Yunusobod — Chilonzor — Yashnobod Yoxud abituriyentlarga davlat xizmatlari qanday ko‘rsatilmoqda?
2019-2020-o‘quv yili uchun milliondan ortiq abituriyent hujjat topshirishi taxmin qilingandi. Hujjat topshirish muddatining teng yarmi o‘tib bo‘lganini inobatga olsak, respublika bo‘yicha 1-iyul holatiga ko‘ra bor-yo‘g‘i 84 755 nafar abituriyentdan hujjat qabul qilingan. Nazarimizda, yana 900 mingdan ortiq abituriyent hamon so‘roq ostida turgan tillar kesimidagi kvotalar va fanlar majmuasi tasdiqlanishini kutmoqda. Qabul jarayonining so‘nggi kunlari hujjat topshirish va qabul qilish ishlari qizg‘in tus oladi chog‘i.
Shunday bo‘lsa-da, qabul davom etmoqda. Bugungacha abituriyentlar birinchi oliy ta’lim muassasasi sifatida ko‘proq quyidagi OTMlarni tanlashmoqda: Samarqand, Urganch, Guliston, Andijon davlat universitetlari hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishda eng ko‘p xizmat Sirdaryo viloyati Boyovut tumani davlat xizmatlari markazi tomonidan ko‘rsatilgan.
— Qabul jarayoni boshlangandan beri abituriyentlardan 375 ta ariza kelib tushdi(28-iyun holatiga ko‘ra), — deydi Boyovut tuman davlat xizmatlari markazi operatori Akmal Avazov. — Shulardan 370 tasi Guliston davlat universiteti, 3 tasi Samarqand davlat universitetiga yo‘naltirildi, Farg‘ona davlat universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetiga bittadan hujjat qabul qilindi.
Yunusobod DXM tomon…
Abituriyentlarning hujjat topshirish jarayoni bilan tanishish maqsadida bir nechta DXMga bordik. Jumladan, Yunusobod tumanidagi davlat xizmatlari markaziga borishdan avval turnaqator abituriyentlarni uchratishni taxmin qilgandik. Lekin markazda ikki nafar abituriyent hujjat topshirayotganini ko‘rdik, xolos.
— Bugungacha markaz tomonidan 20 nafar abituriyentning hujjati qabul qilindi. Ularning deyarli barchasi Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirdi, — deydi Yunusobod tuman davlat xizmatlari markazi operatori Komila Sharipova. — Shu kungacha boshqa OTMga topshirish uchun birorta abituriyent murojaat qilganicha yo‘q. Agar murojaat qilinsa, xizmat ko‘rsatamiz.
Yaxshi! Biroq Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirayotgan qoraqalpog‘istonlik Temur Kopjursinovga DXM xodimlari yuridik universitetdan tashqari yana ikkita OTMga hujjat topshirish imkonsizligini aytdi. To‘g‘ri, Toshkent davlat yuridik universitetining fanlar majmuasi ona tili (3,1), chet tili (2,1) va tarix (1,1) ketma-ketligida tasdiqlangan. Bunday ketma-ketlik boshqa birorta yo‘nalishda mavjud emasligini hisobga olsak, haqiqatan ham, TDYUga hujjat topshiradigan abituriyentlar uchta yo‘nalishni tanlash imkoniyatidan mahrum. Lekin joriy yilgi test sinovlari uchun fanlar majmuasida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, TDYUga hujjat topshirgan abituriyent Qoraqalpoq davlat universitetining “Yurisprudensiya” hamda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “Noshirlik ishi” yo‘nalishlariga ham hujjat topshirishi mumkin bo‘ladi. Ammo Temurning shaxsiy ma’lumotnomasida qolgan ikki yo‘nalish bo‘sh qoldi, ya’ni u hozircha imkoniyatdan mahrum. Masala yana tillar kesimi va fanlar majmuasining tasdiqlanmaganiga borib taqalyapti.
