Eng “saxiy” xalqaro ta’lim stipendiyalari
Bugun biror nufuzli oliy o‘quv yurtida ta’lim olib, yetuk kadrga aylanish oson emas. Buning uchun yetarlicha bilim va mablag‘ zarur. Keyin sarflangan ushbu mablag‘ning mo‘maygina oylik maosh to‘lanadigan ish topish hisobiga qoplanishi uchun yanada ko‘proq bilim talab etiladi. Ayniqsa, chet tilini biladigan va xorijdagi universitetlardan birining diplomiga ega yoshlarning zarur mutaxassis sifatida istalgan korxona-tashkilotga osongina ishga qabul qilinishi hech kimga sir emas.
Oliy o‘quv yurtini tamomlagach, magistratura bosqichini xorijda davom ettirib, bilim va tajribasini yanada oshirish, o‘z sohasining yetuk mutaxassisiga aylanishni kim ham istamaydi deysiz?! Ammo buning uchun yetarlicha pul zarurligini ko‘pchilik yaxshi biladi. Biroq aksariyat insonlar chet elda o‘qish pulining bir qismi yoki barchasini to‘laligicha qoplab beradigan xalqaro ta’lim stipendiyalari borligidan bexabar. Davlatlar yoki yirik kompaniyalar tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu stipendiyalar xorijda o‘qish istagidagi yigit-qizlarning orzularini ro‘yobga chiqarish bilan birga ta’lim olish jarayonidagi yashash xarajatlarini ham qoplaydi.
Shunday stipendiyalardan eng nomdori va keng ko‘lamlisi Fulbright dasturi bo‘lib, oylik to‘lov miqdori 2500—2900 AQSh dollaridan oz emas. Davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu xalqaro stipendiya xorijlik talabalarga AQShda ikki yillik magistratura bosqichida ta’lim olish imkonini beradi. Dastur, shuningdek, aspirantlarga universitet hududida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish uchun grantlar ajratadi.
Bugun jahonda yuqori maqomga ega Fulbright dasturiga 1946-yili AQShning Arkanzas shtati sobiq senatori Jeyms Uilyam Fulbrayt asos solgan. O‘sha kezlari AQSh va boshqa davlatlar aholisi o‘rtasidagi madaniy-ilmiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida joriy etilgan dastur davlat departamenti ko‘magida moliyalashtirilgan. Vaqt o‘tib, dastur ko‘lami kengaydi va uning yordamida 300 mingdan ortiq ilmiy salohiyati yuqori, rahbarlik qobiliyatiga ega yoshlar yetishib chiqdi. Ular hozirgacha boshqa mamlakatlardagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy tashkilotlar faoliyati bilan tanishish, jahon xalqlari bilan fikr almashish va umumiy loyihalarni amalga oshirishda faollik ko‘rsatmoqda. Dastur ko‘magida o‘z hayotini ilm-fanga bag‘ishlagan millionlab olimlar dunyoning turli burchaklarida insoniyatga nafi tegadigan ilmiy tadqiqotlar bilan band.
Hozir ushbu xalqaro ta’lim stipendiyasi jahonning 155 davlatida amal qiladi. U har yili dunyo bo‘yicha 8 mingta grant e’lon qiladi. Dastur tashkilotchilari bitiruvchilari bilan har qancha faxrlansa, arziydi. Zero, ularning 41 nafari Nobel mukofoti, 28 nafari Makartur jamiyati granti sohibi, 78 nafari esa mashhur Pulitser mukofoti laureatlari hisoblanadi.
Fulbright dasturi haqiqatan yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochadi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. U talabalarning AQShdagi o‘qish pulini to‘lab berishdan tashqari, ularga oylik stipendiya ajratadi. Dastur g‘oliblarining har biriga bepul tibbiy sug‘urta ham taqdim etiladi.
Stipendiyani qo‘lga kiritishga ahd qilgan talaba bakalavriat bosqichining oxirgi yilidayoq hujjatlarni to‘plashga bel bog‘lashi lozim. Chunki stipendiya uchun hujjatlar har yilning 15-mayiga qadar qabul qilinadi. Talabgordan onlayn ariza to‘ldirish hamda bir qancha hujjatlar, xususan, reyting daftarchasidan ko‘chirmalar (diplomga ilova), diplomlarning skanerdan o‘tkazilgan nusxalari (ingliz tiliga tarjimasi bilan), universitetdagi professor-o‘qituvchilardan yoki ish beruvchilardan uchta tavsiyanoma, rezyume yoki qisqacha tarjimayi hol, pasportning bio-ma’lumotlar ko‘rsatilgan sahifasi nusxasi, TOEFL va GRE/GMAT testlaridan olingan baholari talab etiladi. O‘tish bali 80 dan yuqori bo‘lishi lozim. Stipendiyani olishda yosh chegaralangan bo‘lib, unda 30 yoshdan kichik talabalar ishtirok etishi mumkin.
