AES mutaxassislari O‘zbekistonda tayyorlanadi
Iqtisodiyotning tez sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minlash, aholining elektr energiyasiga kun sayin ortib borayotgan ehtiyojini qondirish, kelgusida arzon va ekologik toza elektr energiyasini hosil qilishning istiqbolli sohalarini belgilab olishni davrning o‘zi talab qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-noyabrdagi “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2018-yil 19- iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori orqali O‘zbekistonda atom elektrostansiyasini (AES) qurish va yaqin kelajakda mamlakatni elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlash chora-tadbirlari belgilab berildi.
Mazkur hujjatlarda atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘plab xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish, atom energetikasi sohasidagi tadqiqotlarni, jumladan, yadro texnologiyalari, radiatsion ekologiya bo‘yicha izlanishlarni kuchaytirish, yadro texnologiyasi va yadro energetikasi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash asosiy vazifa qilib belgilandi.
Bugun respublikamizda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 70 mlrd kVt/soat. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi miqdori esa 55 mlrd kVt/soat. Bu esa mamlakat ehtiyojining taqriban 80 foizini tashkil qiladi yoki aholi jon boshiga 1650 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilyapti degani. O‘zbekistonda yadro energetikasidan foydalanishning qator istiqbolli jihatlari ham mavjud. Masalan, atom energetikasidan foydalanilsa, million tonnalab ko‘mir va neft mahsulotlari tejalib, atrof-muhitning ifloslanishiga barham beriladi. Mamlakatdagi yuzlab ishlab chiqarish korxonalari va sanoat markazlarini yetarlicha ekologik toza va bir necha barobar arzon elektr energiyasi bilan ta’minlashga erishiladi. AESlar uchun sarflangan xarajatlar eng uzog‘i bilan 8-9 yilda to‘liq o‘zini qoplaydi va keyingi yillarda
AES mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish uchun xizmat qiladi. Eng asosiysi, yadro yoqilg‘isi xomashyosi — uranning respublikamizda yetarlicha zaxirasi mavjud. Atom elektrostansiyasini muvaffaqiyatli ekspluatatsiya qilish, texnik jarayonlarni boshqarish, xavfsizlikni ta’minlash hamda nazorat qilish eng asosiy masala hisoblanadi.
Bugungi kunda yadro energetikasiga bo‘lgan ehtiyoj tez sur’atlar bilan ortib bormoqda. Dunyoda hozir 435 blokli 192 ta AES ishlab turgan bo‘lsa, ma’lumotlarga qaraganda, o‘nlab mamlakatlarda yana 30 dan ortiq reaktorlar qurilmoqda. Insoniyatning energiya zaxiralariga bo‘lgan ehtiyoji hozirgidek davom etsa, 2030-yillarga borib, 900 dan ortiq energiya blokli atom elektrostansiyalaridan foydalanish zaruriyati tug‘iladi. 2050-yillarga borib esa insoniyatning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini ham, zarur bo‘lgan AESlar sonini ham tasavvur qilish qiyin emas. Bu AESlarni ekspluatatsiya qilish, xavfsizligini ta’minlash uchun yuzminglab yuqori malakali mutaxassislar talab qilinadi degan gap.
Respublikamizda qurilayotgan 2 blokli AESda ishlash uchun kamida 4,5-5 ming nafar yuqori malakali mutaxassis taklif etiladi. Bunday malakali mutaxassislarni tayyorlash asosiy dolzarb muammo bo‘lib turibdi. To‘g‘ri, Moskva fizika instituti, Moskva davlat universiteti, Moskva fizika-texnika instituti kabi Rosatom tizimidagi yadroviy texnologiyalar va yadroviy energetika sohasida yetakchi bo‘lgan markazlarda ham kadrlar tayyorlash imkoniyatlari katta va ular tayyorlanmoqda. Ammo bu bilan masalani to‘liq hal qilib bo‘lmaydi. Shu sababli respublikamizdagi O‘zFA Yadro fizikasi instituti va kadrlar tayyorlash salohiyati yuqori bo‘lgan universitetlarda atom energetikasi sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadga muvofiq.
Prezidentimiz O‘zbekistonda AES qurish rejasi haqida to‘xtalib “Ma’lumki atom elektr stansiyasini qurish va undan foydalanishda eng zamonaviy va murakkab texnologiyalar qo‘llaniladi. Buning uchun esa yuqori saviyali va chuqur bilimga ega bo‘lgan mutaxassislar kerak”, deb ta’kidlagan edi. Atom energetikasi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda, birinchi navbatda, nafaqat respublikamizda, balki dunyoda yadro fizikasi sohasida ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgan Yadro fizikasi instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti bu borada yetarlicha ilmiy-texnikaviy imkoniyatlarga ega.
Samarqand davlat universiteti “Yadro fizikasi” kafedrasida va kafedra qoshidagi Yadro fizikasi laboratoriyasida eng zamonaviy o‘quv va ilmiy uskunalar, qurilmalar, sintillyatsion detektorlar ishlab turibdi. Kafedraning iqtidorli talabalari, doktorant va professor-o‘qituvchilari O‘zbekistonning turli hududlaridan olingan tabiat namunalari tarkibidagi radiatsion aktivlik darajasini yuqori aniqlikda o‘lchashga erishmoqda. Xuddi shunday tajribalar respublikamiz hududidagi ichimlik suvi va o‘simliklarda ham o‘tkazilmoqda.