15-iyundan shu kungacha respublika bo‘yicha yuzlab abituriyentlar aynan Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirgan. Bu degani — ular faqat 1 ta OTM bilan cheklangan. Komila Sharipovaning aytishicha, abituriyentlarning ikkinchi va uchinchi yo‘nalishni tanlab hujjat topshirishga haqqi bor, ammo fanlar majmuasining tasdiqlanmagani bunga izn bermaydi.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti qabul komissiyasiga qo‘ng‘iroq qilib, fanlar ketma-ketligi haqida so‘radik. Qabul komissiyasi mas’ul xodimi fanlar ketma-ketligi ona tili va adabiyot, chet tili va tarixdan iboratligini aytdi. Universitetning rasmiy saytiga kirib ko‘rganimizda esa hamon eski ma’lumotlar turganiga guvoh bo‘ldik. Hech bo‘lmasa, saytdagi ma’lumotlar yangilanishi kerak, nazarimizda.
Chilonzor DXMda
nima gaplar?
Chilonzor tuman davlat xizmatlari markaziga borganimizda ham faqat ikki nafar abituriyentni uchratdik. Ular ham Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirayotgan edi. Biz boshqa OTMlarga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarga qanday xizmat ko‘rsatilayotgani bilan qiziqdik. Aslida boshqa OTMlarga hujjatlar rostdan ham qabul qilinayotganini sinab ko‘rish uchun Chilonzor tuman davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i Furqat Tojiyev bilan shaxsiy ma’lumotlarimizni tizimga kiritdik. Tanlovimga ko‘ra dastlab Farg‘ona davlat universitetini, qolgan ikki yo‘nalishga esa Qarshi hamda Termiz davlat universitetlarining filologiya yo‘nalishini tanladik. Hujjat topshirish davomida tizimda birorta texnik xatolik kuzatilmadi. Xomcho‘timizga ko‘ra hujjatlarni tizimga kiritib ro‘yxatdan o‘tish uchun taxminan 8 daqiqa vaqt sarflandi, xolos.
— To‘lov tartibiga kelsak, kvitansiya tayyor bo‘lgandan so‘ng abituriyentlar 2 xil usulda badalni to‘lashi mumkin, — dedi Furqat Tojiyev. — Birinchisi, kvitansiya chiqarilib, bank orqali to‘lov amalga oshiriladi. Ikkinchisi, onlayn to‘lov tizimi orqali plastik karta yordamida to‘lash ham mumkin. Bunda kvitansiya shakllangandan so‘ng “Plastik karta orqali to‘lov” so‘rovi paydo bo‘ladi. Shu orqali va kvitansiyadagi invoys raqamini kiritish orqali to‘lov amalga oshiriladi.
Xo‘sh, kvitansiya qanday yaratiladi? Biometrik pasportga ega bo‘lgan abituriyentlar Davlat test markazining pay.dtm.uz sayti orqali o‘ziga to‘lov kvitansiyasi yaratib, chiqarib olishi mumkin. Buning uchun shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami hamda telefon raqamini kiritib, “Yaratish” tugmasini bosishi kifoya. Bundan tashqari, ular DXM yoki OTMga borib, to‘lov kvitansiyasi chiqarib olishi ham mumkin. Shuningdek, biometrik pasportga ega bo‘lmagan (pasport yoshiga yetmagan yoki fuqaroligi yo‘q) abituriyentlar esa davlat xizmatlari markazlariga yoki oliy ta’lim muassasalariga borib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan holda to‘lov kvitansiyasi chiqarib oladi.
So‘nggi manzil — Yashnobod
Yashnobod tumanidagi DXM orqali esa 13 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ularning 11 nafari Toshkent davlat yuridik universitetiga, qolgan ikki nafari Qoraqalpog‘iston va Samarqand davlat universitetiga hujjat topshirgan.
— E’tibor bersak, Toshkent shahridagi DXMlar orqali hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni kam. Bunga sabab balki Toshkent shahrida faqat yuridik universitet uchun hujjatlar qabul qilinayotganidir, — deydi Yashnobod tuman davlat xizmatlari markazi direktori Baxtiyor Ahmedov.
