Bu masala kun tartibida turibdi
Gazetaning 2019-yil 6-fevral sonida O.Quvondiqov va R.Rajabov muallifligida chop etilgan “Test qanday bo‘lishi kerak?” nomli maqola mutaxassislarimiz tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Davlat test markazida Testologiya, pedagogik o‘lchovlar va ilmiy-metodik kadrlar tayyorlash bo‘limi tashkil qilingan bo‘lib, test topshiriqlarini aprobatsiyadan o‘tkazish, test topshiriqlarining validligi, yaroqliligi va ishonchliligi bo‘yicha statistik tahlil o‘tkazish, shuningdek, rivojlangan mamlakatlardagi testologiya fani yutuqlari va ularni milliy test tizimi bilan bog‘lash, ularning tajribasi asosida takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Ularning faoliyati, o‘z navbatida, fan mutaxassislari bilan o‘zaro bog‘langan bo‘lib, bo‘lim tomonidan fan ekspertlariga pedagogik o‘lchovlar nazariyasi asoslari, test tuzish metodikasi va ekspertizasi kabi mavzularda seminarlar o‘tkaziladi.
Maqolada nazarda tutilganidek, to‘g‘ri topilgan test topshiriqlarining javobi uchun qabul qilingan balning hozirgacha xalqaro standart bo‘yicha ta’rifi yo‘q. Ammo rivojlangan mamlakatlar tajribasiga ko‘ra aytganda, bu mavzuda ham qator tajribalar qilingan va ular o‘rganilgan. Bu jarayonlar milliy test tizimimizda aprobatsiya tadbirlari orqali o‘rganilgandan keyin ularni o‘zimizda qo‘llash mumkinligini alohida ta’kidlash kerak.
Bugungi kun talabidan kelib chiqib, test topshiriqlarini shakllantirishda faqatgina yopiq turdagi test topshiriqlari bilan cheklanib qolmasdan, ochiq turdagi va ko‘p javobli test topshiriqlaridan foydalanish masalasi ham kun tartibida turibdi. Hozirda ochiq turdagi test topshiriqlarini tayyorlash va aprobatsiya jarayonidan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ishimizning bir qismi sifatida, umumta’lim fanlari bo‘yicha IV bosqich Respublika fan olimpiadasida ham ochiq turdagi testlardan foydalanilayotganligini keltirib o‘tish mumkin.
Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlarida foydalanish uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha fan mazmuni tarkibi va abituriyentlar tayyorgarligi darajasiga qo‘yiladigan talablar kodifikatori va tafsilotlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ularda test topshiriqlari I, II, va III qiyinlik darajasida shakllantiriladi. Bunda barcha tildagi test topshiriqlarining bir xilligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlat test markazining
test texnologiyalarini
rivojlantirish boshqarmasi