Ushbu xalqaro ta’lim stipendiyasi ayrim cheklovlarga ega. Ya’ni stipendiya g‘oliblari tahsil oladigan universitetini o‘zi tanlamaydi. Dastur qoidalariga ko‘ra, ishtirokchilar bilim darajasi, qobiliyati asosida yoki shunchaki, tasodifan AQShdagi biror universitetga joylashtiriladi. Dastur tashkilotchilari mamlakatdagi deyarli barcha universitetlar bilan amaliy hamkorlik o‘rnatgan bo‘lsa-da, stipendiya g‘oliblari har doim ham o‘zi istagan oliy o‘quv yurti talabasiga aylanmaydi. Ayrimlarning hatto kichkina shaharchadagi kichik universitetda o‘qishiga to‘g‘ri keladi. Ammo buning vahimali joyi yo‘q. Chunki dastur doirasidagi hech bir oliy o‘quv yurti ta’lim jarayoni va sifatiga ko‘ra bir-biridan deyarli farq qilmaydi.
Ta’lim jarayonida ham yigit-qizlarga o‘qish vaqtida 2 haftadan uzoq muddatga AQSh hududidan chiqmaslik, biror joyda ishlashga urinmaslik kabi qator qat’iy talablar qo‘yiladi. Ulardan birortasiga rioya qilmagan talabaning granti o‘sha zahoti bekor qilinadi. Ushbu mamlakatda viza bo‘yicha ham cheklovlar mavjud. Talabaga J-1 shaklidagi viza berilgani bois o‘qishni tamomlagach, unga mamlakatda qolib, o‘z sohasi bo‘yicha ishlashiga ruxsat berilmaydi.
Yevropadagi Erasmus Mundus xalqaro ta’lim dasturi ham dunyoning turli mamlakatlaridagi universitetlar talabalariga bir necha oydan ikki yilgacha bo‘lgan muddatdagi magistratura bosqichida bepul o‘qish imkonini beradi. Yevropa ta’limini ilgari surish va jahonning barcha oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga yo‘naltirilgan ushbu dasturning oylik to‘lovi 1000 yevroni tashkil etadi. Albatta, Yevropada magistratura bosqichida o‘qishga taklif etuvchi bu kabi dasturlar ko‘p, biroq Erasmus Mundus o‘qish va imtihonlar to‘liq ingliz tilida olib borilishi bilan ajralib turadi. Xalqaro stipendiya talabaning o‘qish puli va boshqa barcha xarajatlarini qoplab beradi.
Stipendiyani qo‘lga kiritish uchun talaba o‘zi istagan universitet va ta’lim yo‘nalishini tanlashi hamda uning barcha talablarini to‘liq bajarishi lozim. Ishtirokchilardan rezyume to‘ldirish, o‘zi tahsil olayotgan ta’lim dargohidan tavsiyanoma, ingliz tilidan topshirgan test natijalari va, eng muhimi, ushbu stipendiyani olishdan ko‘zlangan maqsadi bayon etilgan ingliz tilidagi insho talab etiladi. Hujjatlarni topshirish muddati tanlangan oliy o‘quv yurtiga bog‘liq, ammo ular taxminan har yilning dekabr–yanvar oylarida qabul qilinadi.
Buyuk Britaniyadagi Chevening stipendiyasi taklif etadigan magistratura bosqichi ta’limi atigi bir yilni tashkil etadi. Dastur ichiga kiruvchi ta’lim yo‘nalishlari ham u qadar ko‘p emas. Ammo Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi va bir qancha homiy tashkilotlar moliyalashtiradigan stipendiyaning 1000 funt-sterlingi talabaning barcha sarf-xarajatlari — borish-qaytish chiptalari, viza va har oy to‘lanadigan stipendiyani o‘z ichiga oladi. O‘qish va yashash nihoyatda qimmat bo‘lgan ushbu mamlakatda bir yil bepul tahsil olishning o‘zi ham katta imkoniyat.
Stipendiyani qo‘lga kiritish istagidagi yigit-qizlar bakalavr yoki undan yuqori ta’lim darajasiga ega bo‘lishi lozim. Ish staji muhim emas. Ammo nomzodlar orasida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lganlar alohida e’tiborga olinadi.
