Respublika talabalar festivali
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan besh muhim tashabbus doirasida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida ilk marotaba respublika talabalar festivali tashkil etildi.
Ushbu tadbirning tantanali ochilish marosimi "Turkiston" san’at saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda professor-o‘qituvchilar, keng jamoatchilik va respublikamizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan faol talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Respublika talabalar festivali mamlakat tayanchi bo‘lgan yoshlarni bir joyga yig‘ibgina qolmasdan, ularni biri-birlaridan o‘rnak olib, tajriba va mahorat almashishga, yaqindan tanishib hamkorlikda mamlakatimiz taraqqiyoti uchun samarali ishlar qilishga chorlaydi.
Tadbir ishtirokchilarining o‘rtacha yoshi 18-25 bo‘lib, ular oddiy yoshlar emas, biri tibbiyotda ko‘plab yutuqqa erishgan bo‘lsa, biri axborot texnologiyalarini mukammal biladi, biri Vatanni madh etuvchi she’rlar yozadi, biri jo‘shib kuylaydi, yana biri tinimsiz kitob o‘qib tanlovlarda avtomobil yutib oladi. Biri Vatanimiz purviqor tog‘laridan ilhom olib rasm chizadi, yana biri ilm-fanda katta yutuqlarga erishgan. Biri sportda zafarlar qozonib, yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘tarmoqda.
Tadbir doirasida “Talabalar teatr studiyalari”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Yagonasan, muqaddas Vatan” – she’riyat va qo‘shiqchilik yo‘nalishidagi ko‘rik-tanlovlar, mini futbol, uch kilometrga yugurish marafoni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. “Blogerlar klubi”, “IT ko‘rgazma” va “Dasturiy ta’minot” bo‘yicha tajribali mutaxassislarning mahorat darslari ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, “Annotatsiya mahorati” tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yini musobaqalari o‘tkaziladi.