Balki yuridik universitetdan tashqari qolgan to‘rtta universitetga abituriyent o‘zi yashayotgan joydagi DXM orqali hujjat topshirishi mumkinligiga haliyam ishonmas yoki ular hujjatlarni OTMning o‘ziga borib topshirgan ma’qul deb o‘ylashar. DXMlar orqali hujjat topshirayotgan talabgorlarning kamligiga ro‘yxatda faqat beshta OTMning mavjudligi yoki har bir OTMning o‘zida ham qabul komissiyasi ishlayotgani sabab bo‘layotgandir. Lekin abituriyentlar uchun xodimlarimiz bilan sifatli xizmat ko‘rsatishga doim tayyormiz.
Yana bir gap: davlat xizmatlari markazlaridagi xodimlar 100 dan ortiq turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bir qatorda abituriyentlardan ham hujjat qabul qilyapti. Ularga alohida shtat tashkil qilinmagan. Shu masalani ham so‘raganimizda abituriyentlarning hujjat topshirish muddati faqat bir oy va bu jarayon respublikaning barcha OTMlarini hali to‘liq qamrab olmagani va keyingi yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishini, qamrov kengaygandan keyin xodimlar uchun ham alohida shtatlar tashkil qilinishini ta’kidlashdi.
Xorijiy fuqarolar uchun
qabul qanday bo‘ladi?
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-iyunda “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish haqida”gi 517-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra xorijiy fuqarolarning respublika OTMlariga suhbat asosida qabul qilinishi belgilangan. Va ular hujjat topshirish uchun OTMning o‘ziga murojaat qiladi.
Qarorga muvofiq, xorijiy fuqarolar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga OTM tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra qabul qilinadi. OTMlarga umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga muvofiq ma’lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.
Shu o‘rinda aytish kerakki, ilgari faqat MDH mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar OTMlarga suhbat asosida qabul qilingan bo‘lsa, boshqa davlat fuqarolari esa test topshirgan.
Shu o‘rinda…
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul yakunlanishi bilan bog‘liq turli xabarlar oxirgi ikki kunda ko‘payib ketdi. Ko‘pchilik abituriyentlar qabul tugaganidan xavotirlanib umid uzgandi. Lekin shu kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov masalaga quyidagicha izoh bergan:
— O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga qabul 15-iyulgacha deb belgilangan. Faqat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti uchun alohida qaror chiqqan. Unga ko‘ra sinovlarning birinchi bosqichi 5-iyulga qadar yakunlanishi kerak. Shuning uchun JIDUda hujjat qabul qilish avvalroq yakunlanadi. Lekin bunda ilk sinovlardan o‘ta olmagan abituriyentlar boshqa OTMga hujjat topshirishiga imkon bo‘ladi.
Universitetning rasmiy saytida ham qabul 15-iyundan 5-iyulga qadar davom etishi haqida xabarlar joylangan. Demak, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirish istagidagi abituriyentlar uchun hali imkon bor.
Xulosa bunday…
Xulosadan avval yana bir gap, mutasaddilar tomonidan abituriyentlar hech qayerga bormay turib, onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali ham o‘qishga onlayn hujjat topshirishi mumkinligi aytilgan edi. Bir necha urinishlar bilan ham onlayn hujjat topshirolmayotgan abituriyentlar yana vaqt va pul sarflashga majbur. Mazkur masala yuzasidan Davlat xizmatlari markazi AKT bo‘limi bosh maslahatchisi Olimjon Abdullayev bilan bog‘langanimizda, internetdan hujjat topshirish uchun dastur ochib qo‘yilishi kerak, bu masala bilan Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi hamda Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator shug‘ullanishini aytdi.
Yuqoridagi tashkilotlar bilan bog‘lanishga harakat qildik, biroq urinishlar besamar ketdi.
Fayoza AVLAYEVA