O‘zbekistonda OTMlar soni bittaga ko‘paydi
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi qaroriga ko‘ra, yurtimizda yana bir OTM — Qo‘qon universiteti tashkil etildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bergan ma’lumotda aytilishicha, universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti bo‘lib, ta’lim faoliyatini 2019/2020-o‘quv yilidan boshlaydi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari mehnat bozori ehtiyoji hamda ta’lim muassasasining moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Qarorga muvofiq, universitetda nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlarini joriy etish, respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash, xorijning ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish, o‘quv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish, ta’lim jarayoniga yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb etish, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish hamda professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, jumladan, ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida oshirish kabilar yangi tashkil etilgan OTMning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi.
Shuningdek, universitetda ta’lim jarayoni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiriladi. Darslar o‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘tiladi. Bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan diplom beriladi.
Iroda TOSHMATOVA