Taklif inobatga olinadi
Gazetamizning shu yil 26-iyun sonida “Abituriyent haq bo‘lib chiqsa...” nomli maqola e’lon qilingandi. Maqolada muallif Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 3-bobi apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangani, biroq to‘qqiz banddan iborat bu bobning biror joyida ham abituriyent haq bo‘lib chiqsa, nima qilishi haqida hech narsa yozilmaganini ta’kidlab, o‘z taklif-mulohazalarini bildirgandi. Tahririyatga bu masala yuzasidan Davlat test markazi direktori o‘rinbosari K.Haqberdiyev imzosi bilan xat keldi. Quyida uning mazmuni bilan tanishishingiz mumkin:
“Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-fevraldagi 130-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, Davlat test markazi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga muvofiq amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 3-bobida test sinovlari natijasi bo‘yicha berilgan apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish tartibi belgilangan. Unga muvofiq, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlarning shikoyat arizalari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Nizomning 60-bandida apellyatsiya komissiyasining qarori bo‘yicha ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga apellyatsiya jarayoni to‘liq tugaganidan so‘ng besh ish kuni ichida taqdim etilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 17-avgustdagi 241-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respubikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi to‘g‘risida nizom”ning IV bandida Komissiyaga:
kirish imtihonlari (test sinovlari) natijalarini apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining taqdimnomasi bo‘yicha kirish imtihonlarini (test sinovlarini) o‘tkazish va ularning yakunlarini chiqarishda yo‘l qo‘yilgan tashkiliy va texnik (hujjatlashtirishdagi) xatolarni tuzatish natijalari bo‘yicha abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish huquqlari berilgan.
Yuqoridagi sanalgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi test sinovlari natijasi bo‘yicha berilgan apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Apellyatsiya komissiyasini tasdiqlaydi va uning xulosasi asosida abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha qaror chiqaradi.
Muallif tomonidan bildirilgan takliflar kelgusida test sinovlarini tashkil etish tartibiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish jarayonida inobatga olinishi mumkin”.