo‘yicha test sinovi topshiradi.
Ushbu bandda abituriyent o‘qigan chet tilidan qat’i nazar, xohlagan chet tili(ingliz, nemis, fransuz)dan test topshirishi mumkinligi belgilangan. Masalan, maktabda nemis tili bo‘yicha o‘qigan abituriyentning testda ingliz tilini tanlashga haqqi bor.
Umumiy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish uchun maxsus to‘lov(101 ming 365 so‘m)ni qayerda to‘lashadi?
— Ta’lim muassasasini avvalgi yillarda tugatgan abituriyentlardan to‘lov:
— oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish uchun murojaat etganda — joylardagi banklar kassalari orqali;
— Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tish uchun murojaat etganda — DXMda joylashgan bank kassalari hamda markaz xodimlari tomonidan naqd yoki naqd pulsiz ko‘rinishida qabul qilinadi.
Shuningdek, to‘lovlarni onlayn to‘lash imkoniyati ham bor. Buning uchun plastik kartochkangiz bo‘lishi kerak. DTMning rasmiy “Telegram” kanalida to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha kichik yo‘riqnoma e’lon qilindi.
Demak, siz dastlab to‘lov kvitansiyasi tayyorlab olishingiz kerak. Buning uchun pay.dtm.uz saytiga kirasiz. To‘lov kvitansiyasi tayyor bo‘lgandan so‘ng 2 xil usulda to‘lovni amalga oshirish mumkin:
1. Mazkur kvitansiyani chop qilib, bank orqali belgilangan summani to‘lash.
2. Plastik kartangiz bo‘lsa, onlayn to‘lov tizimi orqali badalni to‘lash.
Izoh: Pasport ma’lumotlaringiz asosida o‘z to‘lov kvitansiyangizni yaratib, o‘zingizga tegishli bo‘lgan invoys raqamiga to‘lovni amalga oshirasiz.
Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos