Qabulda nega navbat tirband?
Oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni 15-iyundan boshlangan bo‘lsa-da, abituriyentlar qabulning so‘nggi kunlarini kutishni ma’qul ko‘rdi. Natijada qabul tugashiga sanoqli kun qolganda oxiri ko‘rinmas navbatlar yuzaga kelyapti.
Qabulning dastlabki o‘n kunligida kuniga atigi 3-4 ming abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, 8-iyul holatiga ko‘ra, bir kunda 81000 nafar abituriyentdan o‘qishga kirish uchun arizalar kelib tushgan. Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga kelib (9-iyul holatiga ko‘ra) ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 362000 dan ortgan. Vaholanki, 15-iyundan 30-iyungacha 63 ming abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan, xolos. Oldingi yillari eng ko‘pi bilan bir kunda 65 mingga yaqin abituriyent oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan bo‘lsa, bu yil bir kunda 100 mingga yaqin abituriyentni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati mavjud.
Bu yil oliy ta’lim muassasalarida 89 ta qabul komissiyasi, 201 ta davlat xizmatlari markazi faoliyat olib bormoqda. 400 dan ortiq operatorlar abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilyapti.
Maqsadli qabul:
qayerga nechta o‘rin?
Maqsadli qabul chekka hududlarda ehtiyoj yuqori sohalar bo‘yicha hududlar kesimida abituriyentlarni o‘qishga qabul qilishni nazarda tutadi. O‘qishga kirish uchun tanlov esa har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladi. Qabulda qatnashmoqchi bo‘lgan abituriyentlar tegishli hududda yashayotgan bo‘lishi lozim.
Doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyi o‘sha hududda, biroq o‘zi maqsadli qabulga tushmaydigan hududda yashayotgan bo‘lsa, unda o‘sha abituriyent maqsadli qabulda qatnasholmaydi.
Shuningdek, maqsadli qabulga faqat muayyan hududda yashayotgan va hududning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari tomonidan berilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar hujjat topshira oladi. Masalan, qashqadaryolik abituriyent o‘rta maxsus ta’limni Toshkent shahrida olgan bo‘lsa, unda maqsadli qabul kvotalariga da’vogarlik qila olmaydi. U albatta Qashqadaryo viloyatidagi ta’lim muassasasida tahsil olgan bo‘lishi shart. Maqsadli qabul tanlovida qatnashib davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinmagan abituriyentlar mazkur ta’lim yo‘nalishida to‘plagan test ballari bilan umumiy to‘lov-kontrakt doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.
Respublikamizning chekka hududlarida pedagogika hamda tibbiyot sohasi kadrlariga ehtiyoj katta. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi qarori asosida 2019-2020-o‘quv yilida respublika OTM bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarida xalq ta’limi sohasida oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori hududlar uchun maqsadli qabul ko‘rsatkichlari belgilandi.
Umumiy hisobda maqsadli qabul uchun respublikamizning 9 ta hududidagi 48 ta tuman(shahar)ning olis, chekka va tog‘li hududlarida joylashgan maktablarni oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash uchun 815 ta o‘rin ajratildi.
Hududlar kesimida qaraydigan bo‘lsak, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari uchun boshqa viloyatlarga qaraganda ko‘proq o‘rin ajratilgan. Masalan, Samarqand uchun 12 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 182 ta, Surxondaryo viloyati uchun 155 ta hamda Qashqadaryo viloyati uchun 140 ta maqsadli o‘rin ajratilgan. Navoiy viloyati uchun eng kam maqsadli kvota belgilangan bo‘lib, 7 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha atigi 9 ta o‘rin mavjud.
Bugungi kungacha abituriyentlar eng ko‘p tanlayotgan oliy ta’lim muassasalari sirasida Qarshi davlat universiteti ham bor. Universitetga 13 608 nafar abituriyent hujjat topshirgan (9-iyul holatiga ko‘ra). Umumiy hisobda eng ko‘p tanlanayotgan ta’lim yo‘nalishlari esa maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish hamda pedagogika va psixologiya yo‘nalishlaridir.
— Maqsadli qabul bo‘yicha abituriyentlarni qabul qilish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Ko‘pchilik maqsadli qabulni umumiy kvotadan tashqari deb talqin qilmoqda, lekin bu alohida emas. Bu borada abituriyentlarga tegishli tushuntirishlar berilmoqda, — deydi Qarshi davlat universiteti qabul komissiyasi xodimi Eldor Baratov. — Masalan, Yakkabog‘ tumani uchun ikkita grant o‘rin ajratilgan, deylik, lekin mazkur yo‘nalishga umumiy hisobda 50 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Shularning ikkovi qolgan 48 nafar abituriyent balidan yuqori bal yiqqan bo‘lsa, maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya qilinadi. Agar yetarli ball yig‘masa, umumiy tanlovda ishtirok etishi mumkin. Viloyatning chekka hududlarida chet tillar, tarix, matematika fanlaridan dars beradigan malakali kadrlar nihoyatda kam. Shu bois ham viloyatimiz uchun boshqa viloyatlarga qaraganda ko‘proq maqsadli kvota ajratilgan.
Joriy o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l, Taxtako‘pir, Mo‘ynoq va Ellikqal’a tumanlariga maqsadli qabul uchun Nukus davlat pedagogika institutida 11 ta ta’lim yo‘nalishida 61 ta joy ajratildi. O‘rinlar asosan matematika, fizika va astronomiya, kimyo, biologiya, tarix hamda informatika o‘qitish metodikasi, xorijiy til va adabiyoti, ingliz tili, shuningdek, boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish yo‘nalishlaridan iborat.
Maqsadli tayyorlanayotgan kadrlar 3 yildan 10 yilgacha tegishli hududlarda ishlab berishi kerak.
Fayoza AVLAYEVA