O‘tkazilayotgan eksperiment natijalari asosida respublikamizda radiatsion holat bo‘yicha monitoring ishlari olib borilmoqda. Asosiy maqsad kelgusida mamlakatimizning barcha hududini (jumladan, daryo va ko‘llarni ham) qamrab olgan holda radiatsion aktivlik xaritasini tuzishdan iborat. Shu maqsadda kafedrada faoliyat ko‘rsatayotgan tayanch doktorantlar, ikkita mutaxassislik (fizikaviy ekologiya, atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, tezlashtiruvchi texnika) bo‘yicha tahsil olayotgan magistrantlarning dissertatsiya mavzulari ham atmosferadagi radionuklidlar tushuvi, qurilish materiallarida radiatsion xavfsizlikni baholash, havodagi radioaktiv nuklidlarning hajmiy va solishtirma faolligini o‘rganish kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi. Bitiruvchi magistrantlar va yosh xodimlar Belorussiya Fanlar akademiyasi Yadro texnologiyalari instituti, Moskva fizika instituti Yadro fizikasi laboratoriyasi, Sankt-Peterburg muhandislik texnika instituti va Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli universitetlariga aspirantura va ilmiy stajirovkalarga yuborildi. Iqtidorli yosh mutaxassislar Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti(BYTI)da MAGATE tashkilotining granti hisobidan “Yadro texnologiyalari bo‘yicha ilmiy stajirovkani o‘tab keldilar va BYTI bilan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida hamkorlik qilinmoqda. Shuningdek, fakultetning eng iqtidorli talabalari ichidan yadro fizikasi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlariga layoqati bo‘lgan talabalar saralanib, ularni kelgusida atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, yadro texnologiyalari va yadro energetikasi, yadroviy qurilmalar, radiatsion ekologiya sohalarida malakali mutaxassislar etib tarbiyalash rejalashtirilgan.
Samarqand davlat universitetida atom energetikasi sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash borasida ishlar reja asosida olib borilmoqda. Birinchi navbatda, fizika bakalavriat ta’lim yo‘nalishining o‘quv rejasiga fizikaviy ekologiya (radiatsion ekologiya), yadro texnologiyalari va yadro energetikasi fanlari kiritildi. Bu fanlardan ma’ruza, laboratoriya mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirildi. Fizikaviy ekologiya fanining dasturiga tabiiy va antropogen radiatsion fonning shakllanishi, radioaktiv nuklidlarning turli obyektlarda tarqalishi, atrof-muhitning radioaktiv ifloslanishi, atom energetikasinig radioaktiv chiqindilari, yadro reaktorlari, yadroviy nurlanishlarning hosil bo‘lishi va ulardan himoyalanish kabi dolzarb mavzularda talabalarga ma’ruzalar o‘qilmoqda. Hozir yadro texnologiyalari va yadro energetikasi fani o‘quv dasturlari bilan ta’minlandi. Bu fanni yuqori kurs talabalariga ixtisoslik fani sifatida o‘qitish mo‘ljallangan.
Xuddi shuningdek, magistratura mutaxassisliklari o‘quv rejalariga ham bir qator fanlar kiritildi. Masalan, fizika (fizikaviy ekologiya) mutaxassisligi o‘quv rejasiga dozimetriya asoslari va radiatsion ekologiya, ionlovchi nurlanishlar va ulardan himoyalanish fanlari, atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, tezlashtiruvchi texnika mutaxassisligi o‘quv rejasiga yadro reaktorlarining fizik asoslari, yadro elektronikasi kabi fanlar kiritildi. Bu fanlar bo‘yicha o‘quv laboratoriyalari ham tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, fizika yo‘nalishidagi barcha magistratura mutaxassisliklari talabalariga yadroviy nurlanishlarning moddalar bilan o‘zaro ta’siri fanini o‘tish mo‘ljallandi. Talaba va magistrantlarning o‘qitilayotgan fanlarni chuqurroq anglab yetishi, olgan nazariy bilimlarini mustahkamlashiga ko‘maklashish maqsadida laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish va mazkur magistratura mutaxassislik fanlari bo‘yicha o‘quv laboratoriyalarini eng zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash borasida MAGATE xalqaro tashkiloti bilan hamkorlik qilinmoqda. Bunday hamkorlik doirasida tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha texnik hamkorlik direktori va MAGATE ekspertlari ishtirokida 2019-yil may oyida o‘tkazilgan seminar-treninglarda atom energetikasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, magistratura mutaxassisliklari o‘quv rejalariga yadro texnologiyasi va yadro energetikasiga oid fanlarni kiritish va keyingi o‘quv yilidan boshlab yadro elektronikasi, dozimetriya asoslari va radiatsion ekologiya va yadro reaktorlarining fizikaviy asoslari kabi o‘quv laboratoriyalarini tashkil etish hamda ularni eng zamonaviy uskuna va qurilmalar bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
R.ESHBO‘RIYEV, Samarqand davlat universiteti “Yadro fizikasi” kafedrasi mudiri