Test — 2019: kelmayotgan nazoratchilar
Bu yilgi test sinovlariga o‘tgan yilgidan ertaroq start berildi. 29-iyul kuni boshlangan kirish imtihonlari endi 15 kun emas, 18 kun davom etishi rejalashtirilgan.
Test sinovlarining birinchi kuni respublikamizdagi 66 ta binoda imtihon bir vaqtda — 1-smenada 8:00 dan 11:20 ga, 2-smenada 15:00 dan 18:20 ga qadar davom etdi. Dastlab test sinovlari o‘tkaziladigan binolar soni 69 tani tashkil etishi rejalashtirilgan edi, biroq abituriyentlar soni rejadagidan kam bo‘lgani sabab imtihonlar 66 ta binoda o‘tkazildi. Imtihonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro viloyati va Toshkent shahridagi bittadan zaxiradagi binolarda o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.
— Toshkent arxitektura-qurilish institutiga hujjatlarimni topshirdim. Bu yil o‘qishga kirish uchun uchinchi bor urinishim. Uchta yo‘nalishga hujjat topshirganim uchun ko‘nglim to‘q, — deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidan kelgan abituriyent Behruz Saydullayev. — Test sinovi “O‘zko‘rgazmasavdo” majmuasida bo‘lib o‘tdi. Binoda barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, yozning issiq kunlari konditsionersiz katta sig‘imdagi xonada imtihonlarni o‘tkazish ancha qiyin bo‘lardi. Xayriyatki, biz imtihon topshirgan binoda bunday holatlar bo‘lmadi. Bundan tashqari, “bunker”, “x variant” yoki “rektor guruhlari” kabi noqonuniy xatti-harakatlarni ham sezmadim. Chunki bu yil faqat bir oliy ta’lim muassasasi yoki muayyan fakultetlarni bir joyga to‘plagan holda imtihonlar o‘tkazilmayotgani turli noqonuniy ishlarning ham oldini olyapti, chamamda.
Abituriyentlar kech qolmaydi, shunchaki ushlanib qolishadi
Test sinovlarining birinchi kuni respublika miqyosida umumiy hisobda 71 340 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etishi kerak edi. Biroq shundan 2 538 nafari imtihonlarda qatnashmadi. Birinchi kun uchun natija yomon emas. Har kuni 2 500 dan ortiq abituriyent imtihonda ishtirok etmasa, 18 kun ichida 45000 abituriyent bir yilda bir keladigan imkoniyatdan mahrum bo‘ladi, degani. Jumladan, Toshkent shahrida 734, Samarqand viloyatida 310 hamda Farg‘ona viloyatida 241 nafar abituriyent test sinovlariga kelmagan.
— Test sinovlarining birinchi kuni tartib-qoidalarni buzgani sababli 13 nafar abituriyent hududga kirish joyida, 53 nafari binoda test sinovlaridan chetlashtirilgan, — deydi Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov. — Aytish kerakki, abituriyentlardan tashqari guruh nazoratchilaridan ham kelmaganlar bo‘ldi. Chunki test sinovlarini o‘tkazishga ta’lim muassasalaridan 2 622 nafar guruh nazoratchisi jalb etilgandi, afsuski, 46 nafar nazoratchi imtihon jarayonida ishtirok etmadi.
Ikkinchi kun tafsiloti
Test sinovining ikkinchi kuni birinchi yarmida 35 670 abituriyent imtihon topshirishi kerak edi. Test sinovlariga kelmaganlar soni 945 nafarni tashkil qilmoqda. Afsuski, ikkinchi kuni ham 1-smenaning o‘zida 39 nafar guruh nazoratchisi ishtirok etmagan. Aslida imtihon jarayonlari tartibli o‘tishi, ko‘ngilsiz voqealar sodir bo‘lmasligi va shaffoflikni ta’minlashda aynan guruh nazoratchilarining hissasi katta emasmi?
Onlayn kuzatamiz
“O‘zbektelekom” AK tomonidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish test sinovi jarayonlarini onlayn kuzatish uchun Android tizimida ishlovchi telefonlarga mo‘ljallangan mobil ilova ishlab chiqildi. Ana shu ilova orqali test jarayonlarini bemalol xohlagan yerda turib kuzatish imkoniga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, test sinovlarini https://test2019.uz/ saytida TAS-IX tizimida ham kuzatib borishingiz mumkin. Shuningdek, imtihonni televizor orqali onlayn ravishda Visat Explorer telekanali orqali ham tomosha qilish imkoni mavjud.
Imtihon natijalari bir kunda chiqadimi?
Test natijalari abituriyent imtihon topshirgan kunning ertasiga, ya’ni kunning ikkinchi yarmida e’lon qilinadi. Abituriyent necha ball to‘plaganini dtm.uz saytidagi o‘zining shaxsiy kabinetiga kirib ko‘rishi mumkin. Abituriyentlarning o‘qishga kirgan yoki kirmagani esa barcha test sinovlari yakunlangandan so‘ng bir haftaning ichida e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Fayoza TO‘RA qizi