Tafakkurda o‘zgachalik va talabaga ishonch
Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqdash to‘g‘risida”gi farmonida oliy ta’lim taraqqiyotini ta’minlovchi strategik harakatlarning aniq mazmun-mohiyati bayon etilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Milliy universitetini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning oliy ta’lim reytingi birinchi 500 talik ro‘yxatiga kiritish ana shunday muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. O‘zMUda ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan “Rektor va yoshlar” uchrashuvi belgilangan vazifalarning tizimli ijrosini ta’minlash borasida tashlanayotgan muhim qadamlardan biridir.
Islohotlarda talabalar ishtiroki muhim!
O‘zMU rektori professor Avazjon Marahimov tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvning mazmuni talabalar tafakkurida ta’lim islohotlariga xayrixohlik tuyg‘usini kuchaytirishga qaratildi. Zero, ko‘zlangan maqsadlarga erishish yo‘lida ularning islohotlar jarayonidagi ishtiroki muhim. Talabalar ta’lim islohotlarining harakatlantiruvchi kuchiga aylanishlari lozim.
Muloqot jarayonida universitet avangardlariga dunyoning yetakchi davlatlari oliy ta’lim muassasalari tajribalaridan ijodiy foydalanish samaralari aniq misollar vositasida ko‘rsatildi. Talaba tafakkuri konsepsiyada ko‘zlangan talablarga hamohang bo‘lsa, uning reallikka aylanishi yanada tezlashadi. Universitetdagi mavjud muammolarga tanqidiy ko‘z bilan qarash, bu borada ertangi kun egalariga quloq tutish va ularni islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, shubhasiz, ta’lim taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Talabalarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etiladi
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, oliy ta’lim dargohida tahsil olish jarayonida xalqaro ilmiy maydonga qadam qo‘yayotgan talabalar universitet rektori tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Talabalarning ilmiy maqolalarini dunyoning tan olingan nufuzli jurnallarida chop etish jarayonida bo‘lajak olimlarga ma’naviy va moddiy ko‘mak berish maqsadida maxsus fond tashkil etiladi. Nufuzli xalqaro jurnallarda maqolasi e’lon qilingan talabalar rag‘batlantiriladi.
Talabalarning xalqaro ilm maydoniga integratsiyasini ta’minlash jarayonida professor-o‘qituvchilar mas’uliyati yanada oshiriladi, rag‘batlantirish tizimi yanada takomillashtiriladi. Shu yo‘l bilan iqtidorli talabalar safini yanada kengaytirishga erishiladi. Eng muhimi, talabalar o‘zlari tahsil olayotgan universitetning xalqaro nufuzini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shadilar.
Muloqot jarayonida talabalarning taklif va mulohazalari tinglandi. Kelgusida universitet faoliyatini modernizatsiya qilish jarayonida talabalar ishtirokiga alohida ahamiyat qaratilishi belgilab qo‘yildi.
Jaloliddin YUSUBOV, iqtidorli talabalar bilan ishlash sektori rahbari