Agar siz ham ushbu stipendiya uchun hujjat topshirmoqchi bo‘lsangiz, Academic IELTS testidan olgan natijalaringiz 6,5 balldan kam bo‘lmasligi kerak. IELTS o‘rniga uning o‘xshashlari — PTE Academic, TOEFL, CEA test natijalari ham qabul qilinadi. Asosiy xulosa talabaning mavzu bo‘yicha ingliz tilida yozgan inshosi hamda og‘zaki suhbatga qarab beriladi. Boisi aynan shu jarayonlarda yigit-qizlarning ingliz tilidan bilimi qay darajada ekani ma’lum bo‘ladi. Stipendiya uchun hujjatlar har yilning noyabr oyiga qadar qabul qilinadi.
AQShdan farqli o‘laroq, bu yerda talaba o‘qishni tamomlagach, darhol o‘z yurtiga qaytishi shart emas. Unga mamlakatda ikki yilgacha qolish va ishlash imkoni beriladi.
Jahonga mashhur Kembrij universitetida tahsil olishni istamaydigan yoshlar bo‘lmasa kerak. O‘qish badali nihoyatda baland turuvchi ushbu oliy o‘quv yurtida 3 yillik aspirantura yoki 2 yillik magistratura bosqichida ta’lim olish imkoniyatini beruvchi Geyts stipendiyasi ta’sis etilgan. 2000-yili Bill va Melinda Geyts tomonidan asos solingan stipendiyaning yillik to‘lovi 14 600 funt-sterling. Ushbu katta miqdordagi mablag‘ talabaning o‘qish, yashash, viza va yo‘l xarajatlarini to‘liq qoplaydi.
Stipendiyani qo‘lga kiritish uchun joylarda juda katta raqobat kechadi. Dunyoning turli burchaklaridan ariza topshirgan 4 mingdan ortiq ishtirokchi orasidan 90 nafar baxtli talabagina Kembrij universitetida bepul o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Raqobat kuchli bo‘lishi barobarida hujjatlarni saralash jarayoni ham qat’iy amalga oshiriladi. To‘ldirilgan hujjatlardagi oddiy grammatik xato ham ishtirokchiga qarshi ishlashi mumkin. Shu bois ularni diqqat bilan ko‘zdan kechirish zarar qilmaydi.
Talaba stipendiya uchun salkam bir yil oldin talabnoma to‘ldiradi. Unga ariza, ta’lim bo‘yicha hujjatlar, bir yoki bir nechta tavsiyanoma, GRE/GMAT testi natijalari ilova qilinadi. Hujjatlar orasiga ishtirokchining tadqiqot ishi g‘oyasi hamda akademik ishlaridan namunalar kiritilsa, yanada yaxshi. Barcha zarur hujjatlar dekabr oyining boshiga qadar qabul qilinadi.
Buyuk Britaniyadagi yana bir nufuzli ilm dargohi — Oksford universiteti ham Pershing Square stipendiyasi orqali ushbu afsonaviy universitetda o‘qish orzusidagi yoshlarga MBA dasturi asosida biznes sohasida ikki yillik magistratura bosqichida o‘qish imkoniyatini taqdim etadi. Stipendiya Pershing Square Foundation tomonidan moliyalashtirilib, yillik to‘lov miqdori 13 ming funt sterlingni tashkil etadi. Bu mablag‘ talabaning o‘qish va yashash xarajatlarini to‘liq qoplaydi.
Nomzodlarni tanlashda asosiy e’tibor ishtirokchilarning shaxsiy xususiyatlari — intiluvchanligi, maqsad yo‘lida sobitqadamligi, rahbarlik imkoniyatlari hamda fe’l-atvoriga qaratiladi. Bularning barchasi “Men dunyoni o‘zgartirishni istayman” mavzusidagi ingliz tilida yozilgan insho va og‘zaki suhbatda ko‘rsatib berilishi lozim.
Stipendiyani qo‘lga kiritishda ishtirokchining maktab va universitet davridagi akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari muhim rol o‘ynaydi. Nomzod o‘zi o‘qiyotgan oliy o‘quv yurtida eng iqtidorli talabalar safida bo‘lishi lozim. Chunki Oksfordga yaxshilar orasidan eng yaxshilar saralab olinadi. Stipendiya uchun barcha zarur hujjatlar har yili mart oyining birinchi yarmiga qadar qabul qilinadi.
Demak, xorijda o‘qish istagidagi yoshlar xalqaro stipendiyalarni qo‘lga kiritish uchun harakatni maktab davridayoq boshlashi zarur. Chunki qabul komissiyasi a’zolari ko‘p hollarda nomzodlarning maktabda erishgan yutuqlari va universitet davrida olgan mukofotlarini baholaydi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.