Bir ta’lim shaklidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirsa bo‘ladimi?
— Bu eng ko‘p beriladigan savollardan biri. Masalan, kunduzgidan kechkiga o‘tkazsa bo‘ladimi, sirtqidan kunduzgiga-chi va hokazo.
Ha, bir ta’lim shaklidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish mumkin, lekin barcha hollarda ham emas. Quyida birma-bir ko‘rib chiqamiz.
O‘qishni kunduzgi ta’limdan quyidagilarga ko‘chirishga ruxsat etiladi:
• kunduzgi;
• sirtqi;
• kechki (smenali).
O‘qishni kunduzgi ta’limdan maxsus sirtqiga ko‘chirib bo‘lmaydi.
O‘qishni sirtqi ta’limdan ko‘chirishga ruxsat etiladi:
• sirtqi (faqat bir ta’lim sohasi doirasida);
• kechki (smenali).
O‘qishni sirtqi ta’limni kunduzgi hamda maxsus sirtqi ta’limga ko‘chirib bo‘lmaydi.
O‘qishni kechki ta’limdan ko‘chirishga ruxsat etiladi:
• kechki ta’lim (faqat bir ta’lim sohasi doirasida);
• kunduzgi.
O‘qishni kechki ta’limdan sirtqi hamda maxsus sirtqi ta’limga ko‘chirib bo‘lmaydi.
O‘qishni maxsus sirtqi ta’limdan boshqa ta’lim shakliga ko‘chirib bo‘lmaydi, o‘z navbatida boshqa ta’lim shakllaridan maxsus sirtqiga ko‘chirish talabi ham rad etish uchun asos bo‘ladi. Faqat maxsus sirtqida bir ta’lim sohasi doirasidagina ko‘chirishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, maqsadli qabul qilinganlar o‘qishni boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa OTMga ko‘chira olmaydi.
Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos