Bizga qanday magistratura kerak?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23-avgust kuni xalq ta’limi muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi ma’ruzasi, hech mubolag‘asiz, o‘nlab yillar davomida tizimda yig‘ilib qolgan, o‘z yechimini kutayotgan masalalarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, mamlakatimizning istiqbolini belgilaydigan eng muhim strategik maqsadlarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Haqiqatan ham bugungi maktab ertangi mamlakatdir. Ma’lumki, Davlatimiz rahbari xalq ta’limining samaradorligi, sifat ko‘rsatkichlari bir qator omillarga bog‘liqligini yana bir bor bandma-band qayd etdi. Tahlil qildi. Vaziyatni o‘nglash yo‘llarini mutasaddilarga alohida uqtirdi.
Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sifatining sayozlashib qolishida, oliy ta’lim tizimining ham ma’lum bir darajada aybi bor albatta. Chunki ta’limning mazkur pog‘onalariga tarbiyachi va muallimlar oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanadi. Xalq ta’limi tizimidagi muammolarning yechimi, muayyan darajada pedagog kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga bog‘liq bo‘lib, uning yuqori nuqtasi oliy ta’limning magistratura bosqichidir. Magistr diplomi sohiblarining bir qismi oliy ta’lim dargohlarida bakalavrlarni o‘qitadigan ustoz bo‘ladi. Bo‘lg‘usi maktab o‘qituvchisining bilim darajasi va saviyasi birinchi navbatda oliy ta’lim muassasalari magistrining salohiyatiga bog‘liq. Chunki maktab muallimini, ya’ni, bakalavrni tayyorlashda magistr ishtirokini inkor etib bo‘lmaydi. Bir qarashda bu ko‘zga tashlanmaydigan omil, lekin aslida ko‘plab muammolarimizning bosh sababidir.
Ta’lim tizimi va sifatli ta’lim shu jumladan, oliy ta’lim tizimi birinchi navbatda mamlakat farovonligi, xalq hayotining sifat darajasini belgilaydi. Maqolamizning boshidayoq shuni aytishni istar edimki, magistratura ta’limining o‘zimizga munosib modelini qabul qilmasdan turib, ta’lim-tarbiyaning barcha bosqichlarida qo‘yilgan maqsadga erishish mushkul. Afsuski, shu paytgacha oliy ta’limning bu bosqichini asl mohiyatiga munosib ahamiyat bermay, unga yengil-elpi qarab kelinmoqda.
Shu o‘rinda tahlilni ta’lim tizimi islohotlarining yaqin tarixidan boshlamoqchiman. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari oxiriga kelib, oliy ta’limning besh yillik tizimidan ikki bosqichli (bakalavr, magistr) tizimiga o‘tar ekanmiz, bakalavrlar o‘zining malakasi bilan an’anaviy besh yillik ta’lim mutaxassislarining o‘rnini bosadi, magistrlar esa oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy-pedagog kadrlar safini to‘ldiradi, deb o‘ylagan edik. Afsuski, o‘tgan davr mobaynida bizning bu umid va ishonchlarimiz oqlanmadi.
To‘g‘risini aytganda, maktabning unchalik chuqur bo‘lmagan bilim berishi negizida, to‘rt yilda yuqori malakali mutaxassis tayyorlashning o‘zi juda murakkab masala. Bakalavr bu muddat ichida umumiy ma’lumotlarnigina o‘zlashtirishi, yuzaki ta’lim olishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, hozirgi ilm-fan erishgan yutuqlar nuqtai nazaridan qaraganda ham bunday qisqa muddat ichida mutaxassis egallashi lozim bo‘lgan bilim va kompetensiyalarni o‘ziga singdirib olishi amri mahol. Bakalavrlar mehnat bozorining asosiy qismini tashkil qilmoqda. Bu haqiqatni hisobga olsak, ularni qisqartirilgan mutaxassislik dasturlari asosida tayyorlash jiddiy amaliy ixtisoslashuvni talab etishini inkor etib bo‘lmaydi. Bunday mutaxassislar malakasini qiyomiga yetkazish uchun tegishli, mos, iqtisodiyot tizimlari shakllanib rivojlangan va o‘z malaka oshirish tuzilmalariga ega bo‘lishi kerak. Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning hali zaruriy me’yoriga to‘laqonli yetkazilmaganligisharoitida va iqtisodiy tuzilmalar yosh mutaxassisning amaliy ko‘nikmalarini ta’linlaydigan imkoniyatning shakllanmaganligi ham bunga salbiy ta’sir etmoqda.
Ko‘p bosqichli oliy ta’lim tizimi rivojlangan mamlakatlarda, talaba haqiqiy professional bilimni magistratura bosqichida yoki ish beruvchining malaka oshirish tuzilmasida egallaydi. Chet el tajribalari shuni ko‘rsatadiki, bakalavr o‘qishni tugatib, ishlashi uchun aksariyat hollarda tegishli kasb uyushmasining sertifikatini olishi lozim. Masalan, ular maktabda o‘qituvchilik qilishi uchun qo‘shimcha, jiddiy pedagogik tayyorgarlikdan o‘tadi. Masalan, Buyuk Britaniyada talabgor maktab o‘qituvchisi huquqiga ega bo‘lish uchun fanning qaysidir sohasi bo‘yicha universitet bakalavr darajasini oladi, undan so‘ng maxsus tayyorlov kursini o‘tadi va malakali o‘qituvchi maqomiga egaligini tasdiqlovchi maxsus sertifikatni qo‘lga kiritgach, pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi. Fransiyada ham o‘qituvchilar tayyorlash tizimi taxminan shunday. Oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi amal qiladigan mamlakatlarda professional malaka to‘g‘risidagi hujjatlar (tartibga ko‘ra, talabgorning o‘qishni tugatib, ixtisosligi bo‘yicha ma’lum muddat ish tajribasiga ega bo‘lganidan so‘ng) tegishli professional jamiyatlar tomonidan beriladi. Ayniqsa, malaka sertifikati berish talabiga ta’limning texnika-texnologiya yo‘nalishlarida qattiq amal qilinadi.
AQSh va boshqa mamlakatlarning, oliy ta’limning ikki bosqichli tizimiga o‘tishi, o‘sha zamonning ma’lum talablari va shakllangan imkoniyatlari asosida amalga oshirilgan. Jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy soha yuqori malakali oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan yetarli darajada to‘yingan sharoitda, jamiyatda oliy ma’lumotga ega bo‘lishga talab va qiziqish orta borgan. Vujudga kelgan bunday talabni qondirish va cheklangan malaka talab etadigan vazifalarni bajaruvchi mutaxassislar bilan mehnat bozorini to‘ldirish uchun oliy ta’limning nisbatan qisqa va oddiy, birinchi bosqichi – ommaviy tarzda mutaxassislar tayyorlovchi, bakalavriat tizimi kiritilgan. Aslida, ta’limning bakalavr darajasi muayyan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha keng ommaga akademik oliy ta’lim berish maqsadida kiritilgan bo‘lib, chuqur kasbiy mahoratni oliy ta’limning keyingi bosqichi bo‘lmish magistratura berishi ko‘zda tutilgan. Shu asosda, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalardagi jiddiy masalalarni hal etish, tegishli sohalarni chuqur va har taraflama keng o‘rgangan magistrlar zimmasiga yuklatilgan. Magistraturani tugatganlar soni ham bu talablarga mos kelgan. Vaqt o‘tishi bilan bakalavr va magistrlar tayyorlash nisbati bakalavrlar tayyorlash hisobiga ko‘payib borgan.
Oliy ta’limning magistrlik bosqichi turli mamlakatlarda, turli davrlarda oliy ta’limning ilmiy daraja beruvchi bosqichidan atigi chuqurroq kasbiy mahorat beruvchi ikkinchi bosqichi sifatida talqin etib kelingan. Dunyoda bir bosqichli oliy ta’lim tizimidan ikki bosqichliga o‘tgan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mamlakat iqtisodiyotining muayyan bosqichdagi holati va talabiga qat’iy mos keluvchi magistratura modeligina oliy ta’limda ikki bosqichli tizimning qabul qilinishini oqlashi mumkin. Aks holda, ikki bosqichli tizimga o‘tishdan kutilgan ijobiy samara o‘rnini sohadagi jiddiy yo‘qotishlar egallaydi. Men buni alohida ta’kidlashni istayman.
O‘quvchida, ushbu maqola muallifi magistratura ta’lim turiga qarshi ekan, degan fikr tug‘ilmasligi kerak. Bu haqda men ko‘p marta o‘z munosabatimni bildirganman. Jahon globallashuv jarayonining oliy ta’limdagi hosilasi bo‘lmish ikki bosqichli ta’lim tizimini qabul qilishimiz muqarrarligini hisobga olsak, magistratura bosqichi albatta bo‘lishi kerak. Masala mamlakat rivojlanishining bugungi bosqichida magistraturaning qaysi modeli samarali ekanligi haqida.
1997-1998-yillarda O‘zbekistonda amaldagi magistratura tizimining kiritilishidagi konseptual xato shundan iboratki, o‘shanda magistratura – asosan oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlarining zaxira kadrlarini tayyorlaydi, degan g‘oyani qabul qilinishidir.
Mana shunday holatda, respublikamiznig ijtimoiy-iqtisodiy tuzulmalari ehtiyojini qondirish u yoqda tursin, hatto magistratura oldiga qo‘yilgan asosiy vazifani bajarish ham qoniqarli bo‘lmadi. Natijada, magistraturaning mana shunday bitiruvchilari hisobidan kafedralar shakllana boshladi, ishlab chiqarish esa tegishli to‘laqonli kasbiy mahoratli manbaasiz qoldi. O‘tgan davr tajribasi shuni ko‘rsatadiki, magistraturaning bunday modelini qabul qilishga hali erta edi. Mazkur model ham shubhasiz hayotbaxsh, lekin uning qabul qilinishi uchun o‘zgacha tayanch sharoitlar bo‘lishi kerakki, bunday imkoniyat vaqti kelib shakllanadi.
Mening nazarimda, 1998-yil magistraturaning hozirgi, harakatdagi konsepsiyasi qabul qilinishi uchun bakalavrlarning boshqacha sifat darajasi, ta’lim sifati madaniyati, aholining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi, jamiyatning malakali mutaxassislar bilan to‘yinganligi, maktabning faoliyat sifati ancha yuqoriroq bo‘lishi kerak edi. Bu omillardan birortasining ham bo‘lmasligi, oliy ta’limni ikki bosqichliga o‘tilishini murakkablashtirishi aniq. Aholining oliy ma’lumot bilan qamrovi 10 foizgacha, oliy malakali mutaxassislarning mutlaqo yetishmovchiligi, iqtisodiy islohotlarning tugallanmaganligi va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari sifatini baholay olishga qodir zamonaviy ish beruvchilar yetarli darajada shakllanmagan sharoitda, O‘zbekistonda o‘tish davrida, magistratura, oliy ta’limning keyingi seleksion bosqichi bo‘lishi kerak xolos.
Ayni paytda va yaqin kelajakda bizga bakalavriatura bitiruvchilaridan jiddiy saralash natijasida shakllantirilgan va bir-ikki yil ichida, tor ixtisoslik yo‘nalishlariga bo‘linmagan holda, kasb fanlarini chuqur amaliy yondashish asosida o‘zlashtirgan, an’anaviy atama bilan aytganda, xalq xo‘jaligining(agronomiya, injeneriya, pedagogika va h.k.) tegishli sohalarida faol va innovatsion xizmat qilish saviyasiga qodir magistrlar zarur. Ulardan, ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish qobiliyatini namoyon qilgan magistratura bitiruvchilarining ayrimlari, o‘qishni doktoranturada davom ettirishlari yoki stajyor-tadqiqotchi maqomiga o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Jadal amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning kadrlarga bo‘lgan talabini bakalavrlargina qanoatlantira olmaydi. Ayniqsa, iqtisodiyotni shakllantiruvchi ta’lim yo‘nalishlari – muhandislik, mashinasozlik, qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va boshqalar. Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi bosqichida, asosiy maqsad – iste’molchilarning, o‘z kasbiy sirlarini chuqur o‘zlashtirgan mutaxassislarga bo‘lgan talabini qondirishdan iboratdir.
Umumkasbiy ma’lumotgagina ega bakalavrlar va umumilmiy ma’lumotga ega magistr mutaxassislar bilan iste’molchilar talab-ehtiyojini qondira olmaymiz. Natijada iste’molchilarimizning asosiy qismi haqiqiy oliy ma’lumotli mutaxassislarsiz qolishmoqda. Magistrlarni tayyorlashning amaldagi maqomi sifatli mutaxassisni bera olmayapti. Magistraturaning bugungi asosiy maqsadi – ixtisoslik fanlarni chuqur amaliy yondashuv bilan o‘zlashtirgan mutaxassislar tayyorlashdan iborat bo‘lishi kerak.
Ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarimizdagi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan hozirgi talabni tegishlicha ta’lim olgan magistrlar qoniqtira oladi. Keyingi davrlarda, yillar osha, bog‘cha, umumiy o‘rta maktab va ularning negiziga tayangan bakalavr ta’lim turi o‘zgacha to‘yinganlik (mazmun) va sifat darajasiga yetgach va iste’molchilar bozori zaruriy oliy sifatli mutaxassislar bilan muayyan darajada ta’minlangandan keyin, bakalavrlar, balki mutaxassislarning asosiy qismiga aylanib, magistratura, ilmiy-ijodiy malaka beradigan oliy ta’lim turiga qaytar edi.
Amaldagi magistratura konsepsiyasi, magistrga tor ixtisoslik bo‘yicha ilmiy-amaliy yo‘nalishda ta’lim berishni ko‘zda tutadi. Ammo ikki bosqichli ilmiy daraja va stajyor-tadqiqotchilikning amaliyotga qaytishi bilan magistraturadagi tor ixtisoslikka mantiqiy ehtiyoj qolmadi.
Afsuski, muhokama uchun taqdim etilgan magistratura to‘g‘risidagi Qaror loyihasi asosan amaldagisining g‘oyalarini konseptual saqlab qolgan. Unda bo‘lg‘usi magistrantlarni ijodiy va ishlab chiqarish mutaxassislariga bo‘lib qabul qilish ko‘zda tutiladi. Seleksiya vaqtida kim va qanday qilib bakalavriatura bitiruvchilarini ijodiy va ishlab chiqaruvchilarga ajratadi, degan savol tug‘iladi. Bunday tanlovning samara berishi shubhali.
Magistrning ijodiy qobiliyatlari, tabiiy ravishda, o‘quv jarayonida ro‘yobga chiqadi. Oliy ta’lim muassasasi magistraturasining asosiy vazifasi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy sohasi ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdan iborat bo‘lishi kerak. Ilmiy pedagoglik kadrlar tayyorlash esa bu massivning hosilasigina xolos. O‘tgan yigirma yillik davr tahlili shuni ko‘rsatadiki, respublikaning aynan mana shu taraqqiyot bosqichi uchun magistraturaning taklif qilinayotgan varianti optimal bo‘ladi. Yillar o‘tib, islohotlarning kadrlarga bo‘lgan bugungi talablari qanoatlantirilganidan so‘ng magistraturaning boshqa variantini qabul qilish ham mumkin bo‘lar.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, magistr va bakalavr diplomi sohiblarining mehnat maqomini ham tegishli qonunlar bilan belgilab olish zarur. Negaki, bundan 20 yil muqaddam oliy ta’limning ikki bosqichli tizimini qabul qilganmiz-u, ammo bu ikki tur diplom sohiblarining egallashi mumkin bo‘lgan lavozimlari yoki maoshlari farqini tasdiqlamaganmiz (oliy ta’lim bundan mustasno). Oliy ta’lim bosqichlari diplom sohiblari mehnat maqomini qabul qilish va unga rioya qilish, magistraturaga tanlov darajasini jiddiy ko‘tarib, pirovardida magistr-mutaxassislar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu davr magistratura modelining asosiy maqsadi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar talablarini qoniqtiradigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdan iborat bo‘lishi kerak. Magistraturaga oliy ta’limning atigi keyingi bosqichi sifatida qaralishi samaraliroq. Bugungi kunda bakalavriaturaga qamrov 15-20 foiz bo‘lib turganda, magistraturaga, bakalavriaturani bitirayotganlarning taxminan 35-40 foizini qabul qilish rejalashtirilishi maqsadga muvofiq (birinchidan, bu mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalarning eng minimal talabi, ikkinchidan, bakalavriaturani tugallayotganlarning nisbatan sifatli qismini tashkil etadi).
Bakalavriaturaga qabul osha borishi bilan magistraturaga qabul rejasi kamayib, taxminan 50 foizga 10 foizni tashkil qilishi mumkin.
Oliy ta’lim tizimi islohotlar chorrahasida turibdi. Magistratura ta’lim modelining to‘g‘ri tanlanishi, mubolag‘asiz, nafaqat istiqbolimiz poydevorini ta’minlaydigan oliy ta’lim sifatini belgilaydi, balki ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarimizning kelajak o‘n yillardagi taqdirini ham hal etadi. O‘tgan 20-25 yillik oliy ta’lim islohi tajribasi buning amaliy tasdig‘ini ko‘rsatdi.
Rustam XOLMURODOV, Samarqand davlat universiteti rektori, professor
Manba: "O‘zbekiston ovozi" gazetasi