Muallif masala mohiyatini to‘la tushunmagan
Ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlarga to‘sqinlik qilayotgan muammolar qatori test sinovlarini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga ham ko‘proq e’tibor qaratishga intilyapmiz. Jumladan, gazetamizning shu yilgi sonlarida “Abituriyent tajriba quyonchasimi?” (23-yanvar), “Test qanday bo‘lishi kerak?” (6-fevral) sarlavhali maqolalar chop etildi. Ularda mualliflar chet tilini bilish darajalariga qo‘yilayotgan talablar, test sinovlarida foydalaniladigan savollarni tayyorlash bilan bog‘liq ayrim tushunarsiz holatlar xususida o‘z e’tirozlarini bildirgan edi. Masalaga ikkinchi tomonning ham munosabatini bilish maqsadida mazkur maqolalar yuzasidan Davlat test markaziga murojaat etdik. Yaqinda tahririyatga javob xatlari keldi. Quyida ularning mazmuni bilan tanishishingiz mumkin. Gazetaning 2019-yil 23-yanvar sonida U.Muqimov muallifligida chop etilgan “Abituriyent tajriba quyonchasimi?” maqolasi bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Muallif maqolasida asosan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 395-sonli qaroriga muvofiq chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga beriladigan imtiyoz to‘g‘risida fikr yuritgan.
Birinchi navbatda qarorning asl mohiyati muallif tomonidan to‘liq tushunib yetilmagan. Muallif “B2 darajani o‘qitish uchun sharoit bormi?”, “B2 darajani o‘qitadigan malakali o‘qituvchilar bormi?”, “B2 darajani egallashga o‘rgatadigan darsliklar bormi?” degan savollarni o‘rtaga tashlagan. Mazkur savollarga javob sifatida aytish mumkinki, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lish majburiy emas. Bu faqat xohlovchilar uchun, agar fuqaro chet tilidan sertifikatga ega bo‘lishni istamasa, uni hech kim ayblamaydi.
Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha davlat ta’lim standartini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2013-yil 8-maydagi 124-sonli qarorida chet tiliga ixtisoslashmagan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini tugatayotganlar B1, chet tillarga ixtisoslashgan akademik litseylar bitiruvchilari B1+ daraja bilan bitirishlari belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 395-sonli qarorida 2019/2020-o‘quv yilida chet tili birinchi asosiy fan sifatida kiritilgan oliy ta’lim muassasalari, Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavr yo‘nalishiga kirish imtihonlarida imtiyozga ega bo‘lish uchun B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish kerakligi qayd etilgan.
Qayta bo‘lsa ham yaxshilab tushunib olishimiz kerak, bu majburiy test emas, balki ixtiyoriy hisoblanadi. Eslatish kerakki, yuqorida qayd etilgan Vazirlar Mahkamasining 124-sonli qaroriga asosan o‘quvchi o‘rta ma’lumot bilan ta’lim muassasasini B1 va B1+ darajasida bitirib chiqadi. Imtiyoz esa bilim darajasi yuqoriroq bo‘lgan talabgorlarga beriladi.
Agar talabgor maktab, kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyni shu yili bitirayotgan bo‘lsa va u o‘zi o‘qigan ta’lim muassasasida B2 darajada chet tilini o‘rganishga sharoit yo‘qligini da’vo qilsa, ta’lim muassasasini shu yili bitirayotgan boshqa abituriyentlar bilan oliy ta’lim muassasalariga kirish testlarini (birinchi yili) bepul topshirish huquqiga ega. Bunda kirish test topshiriqlari B1 darajada bo‘lishi ta’minlanadi.
Oliy ta’lim muassasalariga kirish sinovlaridagi test topshiriqlari, yuqorida aytib o‘tilganidek, B1 darajada bo‘lishi belgilangan — u xoh birinchi blok savollari bo‘lsin, xoh uchinchi. Qiyinlik darajasi ham bir-biridan farq qilmaydi. Faqatgina fanning qaysi blokda ekaniga qarab, har bir to‘g‘ri javobga beriladigan ballar bir-biridan farq qiladi(3,1; 2,1; 1,1).
