Bu yil maxsus sirtqiga qabul bo‘lmaydimi?
Sirtqi va maxsus sirtqi ta’lim kimlar uchun?
2018-2019-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota — bakalavrlar uchun 69 200, magistrlar uchun 5 903 tani tashkil qilgan. Bu yilgi bakalavriat uchun kvotalar 80 mingdan oshiq. Biroq o‘tgan yili maxsus sirtqi bo‘limlarda bakalavrlar uchun kvota 11 765 ta etib belgilangan bo‘lsa, bu yil kvotalar tasdiqlanganicha yo‘q.
Sirtqi va maxsus sirtqida kimlar o‘qishi mumkin?
Sirtqi shaklda asosan umumiy o‘rta (10-11-sinflar negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti to‘g‘risidagi tegishli hujjatga ega bo‘lgan yoshlar o‘qish imkoniyatiga ega. Sirtqi ta’limning maxsus sirtqi ta’lim shaklidan farqi shuki, sirtqi ta’limda 3 yoki 5 yillik ish staji kerak emas. Yana bir farqi — sirtqi shaklda tahsil olish davomiyligi kamida 5 yil, maxsus sirtqida o‘qish esa 3 yilni tashkil qilgan. Shuningdek, sirtqi ta’lim shaklida o‘qish istagida bo‘lganlardan tegishli tashkilotlar tomonidan tavsiyanoma ham talab etilmaydi. Maxsus sirtqiga esa faqat tegishli yoki turdosh ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga va ta’lim yo‘nalishiga mos soha, kasb va lavozimlarda kamida uch yillik amaliy ish stajiga ega bo‘lganlar hujjat topshirishi mumkin edi. Shuningdek, ulardan tegishli vazirlik va idoralar tomonidan berilgan tavsiyanoma bilan birga, test sinovlari, kirish imtihonlari yoki kasbiy suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish ham talab qilingan.
Bu yil biroz boshqacha
— Bu yil oliy ta’lim muassasalarining maxsus sirtqi bo‘limi uchun kvotalar tasdiqlanmaganiga 2019-2020-o‘quv yilidan OTMlarning vakolati kengaytirilib, ularga yirik ishlab chiqarish subyektlari va tashkilotlar bilan hamkorlikda kadrlarni tayyorlash huquqi berilgani sabab bo‘ldi, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot kotibi Bahriddin Shayvaliyev. — Davlat buyurtmasi parametrlari doirasida OTMlarning sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qitishning to‘lov-kontrakt qiymati tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi o‘qitish shakli uchun belgilangan to‘lov-kontrakt qiymatidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanishi ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, endilikda, OTMlar vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularning tavsiyanomasi asosida xodimlarini kunduzgi ta’lim shaklining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos yo‘nalishlar doirasida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qitish imkoniyatiga ega. Ya’ni, o‘qishga tegishli ish beruvchilarning tavsiyasi asosida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar qabul qilinadi. Ular keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan ish faoliyatiga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga kirishi mumkin.
Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi hamda xodimlarini o‘qishga tavsiya etish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining ro‘yxati Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Ana shu ro‘yxatda mavjud tashkilotlarning tavsiyanomalari asosida xodimlar suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi, ro‘yxatda mavjud bo‘lmagan har qanday tashkilotlarning tavsiyanomalari bundan mustasno.
Sirtqi ta’lim shakliga hujjat topshirmoqchi bo‘lganlar bu yilgi yangi tizim bo‘yicha uchta OTMdagi yo‘nalishlarni tanlash huquqiga ega. Faqat uchalasining ham ta’lim shakli sirtqi bo‘lishi lozim. Sirtqi ta’limga hujjatlar 1-iyuldan 30-iyulgacha qabul qilinadi. Kirish imtihonlari esa 16-avgustdan 25-avgustgacha kamida 3 ta fandan o‘tkaziladi.
Fayoza AVLAYEVA