Beshovlondan biri adolatni topdi
Gazetamizda chop etilgan “Adolat qidirayotgan beshovlon” sarlavhali maqola qahramonlarining talablari ro‘yobga chiqa boshladi.
Avvalo, beshovlon kim ekanligini yana bir bor eslasak: ular Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchilari O‘.To‘xtamishev, Sh.Abdurashidov, S.To‘xtayev, G.Markova va S.Xudoyqulov bo‘lib, ular institut rektorining 2018-yil 28-martdagi “Mehnat shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risida”gi buyrug‘i mehnat qonunchiligidagi qator talablarga mos kelmaganligi tufayli yuqori tashkilotlarga shikoyat qilishga majbur bo‘lgandi.
Avvalo, shikoyatchilar (aslida ularni shikoyatchi deb atashga til bormaydi) murojaatlarining mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning yoshi 60—80 atrofida bo‘lib, ishdan nohaq bo‘shatilgani tufayli haqiqatni izlayotgan hamyurtlarimizdir. Adolat qidirgan bu beshovlon sudning quyi tizimidan adolat topolmagach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Ulardan biri — G.Markovaning shikoyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining shu yil 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. Da’vogar G.Markova Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektorining 2018-yil 23-martdagi 71-Sh-sonli buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topish, uni bekor qilish hamda o‘zini ishga tiklash, majburiy progul kunlari uchun ish haqi hamda ma’naviy zarar undirish bo‘yicha murojaat qilgan.
Bundan avval Samarqand shahar sudining 2018-yil 16-maydagi hal qiluv qarori bilan da’vogarning da’vo talablarini qanoatlantirish rad qilingan. Aslida, bu ish anchagina “ko‘lamli” bo‘lib, ko‘pdan buyon davom etib kelayotgan mashmasha edi. Negaki, shikoyatchilarning fuqarolik huquqlari dastlabki bosqichdayoq — Samarqand iqtisodiyot va servis instituti kasaba uyushmasi tashkilotining 2018-yil 15-martdagi 1-4 “O” sonli qarorining O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi rayosatining 2016-yil 19-apreldagi 2-11-sonli qarori asosida tasdiqlangan tartibga zidravishda tasdiqlangani bilan izohlanadi. Pensiya yoshiga to‘lgan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish mehnat qonunchiligida ko‘zda tutilgan bir qator talablarga zid ravishda amalga oshirilgan. Oqibatda jabrdiydalar viloyat hokimligi, huquq-tartibot organlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat etishga majbur bo‘lgan.
Ulardan qay biri bilan suhbatlashmang, birortasi mansab, amal uchun emas, poymol bo‘lgan huquqi, qadri uchun kurashayotganini, bu kurash biror-bir kimsaga qaratilmagani, beg‘araz ekanini ta’kidlaydi.
Galina Markovaning shikoyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ko‘rib chiqilib, tegishli huquqiy xulosaga kelindi: uning huquqlari tiklanib, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplash yuzasidan sud qarori e’lon qilindi.
Shu o‘rinda ayrim mulohazalar kishini o‘yga toldiradi. O‘z haq-huquqlarini himoya qilgan vatandoshlarimiz qatori Galina Markovaning haq-huquqini tiklash yuzasidan Oliy sud alohida ajrim chiqardi. Unda 2007-yildan boshlab mehnat shartnomasi asosida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi sifatida ishlab kelgan fedagogning haq-huquqi tiklangani tilga olinadi. Afsuski, bunga qadar ushbu “ish”ni ko‘rib chiqqan, o‘zicha qonuniy xulosaga kelgan Fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudi qarori, so‘ngra Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Gapni cho‘zib o‘tirishdan foyda yo‘q: nohaqlik qurbonlaridan biri — Galina Markovaning qonuniy haq-huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan tiklandi. Umid qilamizki, tez orada qolgan jabrdiydalarning ham haq-huquqlari tiklanadi.
Hakim JO‘RAYEV