Chet tilini bilish darajasini aniqlovchi test sinovlarida foydalaniladigan topshiriqlar mentalitetimizga to‘g‘ri keladigan mavzularda tuziladi. Jarayonda talabgordan mavzuni aniq va chuqur yoritish so‘ralmay, balki tilni bilishi, so‘zlarni to‘g‘ri ishlatishi, grammatik xatolarsiz yozishi tekshiriladi.
Muallifning “B2 darajasidagi test sinovlarida C1 darajadagi topshiriqlar beriladi” degan nuqtayi nazari ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Davlat test markazi tomonidan tuzilgan savollar ekspertiza va aprobatsiyadan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, ekspertlar dunyoning chet tilini bilish darajasini baholovchi nufuzli tashkilotlarida (Cambridge assessment, British Council, Goethe institut va boshqalar) muntazam malaka oshirishadi.
Davlat test markazi shakllantirgan testlar sifati va darajasi ushbu tashkilotlar tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi. Shundan keyingina ulardan qaysi darajali sertifikat olish uchun foydalanishi ko‘rsatilgan holda ruxsat beriladi.
Muallifning navbatdagi mulohazasiga javoban aytish mumkinki, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lish uchun o‘tkaziladigan test sinovi topshiriqlari va oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishlatiladigan topshiriqlar bir-biridan keskin farq qiladi.
Oliy ta’lim muassasasiga kirish sinovlarida abituriyentlar bir-biri bilan raqobatlashadi va bu — tanlab olish mexanizmi. Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikat uchun o‘tkaziladigan sinovlarda esa talabgorlar shu tilni ko‘rsatilgan darajada bilishlarini tasdiqlab berishadi, xolos.
Shu sababdan ham imtiyoz uchun B2 daraja talab qilish taklif etilgan. Agar kirish imtihonlarida abituriyentlarning faqatgina B1 darajasi borligini tasdiqlab berishi nazarda tutilganda edi, unda Vazirlar Mahkamasining 124-sonli qaroriga muvofiq maktab, kasb-hunar kolleji yoki akademik litsey bitiruvchilari o‘zlari tahsil olgan ta’lim muassasasini B1 daraja bilan bitirar va ularning test sinovlarida qatnashishi ham mantiqsizlik bo‘lar edi. Shuningdek, ularning o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi diplomi yoki shahodatnomasi ularda B1 darajasi borligini tasdiqlab turgan bo‘lar edi.
Oxirgi savolga keladigan bo‘lsak, muallif bu yerda ham masalaning asl mohiyatini to‘la tushunib yetmagan ko‘rinadi.
Dunyoning chet tilini bilish darajasini baholash bo‘yicha eng nufuzli tashkilotlari tomonidan beriladigan sertifikatlar bilan imtiyoz berish — bu dunyo hamjamiyatiga integratsiyadan dalolatdir.
Agar faqatgina Davlat test markazi tomonidan beriladigan sertifikat asosida imtiyoz berilaverganda, bu monopoliyaga olib kelardi va monopoliya oqibatlari yaxshilikka olib kelmasligini barchamiz yaxshi bilamiz.
Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan chet tilini bilish darajasini baholash sinovlari bu daromad manbayi emas. Talabgorlar tomonidan to‘lanadigan to‘lov barcha bosqich sinovlariga sifatli tayyorgarlik ko‘rish, jarayon shaffofligini, adolatliligini ta’minlash, himoyalangan sertifikat blanklariga yo‘naltiriladi. Davlat test markazi budjet tashkiloti hisoblanadi va asosiy maqsadi xalqqa xizmat qilishdan iborat.
Shuningdek, xalqaro imtihon tizimlari sertifikatlarining tan olinishi, o‘z navbatida Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan chet tilini bilish darajasini baholash sinovlarining sifat, shaffoflik jihatdan yanada yuksalishiga turtki bo‘ladi.
Davlat test markazining
chet tilini bilish va egallash
darajasini baholash boshqarmasi