OTM talabalarining 62 foizi “3” bahoga o‘qiydi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbar-xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi. Anjumanda 2019-2020-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining o‘rnatilgani borasida ma’lumotlar taqdim etildi hamda jurnalist, bloger hamda talabalarning savollariga javob berildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonovning ta’kidlashicha, 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab to‘lov-kontrakt qiymati miqdori ikki xil ko‘rinishda — “stipendiyali” va “stipendiyasiz” etib belgilanishi talabalarga to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratadi, aholining keng qatlami uchun oliy ta’limning hammabopligini ta’minlaydi. Stipendiyasiz qiymat miqdorlari, har oylik talabaga to‘lanishi belgilanayotgan 400 000 so‘m, bir yilda jami 4 800 000 so‘mni chegirib tashlash hisobiga shakllantiriladi. Misol uchun, bakalavriatning pedagogika ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladigan talaba bu o‘quv yilidan boshlab, stipendiya bilan 10 792 960 so‘m, stipendiyasiz 5 992 960 so‘m miqdorida to‘laydi. Bundan tashqari, endilikda kontrakt summasini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari to‘lov muddatini uzaytirish vakolatiga ega bo‘ladi.
Yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorining 18 foizga oshirilishi oliy ta’lim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdori (o‘tgan o‘quv yilida 3 marotaba), kommunal xizmatlar tariflari va boshqa xarajatlar oshgani holda, oliy ta’lim muassasalari xarajatlarining daromadlariga nisbatan 74 foizga o‘sgani bilan izohlandi.
— Bir talaba uchun oliy ta’lim muassasasining yillik xarajati stipendiya bilan taxminan 15 million so‘m, stipendiyasiz esa 11 million so‘mni tashkil etadi, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov. — Hozirgi to‘lov-kontrakt miqdori esa o‘qitish xarajatining o‘rtacha 68 foizini qoplaydi, xolos. Undan tashqari, yildan yilga oliy ta’limga qamrov ko‘rsatkichi ortib borishi oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar va o‘quv binolari quvvatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ehtiyojga olib keladi, bu esa o‘z navbatida qo‘shimcha xarajatlarni talab etadi.
Anjuman davomida stipendiya uchun belgilangan qiymat bo‘yicha ham savollar o‘rtaga tashlandi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yurtimiz oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘rtacha 62 foizi “3” bahoga o‘qiydi. Tabiiyki, amaldagi tartibga ko‘ra, qoniqarli baho uchun 380 ming so‘m atrofida stipendiya to‘lanadi. Oliy ta’lim muassasalari jamoatchilik kengashi bergan xulosalarga asoslangan holda endilikda davlat granti va to‘lov-kontraktda o‘qiydigan barcha talabalarga bir xil — 400 ming so‘m stipendiya beriladi. Lekin yaxshi o‘qigan, ilmiy va jamoatchilik ishlarida faol qatnashgan talabalarga OTM rektorlari tomonidan stipendiyaning 50 foizigacha (200 ming so‘mgacha) miqdorda qo‘shimcha rag‘batlantirish tartibi joriy qilinadi. Bunday qo‘shimcha stipendiyani kimga berishni rektorlar hal qiladi.
Hozir bitiruvchi kurs talabalariga eski tizim saqlab qolinadi, ya’ni ular avvalgidek “3”, “4”, “5”lik stipendiya oladi.
Yana bir yangilik shu bo‘ldiki, davlat grantida o‘qiyotgan talabalar agar semestr yakunida 30 foizdan ortiq fanlardan 3 baho olsa, kelgusi semestrda stipendiya olish huquqidan mahrum bo‘ladi. Prezident stipendiyasi va nomdor stipendiyalarni olgan talabalar uchun stipendiya miqdori saqlab qolinadi.
Abror UMARQULOV,
“Ma’rifat” muxbiri